O‘zbek murabbiylari futbolchini chetga sotish, «otkat» olish, hakam va murabbiylarni sotib olish bilan shug‘ullangani aytildi

O‘zbek murabbiylari futbolchini chetga sotish, «otkat» olish, hakam va murabbiylarni sotib olish bilan shug‘ullangani aytildi

Shavkat Imomov

Foto: www.the-uff.com

O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy saytida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining Xitoyda o‘tayotgan Osiyo chempionatidagi ilk o‘yinida qayd etgan mag‘lubiyatidan so‘ng murabbiylar faoliyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

Maqolada mag‘lubiyatda murabbiylarning xatosi bor ekani alohida qayd etilgan va mamlakatimizda murabbiylar tayyorlash tizimi haqida so‘z yuritilgan. O‘zbekiston futbol federatsiyasida yangi tashkil etilayotgan Murabbiylar tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Imomov ana shu masalalarda jurnalist savollariga javob qaytargan.

«O‘zbekistonda murabbiylarni tayyorlash tizimi izdan chiqqan desak bo‘ladi. Ko‘p yillardan beri bu tizim yetarli darajada ishlamayapti. Murabbiylarning saviyasi, ularning darajasi bilan shu paytga qadar hech kim qiziqmagan. Oxirgi 11 yil ichida O‘zbekiston hududida o‘tkazilgan murabbiylar tayyorlash bo‘yicha OFK va O‘FF kurslari Murabbiylar va hakamlar tayyorlash respublika maktabi orqali o‘tkazilgan. Murabbiylar o‘quv kurslarini bitirgach, ularning keyingi faoliyati federatsiya tomonidan nazoratga olinmagan.

Bugungi kungacha Murabbiylar va hakamlar tayyorlash respublika maktabining asosiy maqsadi sifatga emas, songa e’tibor qaratish bo‘lgan. Chunki qancha ko‘p murabbiy kurslarda o‘qisa, ushbu maktabga shuncha ko‘p pul tushgan.

Murabbiylarning saviyasi doimiy ravishda oshirib borish yo‘lga qo‘yilmagan. Holbuki, murabbiy doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi, zamonaviy futbol bilan hamnafas bo‘lishi kerak», — deya ta’kidlagan boshqarma boshlig‘i.

Imomovning so‘zlariga ko‘ra, endilikda murabbiylar litsenziyani O‘zbekiston futbol federatsiyasidan olishlari yo‘lga qo‘yiladi. Federatsiyadagi mutaxassislar bu borada shaffoflik va haqqoniylik ta’minlanishiga, faqat o‘z kasbining ustalari bo‘lgan fidoiy insonlar murabbiylik bilan shug‘ullanishlariga mas’ul bo‘ladilar.

Federatsiya boshqarma boshlig‘i ayrim murabbiylar terma jamoa natijasidan ko‘ra o‘z manfaatini manfaatini ustun qo‘yganini qayd etgan. Ammo gap aynan qaysi murabbiy haqida borayotganiga aniqlik kiritilmagan. O‘FF mulozimining aytishicha, «bunday murabbiylarning asosiy maqsadi terma jamoa g‘alabasi emas, balki terma jamoada to‘p surayotgan futbolchilarni chet el klublariga sotib, pul ishlab olish» bo‘lib qolgan. Bundan tashqari, ba’zi murabbiylar xorijdan legioner olib kelib, ularga katta oylik belgilashgan. Keyin o‘sha oylikning ma’lum qismini «otkat» sifatida o‘zlari olib yurishgan. Xorijdan taklif etilgan saviyasiz legionerlar bunday qing‘irliklarga «jon» deb rozi bo‘lishgan. Shuningdek, mahalliy futbolchilarning oylik maoshidan ham «otkat» oluvchi murabbiylar ham bo‘lgan.

Yana bir muammoni aytib o‘tish kerak. Milliy chempionatda ishtirok etuvchi aksariyat klublar boshliqlari murabbiydan har qanday yo‘l bilan bo‘lsa-da, natija ko‘rsatishni, uch ochkoni qo‘lga kiritishni talab qilishgan. Bunday vaziyatda murabbiy o‘z ustida ishlab, haqqoniy o‘yinda g‘alaba qozonish o‘rniga, natijaga erishishning qing‘ir yo‘llarini izlashga tushishgan. Ba’zi o‘yinlarda hakamlar sotib olingan bo‘lsa, ba’zan esa raqib jamoa murabbiylari bilan kelishuv evaziga o‘yin natijalari avvaldan hal qilingan. Shubhasiz, bu kabi illatlar xalqaro o‘yinlarda o‘z salbiy natijasini ko‘rsatishi aniq edi.

Shavkat Imomov

Maqolada aytilishicha, mavjud muammolarni bartaraf etish uchun O‘zbekiston futbol federatsiyasidagi Texnik rivojlantirish boshqarmasida Murabbiylar tayyorlash bo‘yicha bo‘limini alohida boshqarmaga aylantirish ishlari boshlandi. Ushbu boshqarmaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda malakali murabbiylarni tayyorlash, ularning sonini emas, sifati va saviyasini oshirishdan iborat bo‘ladi. Endilikda murabbiy kasbini egallamoqchi bo‘lganlar oldiga qo‘yiladigan talablar ham ancha qat’iylashadi. Shuningdek, murabbiylar saviyasi muntazam ravishda oshirib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.

«Bu boradagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan. Jumladan, Janubiy Koreya futbol assotsiatsiyasi bilan imzolangan memorandum asosida Superliga murabbiylari malaka oshirish uchun Key-ligaga yuborilmoqda. Ular u yerda tajribali murabbiylar bilan fikr almashib, yangicha ishlash uslublarini o‘rganib kelishadi. Seminar davomida murabbiylarga mashg‘ulotlar o‘tkazish, futbolchilarni o‘yinlarga tayyorlash, yangi taktikalar ishlab chiqish va ularni o‘yinlar davomida joriy qilish bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tiladi. Bunday seminarlarni nafaqat Osiyo mamlakatlarida, balki futboli ancha rivojlangan Yevropa mamlakatlarida ham o‘tkazish rejalashtirilgan», — deyiladi maqolada.