Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yuraksiz qolgan Parij». Darvozasini iblis qurgan deyishardi

«Yuraksiz qolgan Parij». Darvozasini iblis qurgan deyishardi

Foto: «AFP»

Viktor Gyugodan qolgan adabiy meros bilan tanish yoshlar Notr-Dam de-Pariga o‘zgacha ishtiyoq bilan qaraydi. Ular minoraning vint shaklidagi 387 pog‘onali zinasini bosib o‘tib, Gyugo ta’rif bergan qo‘ng‘iroqxonani ko‘rishga tayyor. Tomdan turib o‘z mahbubasi bo‘lgan lo‘li qizni kuzatgan Kvazimoda yashashi mumkin bo‘lgan hujrada besh daqiqa vaqt o‘tkazish uchun yonidagi bor pulini ayamaydilar.

«Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi»ni o‘qimaganlar esa, shunchaki cherkovning arxitekturasi, qo‘ng‘irog‘u haykaltaroshlik namunalari, muhandislik yechimlarini hayrat bilan tomosha qiladi. 

15-aprel kuni Parij shahri markazida joylashgan Notr-Dam de-Pari katoliklar cherkovida yong‘in chiqdi. Cherkovdagi ochiq alangalanish to‘qqiz soatdan ortiq davom etdi. Yong‘in oqibatida ibodatxona shpili va tomi quladi. Bino karkasini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lindi. 

Notr-Dam de-Pari Site orolining sharqiy qismida, Parijdagi ilk xristianlar cherkovi — Avliyo Stefan o‘rnida joylashgan bo‘lib, qadimgi rimliklar xudosi Yupiter cherkovi poydevori asosiga qurilgan. Cherkovning gotika uslubida bunyod etilishi parijlik episkop Moris de Syullining (1163—1345-yillar) tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Shundan so‘ng bir necha asrlar davomida turli arxitektorlar tomonidan cherkov ko‘rinishiga o‘zgartirish kiritilgan. 

Cherkovga butun dunyo bo‘ylab mashhurlikni romantizmning asosiy ustunlaridan biri — fransiyalik yozuvchi Viktor Gyugoning «Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi» romani olib kelgan. Aynan shu roman dunyo yuzini ko‘rgach, inshootda joylashgan haykallar almashtirilgan, tashqi ko‘rinishi yaxshilab ta’mirlangan. Gyugoning o‘zi ushbu asari haqida «Mening asosiy maqsadim — millatning arxitekturamizga bo‘lgan muhabbatini uyg‘otish» degan edi. 

Cherkov balandligi 35 m, uzunligi 130 m, eni 48 metrga teng. Janubiy minoradagi Emmanuel qo‘ng‘irog‘ining og‘irligi 13 tonnani, uning tili esa — 500 kilogrammni tashkil etadi. 

Mazkur tarixiy ob’yekt Fransiya davlatining xususiy mulki hisoblanadi, katolik cherkovi esa 1905 yilda undan abadiy beminnat foydalanish huquqini qo‘lga kiritgan. 

Birorta ham devorga ega bo‘lmagan cherkov tomini ulkan ustunlar ushlab turadi, ularni esa o‘z navbatida arkalar birlashtirgan. Arkalar orasida esa turfa rangli shishalardan mozaika usulida ishlangan vitrajlar to‘ldirgan. O‘n ikki qavatli binoni joylashtirish mumkin bo‘lgan binoning markazida ikki qator ustunlar joylashgan. Markazda ustunlar kesishgan joy Iso Masih qoqilgan hochning shakliga o‘xshaydi. Shuningdek, cherkovda masihiylarning muqaddas yodgorliklaridan biri Iso Masih boshiga rimliklar tomonidan kiygizilgan tikonli toj saqlanardi. 

Rivoyatlarga ko‘ra, cherkovning qurilishiga iblis ham o‘z hissasini qo‘shgan deyishadi. Biskorne ismli temirchiga mazkur cherkov uchun dunyodagi eng chiroyli jimjimador darvozani yasash topshiriladi. Buyurtmani bajara olishiga ko‘zi yetmagan temirchi iblisni yordamga chaqiradi. Ertasida darvozaning eskizini ko‘rishga kelgan Notr-Dam xizmatchisi temirchining jonsiz tanasiga duch keladi, qarshisida esa aqlbovar qilmas go‘zallikka ega darvoza turardi. Darvozani o‘rnatishadi, biroq uni ochishning imkoni bo‘lmaydi. Darvoza qulfiga muqaddas suv sepilganidan so‘ng ochiladi. 1724 yilda darvozadagi naqshlarni tadqiq etgan parijlik tarixchi Anri Soval shunday yozgan «Biskorni darvoza sirini o‘zi bilan olib ketdi. Balki u sirning o‘g‘irlanishidan yoki qanday qilib yasashga muvaffaq bo‘lganidan qo‘rqqan, axir Notr-Dam-de-Pari darvozasi qanday yasalganini hech kim bilmaydi». 

Xullas, ikki asr davomida qurilgan, vabo, o‘lat va «Varfolomey tuni»ni, to‘rtta inqilob, Napoleon hamda ikkita jahon urushini boshidan o‘tkazgan cherkov XXI asrda ta’mirlash ishlari vaqtida kuli ko‘kka uchdi. Ko‘za kunida sinadi deyishgani shu bo‘lsa kerakda.

Fozilbek Yusupov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring