Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurobodga chempion kerak emas(mi?)

Nurobodga chempion kerak emas(mi?)

Foto: marifat.uz

Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimligi, xalq ta’limi bo‘limi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi mutasaddilari diqqatiga!

Yaqinda poytaxtimizda nihoyasiga yetgan shaxmat bo‘yicha maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi respublika chempionatida Samarqand viloyati o‘quvchilari 12 oltin, 5 kumush, 6 bronza medal bilan umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi. Bu muvaffaqiyatga rapid yo‘nalishida 15 yoshgacha qizlar o‘rtasida oltin medalga sazovor bo‘lgan Sevinch Alimova ham hissa qo‘shdi. 

Sevinch Alimova — Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi 75-maktabning 7-sinf o‘quvchisi. 2004 yil 7 may kuni Nurobod tumani «Ulus» MFY Ittifoq qishlog‘ida tug‘ilgan. Shaxmat bilan 5 yoshidan shug‘ullanib kelmoqda. Birinchi murabbiyi — otasi Yunus Ismoilov. Hozirgi murabbiyi — Laylo Erfan. 

Erishgan yutuqlari: 

2012-yil — 8 yoshgacha qizlar o‘rtasida respublika chempionatida 2-o‘rin. 

2014-yil — 10 yoshgacha qizlar o‘rtasida respublika chempionatida 2-o‘rin. 

2017-yil — maktab o‘quvchilari o‘rtasida respublika chempionati blits yo‘nalishida 13 yoshgacha qizlar o‘rtasida 1-o‘rin. 

2018-yil — 14 yoshgacha qizlar o‘rtasida respublika chempionatida 1-o‘rin. 

2018-yil — maktab o‘quvchilari o‘rtasida respublika chempionati rapid yo‘nalishida 15 yoshgacha qizlar o‘rtasida 1-o‘rin. 

Shaxmat bo‘yicha mamlakat chempioni bo‘lish qanchalik mehnat talab qilishini sohadan xabari bor insonlar yaxshi biladi. O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda poytaxt bilan bir qatorda Samarqand viloyati yoshlari ham peshqadam bo‘lib kelmoqda. Sevinch Alimova esa shaxmat bo‘yicha Nurobod tumanidan yetishib chiqqan ilk O‘zbekiston chempionidir. 

Bunda otasi — birinchi murabbiyi, tumandagi 75-maktabning sobiq o‘qituvchisi Yunus Ismoilovning hissasi katta. Shu yil fevral oyida necha yillik mehnatlari samara berib, qizi O‘zbekiston chempioni degan sharafga erishgan vaqtda Yunus Ismoilov uning yonida bo‘lolmadi. Gap shundaki, ro‘zg‘oridagi qiyinchiliklarni bartaraf etish, farzandlari (3 o‘g‘il, 1 qiz) yaxshi o‘qib, o‘zlariga mos kasb egasi bo‘lib ulg‘ayishi uchun, qisqasi, oilasiga munosib sharoit yaratish maqsadida u Rossiyaga ishlagani ketgandi. Ammo mo‘ljalidagidek haq beriladigan ish topolmay, ortiga qaytdi. Shaxmatchi qizi maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi respublika chempionatida ishtirok etish uchun yetarli mablag‘ jamg‘arish maqsadida tishining kovagida asrab yurgani, boru yo‘q boyligi — g‘unajinini sotib, Sevinchni yetaklab Toshkentga keldi... 

Sevinch oilada ikkinchi farzand. Akasi kollejda, ikki ukasi maktabda o‘qiydi. Bolalar ulg‘aygani sari oilaviy xarajatlar ham ortib bormoqda. Sevinch shaxmat bilan yanada jiddiy shug‘ullanmoqchi, buning uchun uyida internetga ulangan zamonaviy kompyuter, eng so‘nggi shaxmat dasturlari bo‘lishini anchadan buyon orzu qiladi. Shaxmatchi sifatida o‘sishi uchun endi yanada kuchli murabbiylar sabog‘ini olishi lozim. Kuchli murabbiylar esa viloyat markazida, viloyat markaziga esa qishloqdan 75 kilometr yo‘l bosib borish kerak. Afsuski, ayni kez Sevinch Samarqandga qatnab shug‘ullanolmaydi. Internet orqali bog‘lanib, murabbiydan zarur ko‘rsatmalarni olishi, vazifalar olib bajarishi mumkin-ku dersiz. Mumkin albatta. Ammo buning uchun eng avvalo kompyuteri bo‘lishi kerak-da. Oila budjeti esa hozircha bunday xaridni ko‘tarmaydi. 

Moliyaviy muammolar-ku bartaraf etilar. Biroq Sevinch mamlakat chempioni bo‘lib qaytganidan so‘ng na tuman hokimligi, na xalq ta’limi bo‘limi, na O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashidan biron mard chiqib, ko‘pchilikning oldida ikki og‘iz maqtab, so‘nggi rusumdagi kompyuter sovg‘a qilgandir, hech bo‘lmasa «Tumanimizdan shunday iqtidorli qiz chiqibdi, O‘zbekiston chempioni bo‘libdi, tumanimiz dongini mamlakatga yoyibdi» deya qo‘lini qisib, «Otangga rahmat, qizim! Sen tumanimizning faxrisan!» degandir deysizmi? Yo‘q-da! Aytilsa, maktabida aytildi, sinfida aytildi... 

Go‘yo Nuroboddan har hafta, har oy bir chempion chiqaverib, mutasaddilar esa ularni qutlab, murabbiylarini e’zozlab, qimmatbaho sovg‘a-salom beraverib, charchab qolgandek, chempionlardan «eti qotgan» chog‘i, Sevinchning shunday nufuzli musobaqa g‘olibi bo‘lganini faqat sinfdoshlari, nari borsa, maktabdoshlari bildi, xolos... 

Yaxshi otga bir qamchi deganlaridek, mazkur luqmadan mutasaddilar tegishli xulosa chiqaradi degan umiddamiz. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor berib, umumta’lim maktablarida shaxmatdan dars berish masalasini ko‘targanida, Sevinch kabi noyob iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash, iste’dodini yuzaga chiqarish ham farz, ham qarzdir. 

Darvoqe, Sevinch Alimova shu yilning noyabrida Gretsiyada o‘tkaziladigan jahon chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida mamlakatimiz sharafini himoya qiladi. Muhimi, tuman rahbarlarining loqaydligi va beparvoligiga qaramay, yosh shaxmatchi mazkur nufuzli musobaqaga hozirdanoq puxta tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Unga jahon chempionati va kelgusi bahslarda muvaffaqiyat tilaymiz. 

Husan Karvonli

marifat.uz saytidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring