Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qildi

Shavkat Mirziyoyev Erdo‘g‘on bilan telefon orqali muloqot qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 16-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon dunyosi uchun shodlik va shukronalik, xayr-saxovat ayyomi bo‘lgan qutlug‘ Ramazon hayiti munosabati bilan o‘zaro tabrik almashdilar.

Turkiya Prezidenti ushbu muborak kunlarda Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga tamal toshi qo‘yilganini yuqori baholadi va ushbu markaz ma’rifiy islomni rivojlantirish hamda buyuk ajdodlarimizning boy merosini dunyo hamjamiyatiga yetkazishga xizmat qilishini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Tomonlar oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar va muloqotlar yaxshi an’anaga aylanib borayotganini, ikki mamlakat o‘rtasida abadiy do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlari kun sayin mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

Shu yil 29-aprel – 1-may kunlari Turkiya Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan ilk tarixiy davlat tashrifi doirasidagi samarali uchrashuv va muzokaralar, o‘zaro manfaatli hamkorlikning keng yo‘nalishlari bo‘yicha erishilgan aniq kelishuvlar, imzolangan muhim shartnoma va bitimlar mamlakatlarimiz va xalqlarimizning ravnaqi hamda farovonligiga xizmat qilishi chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muloqot davomida ikki davlat rahbarlari savdo, investitsiya, bank-moliya, transport, turizm, infratuzilma va boshqa muhim sohalardagi hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

Shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha fikr almashildi.

Suhbat so‘ngida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, qardoshlik va bir-biriga hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlarni hamda qo‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring