Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston musulmonlari idorasidagi yig‘ilishda nimalar muhokama qilindi?

O‘zbekiston musulmonlari idorasidagi yig‘ilishda nimalar muhokama qilindi?

Foto: «Muslim.uz»

14-aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida shoshilinch matbuot anjumani o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. «Xabar.uz» manbasining ma’lum qilishicha, «O‘zbekiston — diniy ma’rifat va qadriyatlar yurti» deb nomlangan tadbirni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov olib borgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan diniy sohaga berilgan imkoniyatlarni sanab o‘tib, muqaddas qadamjolar obod etilayotgani, turli hududlarda ochilgan 5 ta oliy diniy maktab va yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan Qur’on musobaqasi haqida alohida to‘xtalgan. Yaqin kunlarda o‘tkaziladigan Qur’on musobaqasining respublika bosqichini tashkillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining bayonnomasi tasdiqlanib diniy idoraga yuborilganini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasining raisi, muftiy Usmonxon Alimov so‘zga chiqib, hukumat tarifidan musulmonlarga yaratib berilgan imkoniyatlardan xursand bo‘lish bilan birga buning shukronasini ham qilish lozimligini eslatdi. Masjidlar ochilayotgani va odamlarning talabiga ko‘ra ularning soni 2050 tadan oshganini (bungacha masjidlar soni 2042 ta edi), Qur’on musobaqasi o‘tayotgani, Chilonzordagi qurilishi bitmagan masjidning qurilish ishlari oxiriga yetkazilib, unga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilishi kabi xayrli ishlarni bir-bir sanab o‘tdi.

Muftiy hazratlari pand-nasihat mazmuniga yo‘g‘rilgan nutqida ilm ahli va barcha musulmonlar chiroyli va hikmat bilan boshqalarga dinni, xabarni yetkazishi lozimligini alohida ta’kidladi. «Vaziyatni aniq bila turib noxolis axborot tarqatish o‘ta adolatsizlik, hozir bunaqalar kimning tegirmoniga suv quyayotganini bilmaydi, xorijdagi fitnachi OAVlarning ishi fitna-fasod, lekin o‘zimizdagi saytlarning bu ishga bosh qo‘shayotgani xatarlidir, bularga vaqtida javob berib chorasini ko‘rish kerak», — deb aytgan Usmonxon Alimov. Uning aytishicha, «internetda tarqatilayotgan, dinimiz yo‘lida yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan kamchilik izlab noto‘g‘ri talqin qilish fitna keltirib chiqaradi».

Muftiy hazratlari nutqini yakunlagach, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Sh.Minavarov so‘zga chiqib, markazning boshqaruv shtati, asosiy xodimlari shakllantirilganini ma’lum qildi. Islom sivilizatsiyasi markazi uchun xorijdan yurtimizga oid osori atiqalar, qo‘lyozmalarni olib kelish, nusxalarini yaratish bilan bog‘liq safarlar to‘g‘risida hisobot berdi. Bundan tashqari, aholidan noyob tarixiy narsalar to‘plana boshlagani haqida ham gapirdi.

Anjumanda so‘zga chiqqan Islom akademiyasi rektori N.Ibrohimov hozir yurtimizda diniy sohada tarixiy ishlar ketayotgani haqida misollar bilan gapirdi. Oradan yuz yil o‘tib diniy-ma’rifiy sohaga keng yo‘l ochib berilganini aytdi. «Agar imomlar xohlasa, ularda ilm, salohiyat yetarli, biz mavzu berib, ilmlarini (ilmiy ish sifatida) hujjatlashtirib, ularga doktor unvoni berishni o‘ylayapmiz», — dedi. Hozir akademiyada o‘qiyotganlar, ilmiy ish qilayotganlarning ilmiy salohiyatiga baho berib, kamchiliklarini sanab o‘tdi. «Tadqiqotchilar bizga ilmiy ish qilishga tayyor bo‘lib keladigan tizim qilishimiz kerak, ya’ni maktab, madrasa, ma’had, magistraturada hamma zarur fanlarni, tilni to‘liq biladigan mutaxassis bo‘ladigan ta’limni tashkil qilishimiz kerak», — dedi. Izlanuvchilar xorijiy tillarni yaxshi bilmasligini ta’kidladi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyotov Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatiga kirgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi «Imom Buxoriy saboqlari» jurnalini ingliz, rus, arab, o‘zbek tillarida chiqarish uchun xalqaro kelishuvga erishilgani to‘g‘risida gapirdi. Ayni paytda qurilishi yakunlanayotgan markazni jihozlash va unga zarur vositalarni olib kelish bo‘yicha ishlar olib borilayapti.

Imom Termiziy ilmiy tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Uvatov so‘zga chiqib, markazda 8 ta xodim, shundan 4 tasi Toshkentda, 4 tasi Surxondaryoda ishlashini aytib o‘tdi. U markaz faoliyati haqida to‘xtalarkan, bunda imomlar ko‘magiga ham suyanishini ta’kidladi. «Imomlar tayyor olim bo‘lib, ular bilgan narsani boshqalar bilmasligi mumkin. Ularning nutqi ravon, ammo ikki qator narsani yozib bera olmaydi. Shuning uchun men Samarqanddagi Imom Buxoriy nomidagi imomlarni qayta tayyorlash markazida ishlaganimda imomlarning tayyorlov kursini yakunlayotganda diplom yozib topshirishini joriy qildim. Mana, natija bo‘ldi, hozir qaysi kanalni qo‘ysang, imomlar bulbulday sayrab yotibdi. Ko‘rib, bu natijalarda mening ham hissam bor deb ko‘ngildan o‘tkazaman», — dedi. U, shuningdek, markazning xalqaro aloqalari haqida gapirdi. Ubaydulla Uvatovning ma’lumot berishicha, Saudiya Arabistonida joylashgan informatsiya va arab-rus tadqiqotlar markazi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, shu markaz bilan birgalikda 16 aprel kuni Toshkent islom universitetida «Imom Termiziy ilmiy merosining islom tamadduni rivojidagi ahamiyati» mavzusida ilmiy seminar o‘tkaziladi.

Anjumanda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin Eshonqulov ham so‘zga chiqib, hadis va kalom ilmi oliy maktablari faoliyati haqida gapirdi. Oliy maktablarda o‘tiladigan fanlar, yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Ayni paytda imomlardan iborat tinglovchilar 350 ta hadisni yod olganini alohida ta’kidladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Mirzo Kenjabek so‘z olib, bir nechta takliflarni o‘rtaga tashladi. Diniy idoraning Ulamolar kengashi talablarga umuman javob bermasligi, tarkibni mutaxassis ulamolardan tuzish kerakligini aytib o‘tdi.

«Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtiga alohida bino ajratish payti keldi. Hozir bu bilim yurtining yotoqxonasi, yashashga sharoiti yo‘q. Mana necha yillardan buyon talabalar o‘z o‘quv binosiga ega bo‘lmagani uchun turli joylarda — Olimpiya masjidida, O‘rikzorda o‘qib yuribdi. O‘qituvchi ayollarga, kerak bo‘lsa, oilasi bilan turadigan alohida yotoqxonalar berish kabi masalalarni hal qilish kerak», — dedi Mirzo Kenjabek.

Shuningdek, u o‘z nutqida quyidagi masalarni o‘rtaga tashladi:

— diniy ta’lim muassasalarini tugatganlar hatto arizani ham yozib bera olmaydi. Bunga alohida e’tibor berishimiz lozim;

— yurtimiz aholisi birinchi navbatda ahli sunna val jamoa va hanafiy mazhabini juda yaxshi o‘rganishi kerak, keyin qayerga borsa ham adashmaydi. Hozir hanafiyman deb unga zid amallar qilayotganlar, putini bir yarim metr kerib, g‘o‘dayib namoz o‘qiydiganlar ko‘paydi, diniy erkinlikni suiiste’mol qilayotganlar ko‘paydi. Endi imomlar o‘zining masjididagi jamoat ichiga kirib, ularning qanday namoz o‘qishini aniqlashi kerak. Hozir oqimlar yana g‘imirlab qoldi, bu juda xatarlidir;

— diniy ta’lim tizimi o‘quv dasturini tamoman qayta ko‘rib chiqish lozim. Boburning she’riy-fiqhiy «Mubayyan» kitobi diniy ta’lim darsligiga kiritilsa, talabalar ham adabiyotdan, ham fiqhdan bilimga ega bo‘lishadi;

— eski o‘zbek tiliga oid so‘zlarni lug‘atimizga qaytarishimiz kerak;

— hozir kitob nashri bozordagi olibsotarlar qo‘liga o‘tib ketayapti. Ularni men o‘g‘rilar deb atayman. Agar biz kitob ishini, nashrini ularga berib qo‘ysak, bu juda xatarlidir. Buni ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak.

«Xabar.uz»ga ma’lum qilishlaricha, soat 11:00 da boshlangan tadbir taxminan 13:35 da tugagan. Eslatib o‘tamiz, bundan bir qancha vaqt muqaddam O‘zbekiston musulmonlari idorasidagi bir tadbirda muftiy Usmonxon Alimov: «Endi majlislar, tadbirlar namoz vaqtlarda o‘tkazilmaydi, namoz vaqti kirib azon aytilib yotsa-yu, biz bu yerda o‘tirsak bo‘lmaydi. Biz majlis rejasini namoz vaqtlariga qarab tuzamiz», — degan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring