Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2017-yil Afrika qit’asi uchun qanday kechdi?

2017-yil Afrika qit’asi uchun qanday kechdi?

Foto: «Daily Stormer»

Yakuniga yetib borayotgan 2017-yil dunyo siyosiy hayotida yuz bergan bir qancha voqealar bilan esda qoladigan bo‘ldi. Afrika siyosiy hayotida 2017-yil Gambiya rahbari Yahyo Jammening iste’fo berishidan boshlanib, Liberiyada mashhur futbolchi Jorj Veaning mamlakat prezidenti etib saylanishi bilan nihoyasiga yetmoqda. Xo‘sh, shu vaqt oralig‘ida qit’ada yana qanday voqealar ro‘y berdi? Biz quyida Afrika qit’asida sodir bo‘lgan eng muhim hodisalarni esga olishga qaror qildik.

Hukumatdan ketgan diktatorlar

2016-yil 1-dekabr. Yigirma ikki yil davomida Gambiyada dahshatli diktatura o‘rnatgan Yahyo Jamme kutilmaganda prezidentlik saylovlarida imkoniyatni qo‘ldan boy berdi. O‘z mag‘lubiyatini tan olganiga qaramasdan, bir haftadan keyin saylov natijalarini tan olmadi hamda saylovda «qonun buzilishlarga» yo‘l qo‘yilgan deb iddao qilib chiqdi, hamda boshqaruvdan ketishdan bosh tortdi. Keyin esa unga nisbatan diplomatik bosimlar kuchadi. Bu bosimlar 2017-yilning 21-yanvariga qadar davom etdi va Yahyo Jamme 42 million yevroni talon-taroj qilib Ekvatorial Gvineyaga uchib ketdi. Mamlakatni esa siyosiy sohada uncha katta tajribaga ega bo‘lmagan Adama Barrov qabul qilib oldi.

38 yillik hukmronlikdan keyin Angola prezidenti Joze Eduardo dos Santosning «sog‘ligi yomonlashgani sababli» nafaqaga chiqishi oldindan tayyorlab qo‘yilgan edi. Uning izdoshi, 26-sentyabrdan mamlakatni boshqarishga kirishgan Joao Lurenso eski qarashlarga qarshi kurasha boshladi. Agar 75 yoshli sobiq prezident Angola Ozodlik xalq harakati g‘oyalarini uzoq vaqt saqlab kelgan bo‘lsa, yangi rahbar dos Santos oilasini ta’qib ostiga olishga kirishib ketdi. Masalan, sobiq prezidentning qizi Izabella mamlakat neft savdosi bilan shug‘ullanuvchi Sonangol rahbarligidagi vazifasidan olib tashlandi. Keyinchalik unga nisbatan «moliyaviy tovlamachilik» aybi qo‘yildi.

Zimbabve mustaqilligining asoschisi, 93 yoshli Robert Mugabe dunyoning eng keksa prezidenti maqomini boy berdi. Shu yilning 21-noyabr kuni, bir necha kun davom etgan norozilik chiqishlari ortidan, Mugabe iste’fo berishga majbur bo‘ldi. Mamlakatda boshlanib ketgan norozilik namoyishlaridan xavfsiragan armiya mamlakatda nazoratni o‘z qo‘liga oldi hamda hukumatga shu paytga qadar birinchi vitse-prezident lavozimida ishlagan Emerson Mnangagvani olib keldi. Bu bilan sobiq prezident Mugabening hokimiyatga intilayotgan rafiqasi Greys Mugabega qattiq zarba berildi. Mamlakatni xarob ahvolga olib kelgan «O‘rtoq Bob» iste’fodan keyingi hayotini kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi. Unga yashash uchun turar joy, avtomobil parki hamda shaxsiy samolyotda sayohat qilish imtiyozlari berildi. Mahalliy OAVlardan birining yozishicha, unga nafaqaga ketish oldidan mukofot puli sifatida 10 million AQSh dollari berilgan, ammo hukumat bu ma’lumotni rad etgan.

Qaysar vorislar

Yuqoridagi davlatlarda hokimiyat almashinuvi muvaffaqiyatli amalga oshirilgan bo‘lsa, quyidagi davlatlarda bu jarayon murakkabligicha qolmoqda. Uzoq muddat mamlakatni boshqarib kelgan sobiq prezidentlar ishini ularning vorislari davom ettirmoqdalar. Togoni 38 yil boshqargan general Gnassingbe Eyademaning o‘g‘li For Gnassingbe mahalliy aholining qarshiligiga qaramasdan, hamon hukumatda qolmoqda va uni tark etmoqchi emas. 2005—yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan «voris»ning amaldagi prezidentlik muddati 2020-yilda nihoyasiga yetadi. Muxolifat bosimlariga javoban u amaldagi qonunchilik sayloviga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida referendum o‘tkazishni taklif qildi va bu referendum unga 2020 va 2025-yilgi saylovlarda ham o‘z nomzodini ilgari surish imkonini beradi.

Qaysarlik bobida togolik hamkasbidan ham o‘tib tushadigan Kongo Demokratik Respublikasi prezidenti 46 yoshli Jozef Kabilaga na AQSh, na Yevropa ittifoqining sanksiyalari ta’sir qiladi. Otasi Laurent Kabila vafotidan so‘ng, 2001-yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Jozef Kabilaning so‘nggi prezidentlik muddati 2016-yilning 19-dekabrida nihoyasiga yetgan edi. Ammo u ayyorlik bilan amaldagi lavozimini saqlab qoldi va navbatdagi prezident saylovlarini 2018-yil 23-dekabrda o‘tkazishga erishdi.

Navbatdagi voris Keniya mustaqilligi asoschisi Jomo Kenyattaning o‘g‘li Uhuru Kenyatta. U shu yilning 28-noyabr kuni 98 foiz ovoz bilan qayta saylandi. Ammo yana bir boshqa voris, mamlakatning sobiq vitse-prezidenti Oginga Odinganing o‘g‘li, mamlakatning so‘nggi bosh vaziri Raila Odinga boshchiligidagi muxolifat saylovlarni boykot qildi hamda Oliy sud qayta saylov o‘tkazish haqida qaror chiqardi.

Mahalliy da’volar, milliy inqirozlar

Marokashda bunday nizolar 2016-yilning 28-oktabr kuni Al Hoseyma shahrida o‘z do‘konining buzilishiga qarshilik qilgan baliq sotuvchisi Muhsin Fikrining o‘ldirilishidan boshlandi. Shundan keyin boshlangan norozilik namoyishlari tezlik bilan Rifda risoladagidek hayot talab qilib chiqqanlar namoyishiga aylanib ketdi. Hukumat iqtisodni ko‘tarish haqida bayonot bergan bo‘lsa-da, ammo namoyishchilarni ommaviy qamashni ham unutmadi. Qirol Muhammad VI oktyabr oyida bir nechta yuqori lavozimli rahbarlarni ishdan bo‘shatdi, ammo mahalliy aholi «Hirak» deb nomlangan namoyishchilar liderini ozod qilishni so‘ramoqdalar.

Kamerunning asosan ikki inglizzabon viloyatida vaziyat yil davomida yomonligicha qoldi. Advokatlar va o‘qituvchilarning o‘z sohalariga nisbatan adolatli munosabatda bo‘lishlarini talab chiqishlaridan boshlangan inqiroz og‘irlashib ketdi. Rasmiylarning murosasizligiga javoban partizanlar harakati ayirmachilar hududi bo‘lib kelgan Ambizoniyaning mustaqilligini talab qilib chiqishdi.

Mahalliy nizolarning markazida bo‘lib turgan yana bir davlat bu 9 ta viloyatdan tashkil topgan Efiopiyadir. Mamlakat sharqidagi Oromia viloyatida somali hamda oromo xalqlari o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlar oqibatida bir necha yuz kishi vafot etdi va 700 000 kishi boshqa joylarga ko‘chirildi. Mamlakat shimoli-g‘arbidagi Amhara viloyatida ham vaziyat ancha jiddiy. Rivojlanish va barqarorlik bo‘yicha namuna sifatida ko‘riladigan Efiopiya zaiflashish arafasida turganga o‘xshaydi.

Yevropani tashvishga solgan muhojirlar

Shu yilning 14-noyabr kuni «CNN» telekanali jurnalisti Liviyada Yevropaga yo‘l olgan muhojirlar qul qilib sotilayotgani tasvirlangan videoni namoyish etdi. Shundan keyingina Yevropa hamda Afrika davlat rahbarlarining diqqati ushbu muhojirlar taqdiriga qaratildi. Aslida, oldin ham bu haqda bir necha bor gapirilgan edi.

Shu yilning yozida YeI hamda Liviya hukumati o‘rtasida muhojirlarning O‘rta Yer dengizini kesib o‘tishlariga qarshilik qilish haqida kelishuvlar imzolangan edi. Bu esa bir nechta xalqaro nodavlat tashkilotlar (NNT)ni tashvishlantirib qo‘ygandi.

Muhojirlar bo‘yicha xalqaro idoraning 17-dekabrda e’lon qilgan so‘nggi ma’lumotlariga ishonadigan bo‘lsak, 2017-yilda 168 314 nafar muhojir hamda qochoqlar dengiz orqali Yevropaga kelgan. Bu ko‘rsatkich 2016-yilning xuddi shu vaqtida 358 527 nafarni tashkil qilgan edi.

Sahel: Fransiya uchun ustuvor vazifa

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uchun eng ustuvor vazifalardan biri Saheldagi vaziyatni barqarorlashtirish. Bu borada u G5 Sahel mamlakatlari bilan kuchlarni birlashtirish tashabbusini ko‘tarib chiqdi. Mintaqada faoliyat yuritayotgan terrorchilarga qarshi kurashish maqsadida 2018-yilning yarmiga qadar 5000 kishidan iborat qo‘shin tuziladi.

Moviy kaskalar uchun fojiali yil

O‘tayotgan 2017-yil «Moviy kaskalar» uchun juda og‘ir yil bo‘ldi. Afrikaning KDR, Markaziy Afrika Respublikasi va Mali kabi davlatlarida qurolli hujumlar oqibatida juda ko‘plab BMT harbiylari halok bo‘ldi. Kongo Demokratik Respublikasida 15 nafar harbiy halok bo‘lib, 53 nafari jarohatlangan bo‘lsa, Markaziy Afrika Respublikasida 14 nafar BMT tinchlikparvar kuchlari halok bo‘ldi. Bunga javoban BMT bosh kotibi Antonio Guterrish noyabr oyida 900 nafar «moviy kaskalar»ni ushbu mamlakatga yuborish haqidagi qarorni imzoladi. «Moviy kaskalar» uchun eng og‘ir yo‘qotish Malida yuz berdi. Biror-bir hafta o‘tmadiki, bitta askar mina qurboni bo‘lmagan bo‘lsa.

Jahongir Ostonov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring