Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Italiyadagi parlament sayloviga nazar: kimning imkoniyati qanday?

Italiyadagi parlament sayloviga nazar: kimning imkoniyati qanday?

Foto: Euronews

Uch nafar so‘l-markazchi qo‘l ostidagi hukumat(so‘nggi besh yilda Enriko Letta, Matteo Rensi va Paolo Jentiloni bosh vazir bo‘lishga ulgurdi)dan keyin 2018 yil 4 mart kuni italiyaliklar yana milliy hukumatni shakllantirishga xizmat qiluvchi saylovda qatnashadilar.

Uch yirik raqobatchi partiyaning mavjudligiga qaramay, ularning birortasi saylovda ko‘p ovoz olish imkoniyatiga ega emas: bunga hatto mualliflarining o‘zlarini ham o‘ylantirib qo‘ygan yangi saylov tizimi  sababchi.

Bashoratchilar «Besh yulduz» harakatining muvaffaqiyatini taxmin qilishmoqda. Ushbu harakat fuqarolik jamiyati tashabbusi bilan shakllantirilgan bo‘lib, rahbari sobiq aktyor Beppe Grillodir. «Besh yulduz» harakati yetakchilari parlament quyi palatasida ham senatdagiday eng ko‘p o‘rin olishni maqsad qilishgan. Lekin so‘rovlar partiya parlamentda yaqqol ko‘pchilik bo‘lish imkoniyatini taqdim etadigan 40 foizlik ovozni to‘play olmasligini ko‘rsatmoqda.

Caption

 

Yangi saylov qonuni «Rosatellum» deya ataladi. Hujjat uni qabul qilishga undagan Demokratik partiya deputati Ettore Rozato sharafiga nomlangan. Qonun yakkapartiyaviylikni yo‘qqa chiqarib, turli nomzodlarni kurashga tortadi va koalitsiyaga yo‘l ochadi.

«Besh yulduz» partiyasi turli siyosiy landshaftga ega partiyalarni birlashtiradi.

Demokratik partiya chap-markazchilarning koalitsiyasi bo‘lib, unga sobiq bosh vazir Matteo Rensi boshchilik qiladi. Amaldagi bosh vazir Paolo Jentiloni Rimdagi saylov ro‘yxati bo‘yicha aynan shu partiyadan saylovda qatnashadi. Bir necha oy ilgari pensiya va mehnatga oid qonunga o‘zgartirish kiritilishiga norozilik belgisi sifatida salmoqli miqdordagi deputatlar mazkur partiyani tark etishdi. Bu deputatlar «Liberi e Uguali» nomli alohida chap yo‘nalishdagi  blokka asos soldilar.

«Tenglik va ozodlik» partiyasiga sobiq sudya, italyan mafiyasiga qarshiligi bilan mashhur senat a’zosi Petro Grasso boshchilik qiladi. Ko‘pchilik uni Matteo Rensining ashaddiy raqibi sifatida ko‘radi. Taxminlarga ko‘ra bu partiya saylovchilar soni bo‘yicha «Besh yulduz»dan so‘ng ikkinchi o‘rinni egallashi mumkin. Yanvar oyidagi so‘rovlardan birida partiya 25 foiz ovoz to‘plagan bo‘lsa-da, bugun bu ko‘rsatkich 5-6 foizni tashkil etmoqda.

Emmi Bonino bloki («+Yevropa») liberal harakat sanaladi va Demokratik partiyaning ittifoqchisidir. Emmi Bonino radikal italyan siyosatchilaridan biri, fuqarolar huquqi uchun kurash harakatining yaqqol faoli. U «+Yevropa» blokini Bruno Tabachchi boshchiligidagi xristian demokratlar bilan shakllantirdi. So‘rovlarda uning natijasi 2-3 foizni tashkil etmoqda.

Bu harakatning asosiy tarafdorlari elektoratning yosh ziyoli qatlami, so‘l-markazchilar va chet eldagi italyan diasporasi va Demokratik partiyaga qarshilardir.

«Olg‘a, Italiya» 2013 yilda moliyaviy firibgarligi tufayli davlat mansablarini egallashi man etilgan bo‘lsa-da, siyosatga qaytgan mediamagnat Silvio Berluskoni partiyasi sanaladi. So‘rovlarga ko‘ra bu partiya 15 foiz ovoz to‘plab, uchinchi yirik kuchga aylangan.

«Shimol ligasi» Italiyada oddiygina «Liga» deb ham ataladi, unga Matteo Savini rahbarlik qiladi. «New York Times»ning yozishicha, oxirgi besh yilda Savini antiglobal va antiyevropa siyosatini yoyishga, shu orqali Yevropadagi migratsiya siyosatiga qarshilarning e’tiborini tortishga urindi. Ijtimoiy tarmoq va matbuotdagi mojaroli tomoshalardan so‘ng Savini tarafdorlari 2013 yilgi 4 foizdan bugunga kelib 13-14 foizga yetdi.

«Italyan birodarlari» esa professional siyosatchi ayol Rima Jorjiya Meloni boshchilik qiluvchi blok sanaladi. «Guardian» nashrining ma’lumot berishicha, «Italyan birodarlar» neofashistik ildizlarga ega bo‘lib, «Shimol ligasi»ning janubiy ekvivalenti sanaladi. Blok «Forza Italia», «Liga» va markazchi blok bo‘lmish «Biz Italiya uchun» bilan alyans hosil qiladi va 5 foizgacha ovoz olishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring