Prezident qo‘shinlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashdagi autsorsing tizimiga izoh berdi

Prezident qo‘shinlarni oziq-ovqat bilan ta’minlashdagi autsorsing tizimiga izoh berdi

Foto: «President.uz»

Kecha, 10-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani va unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’ruza qilgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek, qo‘shinlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha birinchi marta autsorsing tizimi joriy qilinayotgani ham aytilgan edi. Prezident ushbu tizim haqida tushuncha berdi.

— Qo‘shinlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha birinchi marta autsorsing tizimi joriy qilindi. Autsorsing degani shuki, harbiy xizmatchilarga kunlik ovqat tayyorlab berish bilan endi armiyaning o‘zi emas, balki mustaqil tashkilotlar shug‘ullanadi. Bu ishni tashkil qilish joylardagi hokimiyatlarga topshiriladi. Bunday tizimning joriy etilishi shaxsiy tarkibni unga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod qilib, harbiy xizmatchilarning butun kuch-g‘ayratini o‘z professional malakasini oshirishga qaratish imkonini beradi. Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni, albatta, davom ettiramiz.

— Bundan buyon men qaysi hududga xizmat safariga boradigan bo‘lsam, birinchi kuni joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qanday borayotgani bilan tanishaman. Ikkinchi kuni esa shu hududdagi harbiy-ma’muriy sektorlardagi ahvolni har tomonlama o‘rganib chiqaman. Yil davomida shunday tartibda ish olib boramiz. Hokimlar, okrug qo‘mondonlari va boshqa tegishli mutasaddi rahbarlar buni e’tiborga olishi lozim, — dedi Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzasida.