Fransiya IIV vakili Toshkentda ish boshladi
17-sentyabr kuni Fransiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligining O‘zbekistondagi vakili Siril Gu faoliyatini boshlashi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Siril Gu Fransiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarining huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun mas’ul etib belgilanganini ma’lum qildi.
Uning Toshkentda faoliyat olib borishi O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida huquq-tartibot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish doirasida qayd etildi.
Muloqot davomida Fransiya va O‘zbekiston ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, xodimlarning malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish va yuqori darajadagi o‘zaro tashriflarni tashkil etish bo‘yicha fikr almashildi.
Tomonlar huquq-tartibot sohasidagi mavjud aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikni yanada jadallashtirish bo‘yicha birgalikda ish olib borishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi rahbariyati Siril Guga mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
Siril Gu Fransiya Ichki ishlar vazirligining Markaziy Osiyo davlatlari huquq-tartibot organlari bilan hamkorligini muvofiqlashtirish doirasida faoliyat olib boradi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter