Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Yoshlar ittifoqi tadbirlarida dabdababozlik, yuzakilik ko‘zga tashlanayotganini tanqid qildi

Prezident Yoshlar ittifoqi tadbirlarida dabdababozlik, yuzakilik ko‘zga tashlanayotganini tanqid qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-iyul kuni yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Har bir yoshning jamiyatda munosib o‘rnini topishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratishni islohotlarimizning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, keng ko‘lamli amaliy ishlar olib bormoqdamiz, dedi Shavkat Mirziyoyev. Jumladan, «Kamolot» yoshlar harakati negizida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqini tuzdik, yoshlar bilan ishlashda yangi tizim va yondashuvlarni joriy etyapmiz. 30 iyunda mamlakatimizda birinchi marta «Yoshlar kuni»ni keng nishonlab, yangi ijobiy an’anani yo‘lga qo‘ydik.

Yig‘ilishda shuningdek, yoshlar bilan ishlashda hali kamchiliklar ko‘pligi ham qayd etildi. Jumladan, Yoshlar ittifoqi tadbirlarida dabdababozlik, yuzakilik ko‘zga tashlanayotgani, yoshlar bilan manzilli ishlashga, ularning muammolarini hal etishga yetarli e’tibor berilmayotgani tanqid qilindi.

Joylardagi 4 ta sektor rahbarlarining ko‘pchiligi hali yoshlar masalasi bilan to‘la shug‘ullanmayapti. Ichki ishlar idoralari, mahalla qo‘mitalari, boshqa jamoatchilik tashkilotlari va ta’lim muassasalarining ham bu boradagi ishlari ko‘ngildagidek emas. Tuman (shahar) hokimlarining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishini ham qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Ba’zi hollarda esa yoshlar bo‘yicha mas’ul lavozimlar vakant bo‘lib qolmoqda.

Buning oqibatida yoshlarning ijtimoiy muhim masalalari e’tiborsiz qolmoqda. Qarovsiz va nazoratsiz qolgan yoshlar tomonidan turli jinoyatlar sodir etilmoqda.

Shu bois Yoshlar ittifoqi, tegishli vazirlik va idoralarga yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish, ularning qarovsiz va nazoratsiz qolishining oldini olish, ular o‘rtasida jinoyatlarni keskin kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislik va biznes ko‘nikmalariga o‘qitish bo‘yicha Toshkent viloyatining Quyichirchiq va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yangi tizim sinovdan o‘tkazilgani qayd etildi.

Unga ko‘ra, mutasaddi idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan tuman pasporti ishlab chiqilgan. Mahallalarda «Yoshlar mehnat guzarlari» tashkil etish uchun bino va yer maydonlari ajratilib, tashabbuskor tadbirkorlar jalb qilingan. Tadbirkorlik, baliqchilik, bog‘dorchilik, savdo-sotiq qilish istagidagi yigit-qizlarga zarur mablag‘ va resurslar berilgan. Yoshlarni qiynab kelayotgan 1,5 mingdan ziyod muammolar aniqlanib, 1 mingdan ortig‘i joyida hal etilgan, qolgan 500 tasini ham hal etish choralari ko‘rilgan.

Ushbu tajriba natijalaridan kelib chiqib, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi qabul qilindi.

Bu dastur 1-iyuldan boshlab, barcha tuman va shaharlarda amalga oshirila boshlandi. Yoshlar ittifoqi huzurida «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi va uning tuman (shahar) filiallari tashkil etildi. Jamg‘armaga bu yil jami 770 milliard so‘m ajratiladi. Jamg‘arma mablag‘laridan yoshlarning biznes loyihalari uchun yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kreditlar beriladi.

Dasturda har bir tumanda ajratiladigan kredit hajmi va uni oluvchilar soni, kredit beriladigan faoliyat yo‘nalishlari, buning natijasida yaratilishi zarur bo‘lgan ish o‘rinlarining miqdori aniq belgilangan.

Shuningdek, Dasturga ko‘ra joylarda fermerlarga 1 nafardan band bo‘lmagan yoshni biriktirib, unga bir gektar yer ajratish orqali ish bilan ta’minlash bo‘yicha yangi mexanizm joriy etish ko‘zda tutilgan.

Yig‘ilishda shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish, Jamg‘arma mablag‘laridan samarali foydalanishni doimiy nazorat qilib, yoshlarning biznes loyihalarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni joyida hal qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Hokimlar va sektor rahbarlari uyushmagan, hech qayerda ishlamaydigan yoshlar bilan shaxsan uchrashib, xuddi o‘zining farzandi bilan gaplashganday muomala qilib, muammolarini o‘rganib, ularga yelkadosh bo‘lishi va eng avvalo ish bilan ta’minlash choralarini ko‘rishi lozim, dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda yoshlarni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularni turli zararli oqimlar va yot g‘oyalar ta’siridan asrash masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Farzandlarimiz tarbiyasi, yurish-turishidan har kuni ogoh bo‘lmasak, ilmu-hunarga o‘rgatmasak, ularning qo‘li mehnatda qotmasa, munosib ish topib bermasak, yoshlarni zararli ta’sirlardan himoya qilish qiyin bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois yoshlar bilan ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarni yanada jonlantirib, ularda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida erta turmush va ajralishlarning oldini olish yuzasidan vazifalar qo‘yildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring