Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ravshan Haydarov: «Vodiydagi Keniya bilan o‘yinlar futbol bayramiga aylanadi»

Ravshan Haydarov: «Vodiydagi Keniya bilan o‘yinlar futbol bayramiga aylanadi»

Ravshan Haydarov.

Foto: «Сhampionat.asia»

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov yig‘in haqida «Сhampionat.asia» nashriga o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Keniya bilan o‘yinga tayyorgarlikni boshladik. Bu yig‘indan maqsad ikkita: 18-avgustdan 2-sentyabrga qadar Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik hamda olimpiya yoshidagi futbolchilarni jalb qilib, o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘yinni shakllantirish. Yig‘inga chaqirilgan deyarli barcha futbolchilar sog‘-salomat qo‘l ostimizga kelib qo‘shildi. Faqat Doston Ibragimov klubida jarohat olgani uchun bu yig‘inni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Abbos Otaxonovda ham kichik jarohati bor ekan, shu bois individual tarzda shug‘ullandi. O‘ylaymanki, u Keniya bilan o‘yinlarda bizga yordam bera oladi», — deydi Haydarov.

— Osiyo o‘yinlarida 1995 emas 1993-yildan keyin tug‘ilgan futbolchilar ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqaldi. Bu qanchalik rost?

— Yo‘q, yo‘q. Bu mish-mish. Indoneziyadagi Osiyo o‘yinlariga 1995 va undan keyin tug‘ilgan o‘yinchilar boradi. Tarkibda 3 nafar yoshi katta o‘yinchi ham bo‘lishi mumkin.

— Demak, 1994-yilda tug‘ilgan Azizbek Turg‘unboyev aynan mana shu yoshi katta futbolchilardan bo‘lishi mumkin?

— Ha, mumkin. U o‘z klubidagi o‘yinlari orqali e’tiborimizga tushdi. Turg‘unboyevdan tashqari kengaytirilgan ro‘yxatimizda yana yoshi katta futbolchilar bor. Bu jamoamizga qo‘shilib keta oladigan o‘yinchilarni Osiyo o‘yinlariga olib boramiz.

— Dostonbek Hamdamovning holati qanday?

— Yaxshi. O‘ziga keldi. Unda mana shu transfer tufayli biroz zo‘riqish bo‘lganmi bilmayman, holati yaxshi emas edi. Barcha masala hal bo‘lgach, o‘ziga keldi. «Anjid»a bitta o‘yin o‘tkazishga ham ulgurdi. Ayni paytda uning ruhiy va jismoniy holati yaxshi darajada. Endi undan talab qilinadigani maydonga tushib futbol o‘ynash.

— Keniya bilan o‘yinlar Andijon va Farg‘onada bo‘ladi. Bunga munosabatingiz qanday?

— Albatta ijobiy. Vodiyda futbolni qanchalik sevishlarini juda yaxshi bilamiz. Viloyatlarda o‘yin o‘tkazish tajribamizda bor. Yodingizda bo‘lsa, 2015-yilda ham Farg‘onada Yangi Zelandiya yoshlar terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazgandik. O‘shanda muxlislar terma jamoamizni ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlab turishgandi. Shu bois, Keniya bilan o‘yinlar futbol bayramiga aylanib ketadi deb o‘ylayman. Barcha muxlislarni stadionga chorlayman.

— Milliy terma jamoamizda ham bir qancha shogirdlaringiz bor...

— Haqiqatdan ham, milliy jamoaga olimpiya terma jamoasidan 6 nafar futbolchi jalb etildi. Milliy terma jamoamiz yangi murabbiylar shtabi, ko‘plab yangi futbolchilar bilan Afrikaga uchib ketdi. Senegal va Marokash jiddiy raqiblar, ular bejizga Jahon chempionatiga chiqishmagan. Biroq terma jamoamizga ishonamiz va ular kuchli raqiblarga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatishlariga tilakdoshmiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring