Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiya, Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlari Ostonada uchrashadi

Rossiya, Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlari Ostonada uchrashadi

Foto: TV Sentr

Rossiya, Turkiya va Eron tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov, Mevlut Chovusho‘g‘li va Muhammad Javod Zarif 16-mart kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida uchrashadilar. Bu haqda Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Bekir Bo‘zdog‘ dushanba kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.

«16-mart kuni Ostona shahrida Turkiya, Rossiya va Eron tashqi ishlar vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tadi», — deyiladi xabarda.

Dushanba kuni Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif ham ikki haftadan keyin Ostona shahrida Suriya mojarosi bo‘yicha uch kafil davlatning tashqi ishlar vazirlari doirasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edi. Uchrashuvda Suriyadagi keskinlikni yumshatish va Istanbul sammiti uchun zamin tayyorlash masalalari muhokama qilinadi.

2017-yil 22-noyabr kuni Sochi shahrida Rossiya, Eron va Turkiya davlat rahbarlari Vladimir Putin, Hasan Ruhoniy va Toyyib Erdo‘g‘on uchrashuv o‘tkazgan edi. Ular Suriyadagi terrorizmga qarshi birgalikdagi kurashda sezilarli yutuqlarni qo‘lga kiritishganini va mamlakatda yuzaga kelgan inqirozni bartaraf etishda yangi bosqich boshlangani haqida ma’lum qilgan edilar. Ushbu jarayonning keyingi bosqichi 30 yanvar kuni Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan Suriya milliy muloqotining kongressi bo‘lib, u Suriya ahlining barcha qatlamlarini ifodalovchi 1500 dan ortiq vakilni o‘zida jamladi. Uning ishtirokchilari konstitutsiyaviy kengashni tashkil etishga, shuningdek, konstitutsiyaviy komissiya tuzishga qaror qilishdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring