Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yo‘l bo‘yidagi ayol: u kelayotgan va ketayotgan manzillar

Yo‘l bo‘yidagi ayol: u kelayotgan va ketayotgan manzillar

Foto: «Sog‘lom avlod» gazetasi

Ishga har kuni yo‘nalishli taksida qatnayman. Yo‘l-yo‘lakay atrofni tomosha qilib, odamlar tabiatini o‘rganaman. Shu bois kunda bir yangilikka duch kelishim aniq. Lekin bir holat borki, uni yangilik ham deb bo‘lmaydi. Shunchaki yechimini kutayotgan muammo...

Poytaxtimizdagi «Qo‘yliq», «Uchqahramon», «Chorsu» va yana bir qancha odamlar gavjum bo‘lgan maskanlar atrofidagi mardikor bozorida sargardon yurgan ayollarni ko‘rganimda, yuragim og‘riydi. Biroq bu safar ularning oldidan shunchaki o‘tib ketolmadim. Ayollar bilan suhbatlashishni, ularni qiynayotgan muammolarni o‘rganishni maqsad qildim.

– Ismim Mahbuba. Toshkent viloyati Parkent tumanida doimiy ro‘yxatda turaman. Mehribonlik uyida katta bo‘lganman. Kollejni tamomlaganimdan so‘ng bir o‘qituvchi ayol meni qaramog‘iga olib, turmushga uzatdi. Ikki yildan so‘ng erim yana bir xotinga uylanib, uni ham uyimizga olib keldi. O‘zi bazo‘r kun ko‘rayotgan edik, ahvol yanada og‘irlashdi. O‘sha paytda emizikli bolam bor edi. To‘yib ovqat yemaganimdan go‘dagim sutga to‘ymay har kuni chirillab yig‘lardi. Otasi esa beg‘am. Bu orada ikki kundosh tez-tez janjallashardik. Oxiri ikkimizdan birimiz uydan ketishimiz kerak bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im esa yosh xotinini tanlab, meni uydan haydadi. Shu bilan otalik «mas’uliyati»dan ham qutuldi.

Qo‘limda bir yoshli farzandim bilan vasiylikka olgan ayolning uyida bir muddat yashadim. U vafot etgandan so‘ng u yerga ham sig‘madim. Uy so‘rab mahallaga, hokimiyatga bordim. Lekin ular sansolarlikdan nariga o‘tishmadi. Mana 11 yildirki, uysizman. Katta olomon ichida ayol boshim bilan halol mehnat qilib, farzandimni boqayapman. Bolamning otasi biror marta ham holimizdan xabar olmadi, men-ku mayli, hatto jigarbandining taqdiriga ham qiziqmadi.

Mahbuba Sulaymonovaning so‘zlarini tinglab, uning bemehr turmush o‘rtog‘iga nisbatan qalbimda nafrat uyg‘ondi. Uning ota-onasiz o‘sgan ayolni xor qilib, o‘z bolasini yetim qoldirib, xotirjam yashayotganiga hayron qolasan kishi. Hali qirqqa kirmagan ayolning yuzlari ajin bilan qoplangan. Ko‘zlari ma’yus, hayotdan umidi so‘ngan.

Biz esa Mahbuba Sulaymonova ro‘yxatda turadigan Parkent tumanidagi «Qo‘shko‘prik» mahalla fuqarolar yig‘iniga sim qoqdik. Mahalla raisi bilan suhbatlashdik. Uning gapiga quloq tuting-a: «Men bu ayolni oxirgi marta 2006 yili ko‘rganman. Mahallamda ro‘yxatda turishini bilaman. Boshqa hech qanday ma’lumotga ega emasman. Qayerda, nima ish qilib yurganini kelib aytmasa, qanday yordam ko‘rsatishim mumkin? Qolaversa, u boshqa joyga turmushga chiqqan. Mahalladan hujjatlarini olib ketsa ham bo‘ladi».

Ana xolos, o‘z hududida ro‘yxatda turgan fuqaroni 2006 yildan buyon ko‘rmagan mahalla raisi haqida nima deyish mumkin?! Xullas, tanqidni davom ettirgandan foyda yo‘q. Oqsoqol Dilshod akaga masalani aniq qilib tushuntirdik. Ya’ni, odamlar ishonib saylagan vakil sifatida o‘z hududida yashaydigan fuqarosiga qanday yordam berishini so‘radik. Axir mahalla raislariga juda katta vakolatlar berilgan-ku.

Oqsoqol Mahbuba opa bilan tez kunda uchrashib, gaplashishga, nikohi bekor qilinmagan turmush o‘rtog‘ining uyiga olib borib, huquqlarini tiklab berishga va’da berdi. Natijani esa kuzatib boramiz.

– Ismim Ra’no. Surxondaryodan kelganman. Ikki nafar aqli zaif farzandim bor. Turmush o‘rtog‘imda shunday xastalik bo‘lgan. Buni u bilan yashay boshlaganimdan so‘ng bilganman. Bolalarim oldiniga sog‘lom edi. Bu irsiy kasallik bola katta bo‘lgach rivojlanarkan. Qizim 23 yoshda. Hozir Termiz shahridagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida. O‘g‘lim esa 18 yoshda. Uni yonimda olib yuraman. Har qancha urinsam ham o‘g‘limni shifoxonaga joylashtirishning imkoni bo‘lmadi. Otasining kasali qaytalanganida farzandimni ham, meni ham ayamay kaltaklaydi. O‘g‘limning ahvoli og‘irlashsa, u ham shu holga tushadi. Dorilarini vaqtida olib bermasam, kasalligi avj oladi. Bir tomonda qizimdan xabar olishim kerak. Otasi bir so‘m pul topmaydi, uning o‘ziga yordam kerak.

Xullas, o‘g‘limni olib, onamdan qolgan eski uyimga qaytdim. Erim ukalarining qaramog‘ida qoldi. Ularning o‘zi shu taklifni berishdi.

Eski uy o‘z nomi bilan eski. Elektr ta’minoti uzilgan, gaz yo‘q. Uyimning devorlari nuragan, qishga yaramaydi. Shuning uchun o‘g‘lim bilan poytaxtga kelib, ishlashga majbur bo‘ldim. Mardikorlik qilib topgan pulim kvartira ijarasi va qornimizni to‘yg‘azishga bazo‘r yetayapti...

Ra’no opaning so‘zlarini uzoq tingladik. U ayol bo‘lib bir ro‘shnolik ko‘rmagan. Bolalari xasta onaning joni azobda.

Ra’no opa yashaydigan Denov shahridagi Lolazor mahallasi raisi bilan bog‘landik. Mavluda opa ularning poytaxtga ketganidan xabarsiz ekanligini, 4 nafar ukasi borligi uchun ular yordam beradi deb o‘ylaganini aytdi. Shu paytning o‘zidayoq Ra’no opaning ukalari yashaydigan uyga bordi. Aytishicha, to‘rt o‘g‘il ham otasidan qolgan hovlida yashar ekan. Telefon orqali ularning suhbatini tinglar ekanman, «uvol senga erkaklik nomi» degim keldi. To‘rt ukaning birortasi «opamga yordam beraman, qaramog‘imga olaman» deb aytmadi. Hammasi o‘z oilasi, ro‘zg‘or tashvishi borligini aytib, opasi o‘z kunini ko‘rib yurganini uyalmasdan gapirishayapti.

Mahalla raisi Ra’no opaning uyini ta’mirlab, qarzlari to‘lovini hal etishni va uydagi barcha sharoitni yaxshilab berishni o‘z zimmasiga oldi.

Eh, siz ayollar... Mushkulotni o‘z zimmasiga olib turibdi. Aslida ularning o‘ziga tog‘dek suyanchiq kerak. Nahotki ukalar opasining bu ahvolda yurishini or bilmasa?! Bir yasharligida ko‘rgan farzandining bugungi ahvoliga qiziqmaydigan otani inson deyish mumkinmi?

Xurshida  Mahmadaminova, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Band bo‘lmagan aholini ishga joylashtirishni tashkil qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi:

– Mamlakatimizda 2018 yilning birinchi choragida 72 foiz aholi ish bilan band. O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 24 maydagi qaroriga muvofiq ayni paytda respublikaning har bir tumanida Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu markazlar ishlashni xohlovchi fuqarolar hamda mehnat munosabatlari bo‘yicha ma’lumot olmoqchi bo‘lgan fuqarolarga xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, uy bekalari uchun haq to‘lanadigan jamoat ishlari, hunarmandchilik, kasanachilik bilan shug‘ullanish, qolaversa, bank krediti hisobidan tadbirkorlik qilish imkoniyati mavjud.

Shu o‘rinda masalaning yana bir jihatiga to‘xtalsak. Mardikor ayollarning ko‘pi oilali, turmush o‘rtog‘i bilan yashaydi. Ro‘zg‘orni er-xotin baravar yuritishga harakat qilayapti. Ayollar bilan suhbatlashganimizda ular oylik maoshning ozligi, bo‘sh ish o‘rinlari yo‘qligini aytishdi. Demak, muammoni hal etish uchun hududlarda yaxshi maosh to‘lanadigan yangi ish o‘rinlarini yaratish lozim.

Oila muvozanati, ayol baxti – erkak zimmasida. Shunday ekan, aziz erkaklar, ayolingizni turmush sinovlaridan asrab, farzandlaringizni sog‘lom voyaga yetkazishga mas’ul bo‘ling!

Dildora Fayziyeva,
«Sog‘lom avlod» muxbiri

 «Sog‘lom avlod» gazetasining 25-sonidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring