Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abdusalom Azizov AQSh Milliy gvardiyasi delegatsiyasini kutib oldi

Abdusalom Azizov AQSh Milliy gvardiyasi delegatsiyasini kutib oldi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri Abdusalom Azizov bugun, 18-sentyabr kuni mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni — shtat gubernatori o‘rinbosari, general-mayor Jeyson Boylz boshchiligidagi harbiy delegatsiyani kutib oldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, istiqboldagi rejalar belgilab olindi. O‘zaro manfaatli hamkorliklarni kuchaytirish hamda Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni ta’minlash borasida fikrlar almashildi. 

Suhbat davomida mudofaa vaziri A.Azizov mamlakatlararo har tomonlama va ko‘p rejali hamkorlikni rivojlantirishda joriy yilning may oyida Amerika Qo‘shma Shtatlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki davlat hamkorligi uchun katta yutuqlar zaminini yaratganini aytib o‘tdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shundan keyin mehmonlar Qurolli Kuchlar akademiyasining vazifa va faoliyati hamda malakali harbiy kadrlarni yetishtirishda zamonaviy yondashuvlar, kursantlarning ta’lim olishi va yashashi uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Ta’kidlash kerakki, o‘tgan yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining xorij davlatlari mudofaa idoralari bilan o‘zaro hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatimizning boshqa davlatlar bilan ikki tomonlama harbiy va harbiy-texnik hamkorlik doirasidagi chora-tadbirlar ko‘lami tobora kengayib, oliy harbiy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, ko‘p yillik xizmat tajribasiga ega ofitserlar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, dolzarb yo‘nalishlardagi izlanishlar xorij tajribasiga tayangan holda amalga oshirilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring