Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yodgorov Surxonga ketgandi. Nima gaplar?

Yodgorov Surxonga ketgandi. Nima gaplar?

O‘tgan hafta oxirida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov boshchiligida oliy mahkama sudyalari, viloyat sudi raisilari Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumani va Termiz shahar xalq qabulxonalarida aholi bilan ochiq muloqot va sayyor qabullar o‘tkazildi.

Sayyor qabullar xo‘jako‘rsinga o‘tkazilmayotgani, unda ko‘pgina fuqarolarning murodi hosil bo‘lib, xonadoni quvonchga to‘layotganini e’tirof etmaslik insofdan bo‘lmaydi. Aniq misol: bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urib, pushaymonlik o‘tida yonayotganlarning ko‘plari tayinlangan jazoni yengillashtirish uchun poytaxtga kelib, idorama-idora chopishayotgani yo‘q. Sud organlari mas’ullari o‘zlari joylarga chiqib, ularning muammosini tinglayapti, amaliy yechimlar topib, qonun doirasida masalani joyida hal etishyapti ham.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki kunlik sayyor qabulda 108 nafar fuqaroning murojaati tinglandi.

Shundan 23 nafar fuqaroning shikoyat arizasi nazorat tartibida o‘rganish, 7 nafar fuqaroning arizasi esa, viloyat va tumanlararo sudlarida ko‘rib chiqish uchun qabul qilib olindi. 38 nafar fuqaroga murojaati yuzasidan qonuniy tushuntirish berildi. 40 nafar fuqaroning muammosi joyida hal qilindi: 6 nafar (1 ayol va 5 erkak) jazoni o‘tash muassasidan ozod qilinib, oilasiga qaytarildi. 34 nafar shaxs ahloq tuzatish ishi, ozodlikdan cheklash kabi jazoni o‘tashdan shartli ravishda ozod qilindi.

Bundan tashqari sayyor qabullar jarayonida viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» markazi xodimlari bilan hamkorlikda notinch oilalar a’zolari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Ochiq muloqotda oilaning muqaddasligi, farzand tarbiyasida tutgan o‘rni haqida batafsil tushuntirish berildi va «Farzand omonat»  va «Ota»  nomli videofilmlar namoyish etildi. Natijada oltita nizoli oila tiklandi. Shuningdek, murojaatchilarning aliment undirish, bolalar tarbiyasi va uy-joy bilan bog‘liq muammolari hal etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring