Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Taqqoslaymiz: «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga qanday o‘zgartirishlar kiritiladi?

Taqqoslaymiz: «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga qanday o‘zgartirishlar kiritiladi?

Foto: «economics.unian.info»

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saytida 1997-yil 24-aprelda qabul qilingan «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Quyida avvalgi qonun bilan yangi tahrirdagisini taqqoslab chiqamiz.

Avvalgi qonunning 1-moddasida «Ushbu Qonun jurnalistning jurnalistlik faoliyati bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi, uning huquq va majburiyatlarini belgilaydi, unga huquqiy va ijtimoiy kafolatlar beradi, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini belgilaydi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida jurnalistlik faoliyatini himoya qilish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi», deyilgan.

Yangi tahrirda quyidagicha o‘zgartiriladi: «Ushbu Qonunning maqsadi Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir».

Avvalgi qonunning 2-moddasida «Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir», deyilgan.

Yangi tahrirda quyidagicha o‘zgartiriladi:

birinchi qismi:

«Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir»

ikkinchi qismi:

«Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi».

Avvalgi qonunning 3-moddasida «Jurnalist — O‘zbekiston Respublikasining yoki xorijiy davlatning ommaviy axborot vositalarida xizmat qiladigan yoxud ularda shartnoma asosida ishlaydigan va ma’lum mavzudagi axborotni to‘plash, tahlil etish hamda tarqatish bilan shug‘ullanuvchi shaxsdir», deyilgan.

Yangi tahrirda quyidagicha o‘zgartiriladi: «Jurnalist – mehnat yoxud boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tarqatish hamda tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi shaxsdir».

Avvalgi qonunning 4-moddasida «O‘zbekiston Respublikasida senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jurnalistdan xabarlar va materiallarni oldindan kelishib olishini, shuningdek, material yoxud xabarning matnini o‘zgartirishni yoxud ularni butunlay nashrdan olib qolishni (efirga bermaslikni) talab qilishga hech kimning haqqi yo‘q», deyilgan.

Yangi tahrirda quyidagicha o‘zgaradi:

birinchi qismi:

«O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalarini senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi».

ikkinchi qismi:

«E’lon qilinayotgan xabarlar yoki materiallar oldindan kelishib olinishini, shuningdek, ularning matni o‘zgartirilishini yoxud butunlay nashrdan olib qolinishini (efirga berilmasligini) talab qilishga hech kimning haqqi yo‘q».

Avvalgi qonunning 5-moddasi: «Jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida:

axborot to‘plash, uni tahlil etish va tarqatish;

axborot olish uchun davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga murojaat etish;

davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda hujjatlar, materiallar va axborotdan foydalana olish;

jurnalist tekshiruvi o‘tkazish;

o‘zi tayyorlagan xabarlar va materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali imzosini yoki taxallusini qo‘yib tarqatish, ularda o‘z fikr-mulohazasini ifodalash;

jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish yuzasidan mansabdor shaxs qabulida bo‘lish;

ma’lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan, zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish;

sudlarning ochiq majlislarida, harbiy harakatlar maydonlarida, tabiiy ofat yuz bergan hududlarda, ommaviy tadbirlarda hozir bo‘lish;

e’lon qilishga tayyorlangan ma’lumotlarni tekshirish uchun mutaxassislarga murojaat qilish;

basharti qonunni buzishga olib keladigan bo‘lsa, ommaviy axborot vositasi tomonidan berilgan topshiriqni bajarishni rad etish;

o‘zi tayyorlagan xabar yoki materialning mazmuni tahrir jarayonida buzilgan degan fikrga kelsa, unga imzo qo‘ymaslik yoxud uni nashrdan olib qolishni (efirga bermaslikni) talab etish;

axborot manbai yoki muallifning nomi sir saqlanishini talab qilish;

taqdim etgan xabarining mazmunini ommaviy axborot vositasi buzib e’lon qilishi oqibatida o‘ziga yetkazilgan ma’naviy zarar va moddiy ziyon qoplanishini sud orqali talab qilish;

jamoat birlashmalariga, shu jumladan, jurnalistlarning xalqaro tashkilotlariga kirish huquqlariga ega.

Jurnalist o‘ziga qonun hujjatlari bilan berilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadi».

Yangi tahrirda quyidagicha o‘zgartiriladi va qo‘shimcha qilinadi:

birinchi qismi ikkinchi xatboshisi:

«axborotni izlash, so‘rash, olish, to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash hamda tarqatish»;

to‘rtinchi xatboshisidagi «davlat siri» degan so‘zlar «davlat sirlari» degan so‘zlar bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:

«davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda hozir bo‘lish»;

Bu holatda yettinchi - o‘n beshinchi xatboshilari tegishincha sakkizinchi - o‘n oltinchi xatboshilar deb hisoblanadi.

Avvalgi qonunning 6-moddasi: «O‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist:

qonun hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari talablariga rioya etishi;

o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi;

aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi;

shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.

Jurnalist o‘z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilishi, shuningdek, audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.

Jurnalist qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajarishi shart».

Yangi tahrirda quyidagicha o‘zgartiriladi:

birinchi qismi quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:

«jurnalistika sohasining sirini oshkor etmasligi va jurnalistlarning kasbiy etikasiga rioya etishi».

Avvalgi qonunning 7-moddasi: «Fuqarolar yoki boshqa axborot manbalari tomonidan ixtiyoriy ravishda ma’lum qilingan maxfiy xabar, shuningdek, fakt yoki voqealar jurnalistika sohasining siri hisoblanadi.

Jurnalistning jurnalistika sohasining siri hisoblanadigan ma’lumotlarni bu ma’lumotlar manbaining roziligisiz oshkor etishi, shuningdek ulardan o‘zining g‘arazli manfaatlari yoki uchinchi shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab foydalanishi taqiqlanadi».

Yangi tahrirda birinchi qismidagi «tomonidan» degan so‘zdan keyin «ularning nomini oshkor etmaslik sharti bilan» degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi.

Shuningdek, quyidagi mazmundagi 71-modda bilan to‘ldiriladi:

«71-modda. Jurnalistlarning kasbiy etika qoidasi

Jurnalistlarning kasbiy etika qoidasi jurnalist shaxsiga va kasb vazifalarini bajarishda uning xulq-atvoriga talablarni belgilaydigan nizomlar majmuidan iborat.

Jurnalistlarning kasbiy etika qoidasi ommaviy axborot vositalarining o‘zlari yoxud ularning birlashmalari tomonidan belgilanadi».

Avvalgi qonunning 11-moddasi: «Jurnalist davlat organi yoki jamoat birlashmasida akkreditatsiya qilinishi mumkin.

Jurnalistlar akkreditatsiya qilingan davlat organlari va jamoat birlashmalari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida jurnalistga oldindan ma’lum qilishlari va zarur hujjatlar hamda materiallarni taqdim etishlari shart.

O‘zbekiston Respublikasining jurnalisti xorijiy davlatda akkreditatsiya qilinishi mumkin.

Chet el jurnalisti O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilinishi mumkin».

Yangi tahrirda quyidagicha o‘zgartiriladi: «Jurnalistni akkreditatsiya qilish — akkreditatsiya qilgan organ faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish huquqiga layoqatliligini tasdiqlovchi, akkreditatsiya qilish organi tomonidan akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risida berilgan guvohnoma asosida jurnalistni vakolatli deb topish jarayoni.

Jurnalist davlat organi, jamoat birlashmasi va tashkilot huzurida akkreditatsiya qilinishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining jurnalisti xorijiy davlatda akkreditatsiya qilinishi mumkin.

Chet el jurnalisti O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilinishi mumkin.

Akkreditatsiya qilingan jurnalist quyidagi huquqlarga ega:

bo‘lib o‘tadigan ochiq hay’at majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar to‘g‘risida oldindan axborot olish;

akkreditatsiya qiluvchi organning binolariga (xonalariga) va boshqa ob’yektlariga akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan belgilangan tartibda kirish;

ochiq hay’at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda hozir bo‘lish;

akkreditatsiya qiluvchi organning mas’ul shaxslaridan zarur hujjatlar va materiallarni so‘rash hamda olish, ommaviy tadbirlarning yozuvlari bilan tanishish hamda ulardan ko‘chirma nusxalar olish;

olingan yozuvlardan ommaviy axborot vositalari materiallarini tayyorlashda foydalanish.

Akkreditatsiya qilingan jurnalist qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin».

Avvalgi qonunning 15-moddasi «Jurnalist o‘zi tayyorlayotgan va tarqatayotgan xabarlar hamda materiallarning haqqoniy bo‘lishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardir.

Jurnalist rasmiy xabarlarda bayon etilgan axborotni tarqatganlik uchun javobgar bo‘lmaydi».

Yangi tahrirda quyidagicha o‘zgartiriladi:

ikkinchi qismi:

«Jurnalist ommaviy axborot vositalarida materiallarni tarqatganlik uchun quyidagi hollarda javobgar bo‘lmaydi:

agar bu ma’lumotlar rasmiy xabarlardan, normativ-huquqiy hujjatlardan yoki rasmiy statistika hisobotlari ma’lumotlaridan yoxud axborot agentliklari yoki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlari orqali olingan bo‘lsa;

agar bu ma’lumotlar oldindan yozib olinmasdan efirga beriladigan mualliflik chiqishlarida mavjud bo‘lsa yoki chiqishlarning so‘zma-so‘z takrorlanishi (stenografiya, audio, videoyozuvi) bo‘lsa».

Avvalgi qonunning 16-moddasidagi jumla yuqoriga ko‘chirilgani bois (2-modda 2-qism) yangi tahrirda ushbu modda chiqarib tashlanadi.


Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun hali loyiha bo‘lib, u tasdiqlanishi yoki rad etilishi mumkin. Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring