Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vazirini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vazirini qabul qildi

Foto: Prezidentning Matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-mart kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasi hamraisi, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkinni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari, shuningdek, ko‘p qirrali amaliy hamkorlik jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi aloqalar va davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchga asoslangan muloqot, mamlakatlarimiz idoralari, hududlari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi sheriklik va almashinuvlar jadallashgani savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi samarali hamkorlikni misli ko‘rilmagan darajada oshirishga xizmat qildi.

O‘tgan yil oktyabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi hamkorlikni yangi amaliy mazmun bilan boyitdi.

2018 yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro savdo hajmi 20 foizga oshib, qariyb 6 milliard dollarga yetdi. Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida, jumladan, energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat va ko‘plab boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

O‘zaro muloqotning yangi ko‘p darajali formati, ya’ni ikki davlat Bosh vazirlari darajasidagi Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiyaning tashkil etilishi, hech shubhasiz, ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar samaradorligini oshirish va ularni o‘z vaqtida ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari qatorida mamlakatimiz hududlarida Rossiya kompaniyalari ishtirokida agroklasterlar va logistika markazlarini tashkil etish, O‘zbekiston meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarini Rossiya bozoriga yirik hajmda ulgurji yetkazib berish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish, hududlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida o‘zaro almashinuvlarni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish qayd etildi.

Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin hamda Hukumat Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Maksim Oreshkin O‘zbekistonda mamlakatning barqaror taraqqiyotini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, investorlarni va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuksak baholadi.

Rossiya o‘zaro savdo hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, turli sohalarda istiqbolli qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun bundan buyon ham zarur choralar ko‘rishga tayyor ekani ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring