Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashlari kotiblariga murojaat yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashlari kotiblariga murojaat yo‘lladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining ikkinchi yig‘ilishi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.

«Hurmatli Xavfsizlik kengashlari kotiblari!

Muhtaram Bosh kotib!

Hurmatli delegatsiya a’zolari!

Turkiy sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lgan Toshkent shahriga tashrif buyurgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari ikkinchi yig‘ilishining barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan qutlayman.

Avvalo, sizlarning timsolingizda hamkasblarim – Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlariga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromimni hamda O‘zbekiston raisligini qo‘llab-quvvatlaganlari uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.

Turkiy davlatlar tashkilotining jadal o‘sib borayotgan salohiyati va obro‘-e’tibori – bu bizning do‘stligimiz va birdamligimiz kuch-qudratining hamda faqat birgalikda sezilarli va ulkan natijalarga erisha olishimizning yaqqol tasdig‘idir.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan tarixiy sammit yakunlari Tashkilot rivojida yangi davrni boshlab berdi. Qator muhim hujjatlar, jumladan savdo va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hamda Investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar qabul qilindi.

So‘nggi yilda Turkiy davlatlar tashkilotida O‘zbekiston raisligida muhim ahamiyatga molik va keng qamrovli ishlar amalga oshirildi, hamkorligimiz yanada kengaydi hamda yangi yuksalish sur’atiga ega bo‘ldi.

Bugungi kunga kelib ko‘ptomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalish va sohalarini qamrab olgan o‘ttizdan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi.

Tashkilotimizni institutsional jihatdan isloh qilish, “yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”ni yaratish, transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonning raisligi doirasida mamlakatlarimizning iqtisodiyot, savdo, sog‘liqni saqlash, ta’lim, kosmos, energetika vazirliklari va idoralari hamda maxsus xizmatlari rahbarlarining qator muhim uchrashuvlari o‘tkazildi.

Turkiy dunyoning ilm-fan, madaniyat va san’at sohalaridagi taraqqiyotiga hissa qo‘shgan atoqli shaxslarni taqdirlash uchun ta’sis etilgan Alisher Navoiy nomidagi mukofot birinchi marta topshirildi. O‘zbekiston Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘ldi, TURKSOY tashkil etilganining o‘ttiz yilligi tantanali ravishda nishonlandi. 

Biz Tashkilot zaxiralaridan imkon qadar samarali foydalanish hamda turkiy mamlakatlarning integratsiya borasidagi salohiyatini barcha sohalarda oshirish bo‘yicha izchil ish olib boramiz. 

Qadrli yig‘ilish ishtirokchilar!

Bugungi anjuman Tashkilot kun tartibidagi o‘ta muhim voqealardan biridir, chunki vakolatli idoralarning xavfsizlikka qarshi zamonaviy tahdidlarni bartaraf qilish va mamlakatlarimizni barqaror taraqqiy ettirish yo‘llarini izlash bo‘yicha hamkorlikdagi ishlari alohida ahamiyat kasb etib bormoqda.

Bunday formatdagi uchrashuv xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish hamda bugungi notinch dunyodagi umumiy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda javoblar ishlab chiqish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qiladi.

O‘tgan yili Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining birinchi yig‘ilishida erishilgan samarali natijalarni yuqori baholaymiz.

Ishonchim komilki, turkiy tilli mamlakatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari darajasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmi Turkiy davlatlar tashkiloti makonida xavfsizlik sohasidagi muloqotni mutlaqo yangi darajaga olib chiqadi.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari va a’zolari!

Ushbu yig‘ilish xalqaro miqyosda murakkab vaziyat hukm surayotgan bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda. Bugungi kunda jahon prognoz qilish qiyin bo‘lgan va hatto oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarni keltirib chiqaradigan fundamental o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda.

Xalqaro maydonda o‘zaro ishonch va bir-birini tushunish inqirozi keskin sezilmoqda. Global va mintaqaviy xavfsizlikka qarshi tahdidlar kuchaymoqda va yangi xavf-xatarlar vujudga kelmoqda.

Shu munosabat bilan sizlar rahbarlik qilayotgan tuzilma va idoralarga alohida mas’uliyat yuklatilmoqda.

Sizlar ishtirok etayotgan yig‘ilish kun tartibi juda sermazmun, birgalikda qarorlar qabul qilishni hamda o‘zaro hamjihatlikda faoliyat yuritishni talab etadigan muhim masalalar sizlarning e’tiboringizga havola qilinmoqda.

Bugun sizlar terrorizm, ekstremizm va yoshlarning radikallashuvi, kiberjinoyatchilik, narkotik vositalarning tarqalishi, transchegaraviy jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan keng ko‘lamdagi dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashasiz.

Ushbu anjuman mamlakatlarimiz va mintaqadagi xavfsizlikka nisbatan tahdidlarni bartaraf etishda o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlar samaradorligini oshirish imkonini beradigan sermahsul fikr almashuvlar hamda yangi taklif va tashabbuslarga boy bo‘lishini tilayman.

O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz!

Mamlakatimizga tashrifingiz mazmunli va samarali bo‘lsin!», deyiladi murojaatda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring