Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi

Bugun, 26-oktabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Toshkent shahriga kelgan Turkiya Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama munosabatlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Shefik Vural Altay boshchiligidagi delegatsiyasi qabul qilindi.

Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktyabr oyida Turkiyaga va Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning joriy yil aprel-may oylarida O‘zbekistonga qilgan davlat tashriflari chog‘ida hamda keyingi oliy darajadagi ikki tomonlama aloqalarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida bo‘lajak qo‘shma tadbirlarning jadvali va kun tartibi ham muhokama qilindi.

Muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida birgalikda o‘zaro manfaatli hamkorlikning ijobiy tajribasi to‘planganligi e’tirof etilib, mazkur sohalardagi ikki davlat aloqalariga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, o‘zaro tovar aylanmasining dinamik o‘sib borayotgani, 2018-yilning yanvar-sentyabr oylarida bu ko‘rsatkich 1,52 mlrd. AQSh dollaridan oshgani, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40%ga ko‘proq natija ekani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlikni oshirish uchun zahira va yangi imkoniyatlar mavjudligi tasdiqlandi.

Tadbirda qo‘shma madaniy-gumanitar loyihalarni amalga oshirish borasida fikr almashildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi tinchlik jarayonining istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.

Shu kunning o‘zida O‘zbekiston – Turkiya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda Turkiya Elchisi Ahmet Bashar Shen ishtirok etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring