Birlashgan Millatlar Tashkilotining elektron hukumat reytingi jahon mamlakatlarida axborot jamiyati qanchalik taraqqiy etayotganini belgilab beruvchi asosiy ko‘rsatkichlardan biri sanaladi.
BMTning elektron hukumatni rivojlantirish indeksi (E-Government Development Index)da mamlakatlarning mavqei ularning umumiy indeksi asosida belgilanadi. Bu indeks uch omildan shakllantiriladi:
- davlat hokimiyati organlarining veb-hozirligi (onlayn xizmatlar);
- telekommunikatsiyalar infratuzilmasi;
- inson kapitali.
2016 yilning 28 iyulida e’lon qilingan BMTning yangi E-Government Survey 2016 reytingida o‘z ko‘rsatkichlarini birmuncha yaxshilagan O‘zbekiston 20 pog‘onaga yuqorilib, 80-pog‘onani egalladi. Davlat onlayn xizmatlari va inson kapitali yo‘nalishlari mamlakatimizga yaxshi reyting ochkolarini keltirdi.
2016 yili Buyuk Britaniya bu pog‘onani qator yillar band etib kelgan Koreya Respublikasi o‘rniga yetakchilik maqomiga ko‘tarildi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda — Avstraliya va Koreya Respublikasi.
2014 yilga nisbatan besh pog‘ona yo‘qotgan Qozog‘iston 33-o‘rinda, sakkiz pog‘ona pastlagan Rossiya 35-o‘rinda, Belarus va Ukraina 49 va 62-o‘rinlarni band etdi.
Elektron hukumatni taraqqiy ettirish reytingida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori indeks — 1. Reyting yetakchisi — Buyuk Britaniyada bu 0.9193 ga teng, O‘zbekistonda — 0.5434, reytingda eng oxirgi 193-o‘rinda turgan mamlakat Somalida 0.0270 ga teng. Jahon bo‘yicha bu boradagi o‘rtacha indeks 0.4922 hisoblanadi. Ayni shu oxirgi ko‘rsatkich ayni paytda o‘ziga xos “ekvator” vazifasini bajaradi: bundan past natijaga ega mamlakatlarda elektron hukumat faoliyati qoniqarsiz yoki boshqacha aytganda, yarim kuchi bilan ishlamoqda.