Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Suriya: urushning yetti yili

Suriya: urushning yetti yili

Foto: «MagSpace.ru»

Bu yil mart oyida Suriyada qurolli mojarolar boshlanganiga, Palmira atrofidagi qishloqlarning biridan bo‘lgan Muhammad oilasining boshidan kechirgan dahshatlariga yetti yil to‘ladi.

Muhammad urush farzandi. Suriyada fuqarolar urushi boshlanganida u bor-yo‘g‘i ikki oylik chaqaloq edi.

Muhammad tug‘ilgan oilaning turmush tarzi birdan o‘zgarib qolgani yo‘q. Dastlab oziq-ovqat taqchilligi boshlandi. Keyin esa qurollangan notanish kimsalar mahalliy aholiga tahdid qila boshlashdi. Bir kuni qishloq to‘pdan o‘qqa tutildi. Bir necha kishi joyida vafot etdi, bolakayning qo‘liga esa snaryad bo‘lagi kelib tushdi.

«Bombardimon tufayli biz uni shifoxonaga olib bora olmadik. Bir amallab yetib olganimizda esa shifokorlar barmog‘ini kesib tashlash kerakligini aytishdi», — deydi Muhammadning otasi Husayn Ibrohim.

Shundan so‘ng oila o‘z uyini tashlab qo‘shni Livanga ketdi. Ular urush tufayli o‘z uyidan ayrilgan suriyalik 5 million qochqindan biriga aylanishdi.

Qo‘lidagi jarohatidan tashqari Muhammadning eshitish bilan bog‘liq muammosi ham bor. Bayrutda u karlar va zaif eshituvchilar maktabiga qabul qilindi. Omadi bor ekan.

«Biz suriyalik qochqinlarning bolalarini ko‘proq qabul qilishni xohlaymiz. Ammo buning uchun sharoitimiz yo‘q», — deydi maktab o‘qituvchilaridan biri Yadis Shauish.

BMT qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining ma’lumotlariga qaraganda, Muhammadga o‘xshagan bolalar soni milliondan oshadi. Ularning Suriya haqida eslaydigan yagona narsasi — urush.

O‘qituvchilarining aytishicha, Muhammad bir qator muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Boshidan kechirgan voqealarga qaramasdan, bolakay yangi sharoitga tezda moslashayapti.

Muhammadning ota-onasi bir kun kelib vatanga qaytishdan umidvor. Ammo eng muhimi bolalarini tinch va farovon vatanda tarbiyalab voyaga yetkazishdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring