Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident topshirig‘iga ko‘ra Oqqo‘rg‘on voqeasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

Prezident topshirig‘iga ko‘ra Oqqo‘rg‘on voqeasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi

Bugun, 29-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan, Vazirlar Mahkamasida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uning har qanday ko‘rinishiga barham berish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda o‘tgan haftada internet va ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilingan Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida bug‘doyni vaqtida sug‘ormagani uchun olti kishining suv oqib turgan ariqqa kiyimi bilan tushirilgani bilan bog‘liq masala muhokama qilindi.


«Jomboy tumani hokimi bo‘lgan, Samarqand shahar hokimi bo‘lgan, respublikadagi eng katta Samarqand viloyati hokimi bo‘lgan, Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib ishlagan odam (Zoyir Mirzayev nazarda tutilmoqda — tahr.). Shuncha davlat idoralarida ishlab kelgan odam shunday xatoga yo‘l qo‘ygani uchun ham yurtboshimiz kechirgani yo‘q. Boshqalar ham kechirilmaydi», — degan Bosh vazir Abdulla Aripov.


Majlisda ayrim joylarda eskicha ishlash prinsipidan voz kecholmayotgan, uni qo‘msayotgan rahbarlar ham yo‘q emasligiga e’tibor qaratildi. Bugungi islohotlarning mazmun-mohiyatini yetarli darajada tushunib yetmayotgan ana shunday rahbarlarning xatti-harakatidan davlatimiz rahbari jiddiy norozi ekani, bu kabi kamchiliklarga qarshi qat’iyat bilan kurashish, majburiy mehnatga biror bir sohada yo‘l qo‘ymaslik lozimligi ta’kidlandi.

Videoselektor yig‘ilishida 2018-yil 29-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uning har qanday ko‘rinishlariga barham berish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekkaniga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu farmon bilan o‘tgan haftada Oqqo‘rg‘on tumanida ro‘y bergan, jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama etilgan masalaga Shavkat Mirziyoyev o‘z munosabatini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksi rahbari Zoyir Toirovich Mirzayev kuzgi bug‘doy ekish va sug‘orish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlarini tashkil etishda yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklari uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga qishloq xo‘jaligi sohasida ishni tashkil etish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan qo‘pol qonunbuzilishlarni har tomonlama o‘rganish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uning har qanday ko‘rinishlariga barham berish yuzasidan samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni to‘liq amalga oshirish vazifalari topshirilgan.

Majlisda mamlakatimizda inson huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi, majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik masalalari Prezidentimizning shaxsan nazoratida ekani, inson huquqlarini poymol etishga, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘qligi, bunday holatlarda kim bo‘lishidan qat’i nazar, har qanday mansabdor shaxs muqarrar jazoga tortilishi, qonun ustuvorligini ta’minlash, noqonuniy xatti-harakatlar uchun jazo muqarrarligi prinsipiga qat’iy amal qilinishi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Videoselektorda Xalqaro mehnat tashkiloti, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring