Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yoqutistondagi o‘zbek mehnat muhojirlari xavfsizligi nazorat ostida

Yoqutistondagi o‘zbek mehnat muhojirlari xavfsizligi nazorat ostida

O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati Rossiyaning Saxa respublikasida (Yoqutiston) yuzaga kelgan notinch holat bo‘yicha ma’lumot berib o‘tdi.

Ayni vaqtda Saxa respublikasida notinch vaziyat yuzaga kelgan bo‘lib, bunga sabab sifatida rossiyalik qizning nomusiga tegilgani ko‘rsatilmoqda. Rossiya Federatsiyasi tergov qo‘mitasi bu jinoyatda uch nafar qirg‘izistonlik mehnat muhojirini ayblagan. Natijada Yoqutistonda notinchlik kelib chiqqan va O‘rta Osiyodan kelgan mehnat muhojirlariga nisbatan hujum holatlari kuzatildi.

Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida maxsus ishchi guruh tuzildi. Vazirlik tomonidan xabar qilinishicha, bugungi kunda Saxa respublikasida 11 250 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ishlab kelmoqda. Vazirlik xodimlari Yoqutistondagi o‘zbek diasporasi vakili Toshpo‘lat Yodgorov bilan aloqaga chiqdi. Uning ma’lumotiga ko‘ra bugungi kunda vaziyat qaltis emas, hamyurtlarimizning hayoti va sog‘ligiga nisbatan hech qanday xavf yo‘q. Ammo shunga qaramasdan Toshpo‘lat Yodgorov extiyotkorlikni yo‘qotmaslik va odamlar ko‘p to‘plangan joylarga extiyojsiz bormaslikka chaqirgan.

Shuningdek vaziyat Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Rossiya Federatsiyasidagi tashqi migratsiya agentligi vakili Saidno‘’mon Mansurov tomonidan nazorat ostida ushlab turilibdi. Uning xabariga ko‘ra, Saxa respublikasida vaziyat ancha barqarorlashgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Saxa respublikasida faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimizni qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish maqsadida ushbu raqamlarga murojaat qilishni so‘raydi:

Moskva shahri: +7 (903) 507-76-67
Toshkent shahri: +998 (71) 200-06-00.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring