Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev AQSh vakili bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev AQSh vakili bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi

Foto:Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-dekabr kuni AQShning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod va AQSh Prezidenti yordamchisining o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kyortisni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari AQSh delegatsiyasini samimiy qutlar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani va izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yil may oyida AQShga oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlar strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergani ta’kidlandi.

Turli darajadagi aloqalar faollashdi, samarali siyosiy muloqot va parlamentlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar almashuvlar jadallashmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi har tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga alohida e’tibor qaratildi.

Foto:Prezident matbuot xizmati

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Afg‘oniston bilan an’anaviy yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani, ushbu mamlakatda tez fursatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi, izchil taraqqiyotni ta’minlash tarafdori ekanini qayd etdi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan infratuzilmaga oid qator ahamiyatli loyihalar bu jarayonga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Mozori Sharif – Hirot temir yo‘li va Surxon – Puli Humri elektr uzatish liniyasining qurilishi shular jumlasidan.

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo hajmi va tranzit yuk oqimini oshirishga xizmat qiladigan bojxona terminalini o‘z ichiga olgan “Termiz-Kargo-markaz” xalqaro logistika markazi tashkil etildi.

Bundan tashqari, Termiz shahrida afg‘on yoshlari ta’lim olayotgan va kasb-hunar egallayotgan Ta’lim markazi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvda Afg‘onistonda tinchlik muzokaralari jarayonini boshlashda afg‘on xalqining bosh va hal qiluvchi rolini nazarda tutgan butun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini yanada uzviy muvofiqlashtirish, ushbu mamlakatga iqtisodiy ko‘mak loyihalarini ilgari surishda amaliy yordam ko‘rsatish zarurligi qayd etildi.

Zalmay Halilzod va Liza Kyortis samimiy qabul uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Afg‘onistonga nisbatan tashqi siyosatiga yuksak baho berildi.

Joriy yil mart oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlari afg‘on masalasini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha ko‘p jihatdan xalqaro choralar yo‘nalishlarini belgilab bergani va bu boradagi qo‘shma harakatlar uchun asos bo‘lgani ta’kidlandi.

Tomonlar O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash maqsadida Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish masalalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring