Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Britaniyaliklar adashishdi: biz ikkinchi o‘rindamiz!

Britaniyaliklar adashishdi: biz ikkinchi o‘rindamiz!

Foto: «RIA NOVOSTI»

Buyuk Britaniyaning «Sonsultancy» konsalting agentligi Pxyonchxan olimpiadasida qo‘lga kiritilgan medallar uchun qaysi davlat qancha miqdorda pul mukofoti berishini o‘rgandi. Unga ko‘ra qo‘shnilarimiz Qozog‘iston «eng qo‘li ochiq mamlakat» deb topildi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur mamlakatda sportchi oltin medalni qo‘lga kiritsa 215 ming yevro, kumush medal uchun 125 ming yevro, bronza medal uchun 62 ming 500 yevro mukofot olishi ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi o‘rindagi Italiyada oltin medalning «narxi» 150 ming yevro, kumush medal uchun 75 ming, bronza medalni qo‘lga kiritgan sportchiga 50 ming yevro mukofot taqdim etiladi.

Kuchli uchlikka kirgan Latviyada hukumat 142 ming 300 yevroni oltin, 85 ming 500 yevroni kumush medalni qo‘lga kiritgan sportchi uchun ajratgan. Qizig‘i shundaki, Latviyada uchinchi o‘rinni oladigan sportchilar hech qanday mukofotga loyiq ko‘rilmagan.

Kuchli o‘nlikdan sobiq SSSRning naqd beshta davlati o‘rin olgani ko‘pchilikni ajablantirgani yo‘q. Zero, oldingi olimpiada bahslarida ham shunga o‘xshash holatlar kuzatilgan. Masalan, «Rio-2016»da g‘olib chiqqan sportchilarini eng ko‘p mukofot bilan siylagan mamlakat Ozarbayjon bo‘lgan edi.

Agentlik ma’lumotlarida Qozog‘iston va Latviyadan tashqari, Belarus, Ukraina va Rossiya ham eng ko‘p mukofot taqdim etuvchi davlatlar qatorida tilga olingan.

Buyuk Britaniya, Norvegiya va Shvetsiya hukumati mamlakat sharafini himoya qilayotgan sportchilar uchun hech qanday mukofot e’lon qilishmagan. Biroq Norvegiya va Shvetsiya sportchilari milliy federatsiya va homiylar tomonidan mukofotlanishi belgilangan.

«Olimpiada-2018»ning medallarini qo‘lga kiritgan Janubiy Koreya va Bolgariya sportchilari bir umrlik ta’minotga ega bo‘ladilar.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshlarida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasida qishki olimpiadada ishtirok etuvchi sportchilarimizni Koreyaga kuzatish marosimi o‘tkazilib, ularga beriladigan mukofot miqdori ham e’lon qilingan edi. O‘shanda Koreyadagi olimpiadada medallarni qo‘lga kiritgan sportchilar xuddi yozgi olimpiya o‘yinlarida bo‘lgani kabi pul mukofoti bilan taqdirlanishi aytib o‘tilgan. Ma’lumot uchun, «Rio-2016»da chempion bo‘lgan sportchilarimiz 200000, kumush medal sohiblari 100000, bronza medal sovrindorlari esa 75000 AQSh dollari miqdorida pul mukofoti va «Malibu» avtomobiliga loyiq ko‘rilgan.

Darvoqe, Pxyonchxan olimpiadasida ishtirok etgan ikki sportchimiz – Misha Ge (figurali uchish) va Komil To‘xtayevga (tog‘ chang‘isi) sovrindorlar qatoridan joy olish nasib etmadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring