Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

Lotin Amerikasining «yurak sanchig‘i»

Lotin Amerikasining «yurak sanchig‘i»

Ugo Chaves — Venesuelaning sobiq prezidenti.

Foto: «Elintransigente.com»

Yaqinda BMT Bosh assambleyasi doirasida tashkilot oldidagi qarzlari tufayli Venesuela ovoz berish huquqidan vaqtincha mahrum qilindi. Buni tashkilotdan to‘la chetlatish deb qabul qilmaslik kerak. BMT normalariga ko‘ra, agar biror mamlakat tashkilot budjetiga badal pulini to‘lamasa, ovoz berish huquqidan vaqtincha mosuvo qilinadi. Markaziy Afrika Respublikasi, Dominika, Ekvatorial Gvineya, Grenada, Liviya, Surinam va Yaman ham «chetlatilganlar» ro‘yxatidan joy oldi.

Venesuela 2017-yilda ham bu huquqdan mahrum qilingan edi, biroq tez orada badal to‘langach, qaror bekor qilingan. Bir paytlar Janubiy Amerikadagi eng farovon va gullab-yashnagan davlatlardan biri bo‘lgan Venesuela nega bugun bunchalik tang ahvolga tushib qoldi?

Bugungi murakkab vaziyatga oydinlik kiritish uchun uning yaqin o‘tmishiga ozroq to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi. 916 ming kvadrat kilometr hududga ega va 31 million aholi yashayotgan ushbu davlat Janubiy Amerikadagi juda muhim strategik nuqtada joylashgan. Bir tomonidan Karib dengizi, boshqa tomondan Atlantika okeani bilan tutashdir.

Zamonaviy Venesuela shuhrati, shubhasiz, yorqin siyosatchi Ugo Chaves nomi bilan bog‘liq. 1998-yilda hokimiyatga kelgan harbiy yetakchi konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazdi, korrupsiyaga qarshi kurashdi, kambag‘allarni qo‘llab-quvvatlashga va savodsizlikni tugatishga qaratilgan siyosat olib bordi. Uning tashabbusi bilan tub aholi, ya’ni 300 ming hinduning o‘zlari yashayotgan yerga egalik huquqi tan olindi. 2002 yilda yuz bergan davlat to‘ntarishiga urinish aholi va armiyaning qo‘llab-quvvatlashi bilan Chaves tomonidan bostirildi. U Oq uyga qarshi nutqlari bilan dovruq qozongan va AQShning qitiq patiga tegib kelar edi. Ichki siyosatda «bolivarcha sotsializm» qurish yo‘lidan bordi. Davlat sektorini faol kengaytirish hisobiga ishsizlikni kamaytirdi.

Ugo Chaves Fidel Kastro bilan.
Foto: AP

Chavesning «XXI asr sotsializmi» deb nom olgan g‘oyasi doirasida qashshoqlarni himoya qilish va inflyasiyaga qarshi kurashish uchun 2003-yilda mamlakatda 400 turdagi, jumladan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarining markazlashgan baholari belgilandi. 2007—2008-yillarda nafaqat neft, balki qora metallurgiya, sement sanoati, mobil aloqa tarmoqlari natsionalizatsiya qilindi. Minglab xorijiy kompaniyalar bu yerdan chiqib ketdi.

Savdo-sotiq ishlari kasod bo‘ldi, mahsulotlar taqchilligi kuchaydi va narxlar birdan o‘sib ketdi. Neft va gaz tarmog‘idan tushadigan milliardlab dollar zo‘r berib ijtimoiy maqsadlarga yo‘naltirildi, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish borasida tayinli qadamlar tashlanmadi. Uglevodorodlarni qazib olish tannarxi ortib, samaradorlik va foyda kamaydi, rentabellik pasaydi, davlatning ichki va tashqi qarzlari o‘sdi. 

Shunga qaramay prezident Ugo Chaves hokimiyat otiga mahkam o‘rnashgan edi va 4 marta qayta saylandi. U 2013-yil 5-martda kutilmaganda vafot etgach, prezident vazifasini bajarish uning merosxo‘ri Nikolas Maduro zimmasiga tushdi.

Nikolas Maduro — Venesuelaning hozirgi prezidenti.

Uning davlatga bosh bo‘lishi jahon bozorida neft narxlarining tushish davriga to‘g‘ri kelib qoldi. No‘noq iqtisodiy siyosat, muvaffaqiyatsiz moliyaviy islohotlar va budjetga neft eksportidan keladigan dollar tushumining kamayishi bilan hamma ishlar ortga ketdi.

Maduro yarim yil davomida favqulodda holat rejimini joriy qildi. Mahsulotlar taqchilligi kuchayaverdi, chayqovchilik, korrupsiya o‘sdi. 2014-yilda neftning xalqaro narxi favqulodda tushib ketishi haqiqiy zarba bo‘ldi. Neft eksportidan tushadigan daromadlar 3 barobar qisqardi, inflyasiya 200 foizga yetdi, dollar kursi 100 barobar oshdi. Narxlar cheklovi esa asosiy oziq-ovqatlarning keng ko‘lamli taqchilligini yuzaga keltirdi.

2016-yildan Maduro barcha iqtisodiy muammolarga asosiy sabab G‘arb mamlakatlarining Venesuelaga qarshi urushi deb ko‘rsata boshladi. Tashqi qarzlar 130 milliard dollarga yetdi, inflyasiya 550 foiz, ishsizlik 21 foiz bo‘ldi.

Foto: «Varlamov.ru»

2017-yilda vaziyat yanada og‘ir kechdi. Mamlakat aholisining 93 foizi to‘yib ovqat yemaslikdan shikoyat qilmoqda. Inflyasiya ming foizga yetdi, dollar kursi qora bozorda 900 barobar o‘sdi. «Fitch» xalqaro reyting agentligi Venesuelaning xorijiy valyuta bo‘yicha uzoq muddatli reytingini «S»dan «RD»ga, ya’ni «cheklangan defolt» holatigacha tushirdi. «Standard & Poorʼs» xalqaro reyting agentligi ham uning reytingini «tanlangan defolt»ga qadar pasaytirdi.

Dunyoda neft zaxirasi kattaligi bo‘yicha birinchi o‘rinni (300 milliard barrel) egallaydigan davlatda baxtga qarshi «qora oltin» qazib olish hajmi ham joriy yilning fevral oyida kuniga 1,6-1,7 million barrelga tushib qoldi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2018-yilda mamlakatda inflyasiya 13 ming foiz bo‘lishi, yalpi ichki mahsulot esa 15 foiz kamayishini prognoz qilayapti. Giperinflyasiya, milliy valyutaning devalvatsiyasi davom etmoqda, oltin-valyuta zaxiralari deyarli tamom bo‘lgan.

Iqtisodiy ahvol o‘nglanmagach, tabiiyki, siyosiy vaziyat ham taranglashayapti. 2014-yildan muxolif kuchlar davlat yetakchisining siyosatiga faol qarshilik ko‘rsata boshladi. Maduro siyosiy elitani o‘z atrofiga birlashtira olmadi. Chavizmning an’anaviy tarafdorlari bo‘lgan qashshoqlar ham undan yuz o‘girmoqda.

Foto: «Varlamov.ru»
Foto: «Varlamov.ru»
Foto: «Varlamov.ru»

2016-yil 2-mayda muxolifatning Maduroni prezidentlikdan chetlashtirish bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi petitsiyasiga 1 million 850 ming kishi imzo chekdi. 11 iyunda Nikolas Maduro uning iste’fosi bo‘yicha referendum o‘tkazilmasligi va tashkiliy ishlarga bekorchi vaqti yo‘qligi haqida kulgili bayonot berdi.

Parlamentda muxolif partiyalar katta o‘rinni egallagach, Maduroni muddatidan avval prezidentlik lavozimidan chetlatish talabini qo‘ydi. Bunga javoban Maduro qonun chiqarish vakolatini o‘z nazoratidagi Oliy sud zimmasiga yukladi. Shundan keyin boshlangan hukumatga qarshi namoyishlarda 120 kishi qurbon bo‘ldi, mingdan ortiq inson yaralandi, yana minglab fuqaro hibsga olindi. Boshqa partiyalarning ko‘zga ko‘ringan namoyandalari, hurfikr arboblar chet elga chiqib keta boshladi. 

Foto: «Ria.ru»

2017-yil mayda Maduro Milliy assambleyaga muqobil tarzda Konstitutsiyaviy assambleyani tuzdi. Muxolifat vakillari unda ishtirok etmadi. Konstitutsiyaga va hokimiyat bo‘linishi tamoyiliga zid noqonuniy tuzilma paydo bo‘lishi deputatlarni qattiq ranjitdi va ommani namoyishlarga undadi. 

2017-yil sentyabrdan muxolif kuchlar bilan hukumat o‘rtasida chet elda — Dominikan Respublikasida kechgan muzokara yakunida kelishuv imzolandi. Ammo uning ijrosini hayotga tatbiq etish so‘roq ostida qolmoqda.

Chunki Maduro o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun hokimiyat qudratidan, ma’muriy resurslardan to‘liq foydalanayapti. 2017-yil 10-dekabrda 355 ta munitsipalitetda o‘tkazilgan mahalliy saylovda hukmron Yagona sotsialistik partiyaning 300 ta vakili zafar quchdi va hududlar boshqaruvida mavqeini kuchaytirdi.

Foto: «Ria.ru»

Konstitutsiyaviy assambleya shu yilning 22-aprelida, ya’ni muddatidan oldin prezident saylovini o‘tkazish haqidagi qaltis qarorni qabul qildi. Bu reja muxolifatda va mintaqadagi demokratik davlatlarda keskin e’tiroz bilan qabul qilindi. Chunki prezident saylovi joriy yil yakunida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Rangli inqilobning yangi ko‘rinishi qalqib chiqmasligi, mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun muddat o‘zgartirildi degan izoh berildi.

Maduro saylovda Yagona sotsialistik partiyadan «ishchi sinfining asil nomzodi» sifatida qatnashadi. U ishchilar, ayol-qizlar va yosh avlodning «Buyuk vatanparvarlik qutbi» siyosiy kuchlariga ham suyanishini bildirmoqda.

Hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatni amaldagi hukumat o‘nglay oladimi?

Bu savolga jo‘yali javob berish qiyin. Hamma umid va ilinj neft va uning narxining o‘sishiga bog‘liq. 

OPEKning narxlarni shakllantirishdagi rolini oshirmay voqealar rivojining hozirgi ssenariysini o‘zgartirishning imkoni yo‘q. Bozorda neft narxining oshayotgani, bir barreli 64 dollarga chiqqani Venesuelani muqarrar fojiadan qutqarib qoldi.

2016-yil 30-noyabrda OPEK mamlakatlari ilk bora ishlab chiqarish hajmini kuniga 1,2 million barrelga kamaytirib, jami 32,5 million barrelga tushirishga kelishib olishgan edi. 10-dekabrga kelib kartelga kirmagan neft eksport qiluvchi mamlakatlar ham umumiy ishlab chiqarish hajmini 558 ming barrelga qisqartirishga rozi bo‘ldi. Hujjat 2017-yil yanvardan kuchga kirdi va u 2018-yil mart oyiga qadar davom etadi. Rossiya va Saudiya Arabistoni uni yana uch oy muddatga uzaytirish tarafdori. Xo‘sh, undan keyin nima bo‘ladi? Narxlar yana pastlab ketsa-chi?

Foto: Geo-politica.info»

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro dollarga qaramlikni pasaytirish uchun neft ishlab chiqaruvchi mamlakatlarga «qora oltin»ning oldi-sotdisi uchun xitoy yuani, rus rubli, yevrodan iborat valyutalar savatchasini yaratish taklifi bilan chiqmoqda. Uning nazdida neft savdosini boshqarishning yangi mexanizmi jahon bozori barqarorligiga va adolatli narxlarni o‘rnatishga xizmat qiladi. U shuningdek «OPEK+», ya’ni neft ishlab chiqaruvchi 24 ta mamlakat tomonidan erishilgan kelishuvni mart oyidan keyin ham uzoq yillarga uzaytirishni istamoqda.

Mantiqsizlik shundaki, millionlab tonna neft eksport qiluvchi davlatning ba’zi shtatlarida benzin yetishmayapti. Chunki neftni qayta ishlash korxonalari birin-ketin yopilmoqda. Vaziyatni o‘nglash uchun yana nimalar qilinishi kerak? Noneft sektori ulushini oshirish, sanoat ishlab chiqarishini ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida tub islohotlar olib borish zarur.

Hozir oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa turdagi ko‘plab mahsulotlar chetdan import qilinmoqda. Birgina tuxum yoki non sotib olish uchun ham besh yuzlab kishi turnaqator navbatda turishi odatiy hol. Iqtisodiyotda davlat nazoratidan bosqichma-bosqich voz kechish, monopoliya qilib olingan samarasiz tarmoqlarni xususiylashtirish juda foydali bo‘lishi mumkin edi. Lekin hukmron elitada bunga na siyosiy iroda va na bilim-ko‘nikma yetadi.

130 ming kishilik armiya ham hozir budjetga og‘ir yuk bo‘lib tushayapti. Ammo mintaqada saqlanib qolayotgan murakkab geosiyosiy va harbiy beqarorlik ular sonini qisqartirishga imkon bermaydi. Armiya hukmron kuchlarning asosiy tayanchi va suyanchi hisoblanadi. Ularga qarshi har qanday harakat harbiy to‘ntarishlarga olib kelishi mumkin. Zero, Venesuela tarixi bunday to‘ntarishlarning ko‘piga guvoh bo‘ldi.

Foto: «Argumenti.ru»
Foto: «Haberegider.com»
Foto: «Seafarersjournal.com»
Foto: «El-carabobeno.com»

Venesuelada kechayotgan jarayonlarga xalqaro kuch markazlari va tashkilotlarning munosabati qanday?

AQShning tanqidlari tinmayapti. 2017-yil avgustda AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuelaga nisbatan moliyaviy sanksiya joriy etish haqida farmonga imzo chekkan edi. Maduro va hukumatning ayrim a’zolariga nisbatan ham cheklovlar bor. Moliya vazirligining «qora ro‘yxati» muttasil kengayib bormoqda. 2017-yil 11-avgustda AQSh prezidenti Donald Tramp Venesueladagi siyosiy inqirozni bartaraf etish uchun kerak bo‘lsa harbiy aralashuvga ham tayyorligini aytgan edi.

AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Xeyli Xavfsizlik kengashi majlisida Venesueladagi inqirozni butun dunyo tinchligi va barqarorligi uchun tahdid deb atadi.

Venesuela o‘z ichki ishlariga «imperialistcha» va «tizimli tashqi aralashuvlar»ga qarshi bo‘layapti. Bunday harakatlar mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishga qaratilgan deb baholaydi. Venesuela AQShga neft eksport qilishni to‘xtatib qo‘yish bilan javob choralarini ko‘rishga tayyor. Hozir Qo‘shma Shtatlar Venesueladan yirik miqdorda – kuniga 750 ming barrel neftni import qilmoqda. Bu miqdor Vashington umumiy neft importining 10 foizidan oshmaydi.

AQSh Davlat departamenti rahbari nomi bilan yuritilayotgan «Tillerson doktrinasi»da Rossiya va Xitoyning Lotin Amerikasida o‘sib borayotgan ta’sirini tiyib turish ham nazarda tutilgan. Uning tub zamirida Kuba va Venesuelada o‘zi chizgan chiziqdan chiqmaydigan, AQShga dushman ko‘zi bilan boqmaydigan do‘st siyosatchilarni davlat boshqaruviga olib kelish maqsadi yotibdi.

1823-yili AQSh Davlat kotibi Jeyms Monro «Monro doktrinasi»ni e’lon qilganida «Amerika amerikaliklar uchun» shiorini tashqi siyosat prinsiplariga aylantirish taklifini bildirgan. Shundan buyon qit’a Yevropa davlatlari aralashuvi uchun yopiq hudud deb qarab kelinadi. 

Foto: «Caracaschronicles.com»

1962-yilda sobiq SSSR bilan Kuba uchun haqiqiy yadro urushi kelib chiqishi mumkin edi. AQSh «Karib inqirozi»ning achchiq saboqlarini hali yodidan chiqargani yo‘q. U jahon kuch markazlari, birinchi galda Rossiya va Xitoyning Lotin Amerikasi geosiyosatidagi yurishlarini chuqur tahlil qilib bormoqda.

Janubiy qo‘mondonlik admirali Kurt Tidd kecha AQShning global strategik raqobatchisi bo‘lmish Rossiyaning Lotin Amerikasida razvedka va kiberimkoniyatlari oshib borayotganidan alohida tashvish bildirgani bejiz emas.

Pentagon zaruriyat tug‘ilsa harbiy amaliyotlar o‘tkazish ehtimolini o‘rganayapti. AQSh Qurolli kuchlari Janubiy qo‘mondonligi Karib mintaqasi, Markaziy va Janubiy Amerikadagi 45 davlatga mas’ul sanaladi. Tarkibdagi askarlar sonini kamida ikki barobar oshirmasdan turib keng ko‘lamli harbiy operatsiyalarni muvaffaqiyatli bajarish mushkul.

Chunki Venesuela armiyasi yaxshi qurollangan, jangovar tayyorgarligi kuchli. Mintaqada kuchlar balansining har qanday o‘zgarishi avvalo Kuba, Nikaragua, Boliviya, Ekvador va bu yerdagi boshqa davlatlarning hamjihatligini kuchaytiradi va keskin e’tiroziga olib keladi. Ular o‘z xavfsizligidan xavotirlanib, Venesuelaga har tomonlama yordam ko‘rsatishi, o‘zini Rossiya va Xitoy quchog‘iga otishi mumkin. AQShning «orqa eshigi»da bunday beqarorlik paydo bo‘lmasligi shundoq ham tashqi siyosatda ketma-ket yanglishayotgan Tramp uchun juda muhim.

Foto: «Rostov.press»

Venesuea va Kolumbiya diplomatik aloqalari 2015-yil avgustda buzildi. Venesuela o‘z hududida yashaydigan kolumbiyaliklarni ommaviy deportatsiya qilishi va chegarani bir tomonlama yopib qo‘yishi bunga sabab bo‘ldi. Inqiroz tufayli hozir Kolumbiya hududiga Venesuelaning 550 ming fuqarosi qochib o‘tgan.

Venesuelaning ulkan qo‘shnisi Braziliya hukumati Venesuela elchisini nomatlub shaxs deb mamlakatdan chiqarib yuborgan bo‘lsa-da, bu yerda tashqi kuchlarning harbiy yoki davlat to‘ntarishi uyushtirishiga tish-tirnog‘i bilan qarshidir. U Janubiy Amerika ishlarini o‘zining yetakchilik maqomidagi ishtirokisiz hal qilishlarini istamaydi.

1962-yildan Venesuela va qo‘shni Gayana o‘rtasiga sovuqchilik tushgan. Maydoni 160 ming kvadrat kilometr bo‘lgan Essekibo daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ini Venesuela o‘zining tarixiy qismi deb hisoblaydi va tarkibiga qo‘shib olish niyatida.

Gayanadan katta miqdorda neft zaxiralarini topgan amerikaning «ExxonMobil» korporatsiyasi bu yerda faol geologik izlanishlarni davom ettirmoqda. 2013-yilda Venesuela harbiy dengiz floti «ExxonMobil»ning geologiya qidiruv kemalariga hujum qilgan va ularni qo‘lga olgan edi. Hozir ham qo‘shnilarning munosabati sovuqligicha qolmoqda. Ertaga bu konlar o‘zlashtirilsa, Venesuelaning mintaqadagi yirik neft qazib oluvchi davlat maqomi yo‘qqa chiqadi va bozorda jiddiy raqobatchi paydo bo‘ladi. Agar Karakas bir paytlar Saddam Husayn yo‘l qo‘ygan xatoni takrorlab, mitti va ojiz qo‘shnisiga qarshi urush boshlasa, Vashington unga qarshi harbiy amaliyotlarni o‘tkazishi uchun yaxshi bahona va asos yaratib bergan bo‘ladi.

Qit’adagi Argentina, Chili, Kosta-Rika, Meksika, Panama, Paragvay va Peru davlatlari ham agar Maduro o‘z rejalaridan voz kechmasa, demokratik tamoyillardan chekinaversa, o‘zgalarning manfaati bilan hisoblashmasa Venesuela «nazardan qolayotgan davlat»ga aylanib qolishi mumkinligini ochiq ta’kidlashmoqda. Amerika davlatlari tashkilotining tanqidlaridan keyin 2017 yil aprelda Venesuela mazkur nufuzli mintaqaviy tashkilotdan ham chiqib ketishga ariza berdi. Shu yil 13—14-aprel kunlari Limada bo‘lib o‘tadigan Amerika sammitiga Peru Maduroni rasman taklif etmadi.

Janubiy Amerika umumiy bozori – «Mercosur» mintaqaviy bloki a’zolari ham barcha siyosiy mahbuslar ozod etilmas va Konstitutsiyaviy assambleya tarqatib yuborilmas ekan, Karakasning tashkilotga a’zoligini to‘xtatib turishga kelishib olishdi. «Lima guruhi» (Kanada va Lotin Amerikasining 11 mamlakati a’zo) ham Venesuela rahbariyatining xatti-harakatlarini jiddiy tanqid qilmoqda. Amerika qit’asidagi yana bir tashkilot – ALBA bloki a’zolari, xususan Boliviya, Ekvador va Nikaragua, Kuba uning yonini olmoqda.

Yevropa ittifoqi ham yanvarda Venesueladagi yuqori martabali amaldorlarga sanksiya joriy etdi. Endi bu vazirlar YeI mamlakatlari hududiga kira olmaydi, ularning ko‘hna qit’adagi aktivlari muzlatib qo‘yiladi. Rasmiy Bryussel kibor doiralarni inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzishda va demokratik muxolifatni kuch bilan bostirganlikda ayblamoqda. Shu bois qurol-yaroqqa embargo ham qo‘lladi. Toki bu aslahalar tinch aholini qirg‘in qilishda ishlatilmasin.

Nikolas Maduro va Vladimir Putin
Foto: «Havanatimes.org»

Venesuela Rossiya bilan aloqalarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga intilayapti. U xalqaro maydonda Moskva pozitsiyasini ma’qullab, Janubiy Osetiya va Abxaziyaning mustaqilligini tan olgan edi.

Moskva ushbu mintaqa mamlakatlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishni tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb qaraydi. 2001—2017-yillarda Rossiya Lotin Amerikasi mamlakatlariga 20 milliard dollarlik qurol-aslaha sotib, mintaqani o‘z eksporti uchun istiqbolli bozorga aylantirdi.

Biroq Rossiya hozir tashqi kuchini asosan Suriyaga qaratmoqda. Shu sababli tanazzulga botayotgan Venesuelaga katta miqdorda harbiy yoki iqtisodiy ko‘mak berishi nihoyatda qiyin. O‘zaro savdo aylanmasi ham muttasil kamayib bormoqda. 2013-yilda mahsulot ayirboshlash miqdori 2,3 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2017-yilning uch choragi yakunida 25 million dollardan ortmadi. Biroq Karakasning Rossiyadan 3 milliard dollar qarzi bor. Moskva mabodo AQSh uning chegarasi yaqinida ziddiyatlarni kuchaytirsa, ushbu omonatidan kechib, Venesuladan harbiy havo va dengiz bazalari uchun qo‘nalg‘a so‘rab murojaat qilishi ham mumkin.

Venesuela Xitoy bilan o‘z neftining yirik xaridori va saxiy sarmoyador sifatida qalin aloqalar o‘rnatgan. O‘z navbatida, rasmiy Pekin ham «qora oltin»ga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun faqat Yaqin Sharq mintaqasiga bog‘lanib qolmasdan, yo‘nalishlarni diversifikatsiya qilishga harakat qilayapti. Umuman olganda, Xitoy Venesuelaga shu choqqacha 65 milliard dollar sarmoya kiritgan.

Birgina 2010-yil iyunda Xitoy unga 20 milliard dollar kredit ajratgan edi. Buning evaziga 10 yil mobaynida u Xitoyga kuniga 200-300 ming barrel atrofida neft yetkazib berishi kerak. Agar AQSh Venesuela neftini sotib olishdan voz kechsa, Xitoy bemalol uning ulushini xarid qilishga tayyor. Bu bilan Lotin Amerikasidagi pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi.

Xitoy an’anaviy tarzda boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga sodiq qolmoqda. Rivojlanayotgan davlatlarga diplomatiya maydonida umumiy yakdillik va iqtisodiy yordamdan kattarog‘ini taklif etmayapti. Ya’ni uning Oq uy ma’muriyati manfaatlariga zid o‘laroq va shoshilinchda Lotin Amerikasiga bevosita harbiy aralashuvini kutish qiyin.

Xalqaro jinoyat sudi ham voqealarga qo‘shildi. Sudning prokurorlari 2017-yil aprel va iyul oylarida muxolifat tashkil etgan namoyishlarni tarqatish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari haddan ortiq kuch qo‘llagan degan aybni ilgari surmoqda.

Hozir ushbu sudni – Rim statutini tashkil etish haqidagi kelishuvni dunyoning 123 davlati, jumladan Venesuela ham ratifikatsiya qilgan. Agar xalqaro sud bosimi kuchaysa, Karakas undan chiqib ketishi aniq.

Fikrimcha, davlatni boshqarayotgan siyosatchining qarashlari va amali xalqning intilishlariga zid bo‘lmasligi, el farovonligiga xizmat qilishi kerak. Demokratiya o‘rnini avtoritar tuzumga bo‘shatib bersa, qonunlar buzilsa, fuqarolarning huquqlari poymol qilinsa, uning salbiy oqibatlarini to‘g‘rilash uchun keyin ko‘p kuch va vaqt sarflashga to‘g‘ri keladi. Elning tashvishini kamaytirish o‘rniga, uning g‘ussasini ko‘paytirgan, xalqaro maydonda yakkalanib borayotgan hukumatning istiqboli ko‘rinmayapti. Endi-endi tinch hayotga qaytayotgan Kolumbiyada yarim asr davom etgan urushning yon qo‘shnisi zaminiga ko‘chib o‘tishini istamaymiz. Yaqin Sharq, Koreya yarimoroli atrofidagi ziddiyat to‘lqinlari okean osha Karib havzasini ham qamrab olishi mintaqa xalqlari manfaatlariga sira javob bermaydi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston doimo tinchlik tarafdori va o‘zga davlatlarning ichki ishlariga aralashmaydi. Qolaversa, Venesuela bizdan ancha olisda joylashgan bo‘lib, bu yerda diplomatik missiyaga ega emasmiz. 2009-yilning mayida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning Braziliyaga rasmiy tashrifi doirasida Braziliyada O‘zbekiston elchixonasini ochish bo‘yicha erishilgan  kelishuv shu paytgacha ro‘yobga chiqmagani alohida maqola mavzusidir.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring