Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent va Samarqandda Olimpiya shaharchalari quriladi

Toshkent va Samarqandda Olimpiya shaharchalari quriladi

O‘zbekistonda yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishni tashkil etish to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi (2019 yil 14 may, 401-son).

Qaror bilan yozgi Osiyo o‘yinlarini o‘tkazishni tashkil etish uchun munosib infratuzilmani yaratishga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi tasdiqlandi.

Dasturga ko‘ra, xalqaro nufuzli musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha jamg‘arma tashkil etiladi, Toshkent va Samarqand shaharlarida Olimpiya shaharchalari quriladi.

Eslatib o‘tamiz, navbatdagi XIX yozgi Osiyo o‘yinlari 2022 yil Xanchou shahrida (Xitoy), XX yozgi Osiyo o‘yinlari 2026 yil Nagoya shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tishi belgilangan bo‘lib, 2030 yil XXI yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkazilishi joyi belgilanmaganligi sababli O‘zbekiston da’vogar sifatida Osiyo Olimpiya Kengashiga buyurtma berish imkoni mavjud.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil, dekabr oyida Oliy majlisga qilgan murojaatnomasida yozgi Osiyo o‘yinlaridan biriga mezbonlik qilish bo‘yicha harakatlarni boshlash kerakligini aytib o‘tgan edi.

Shundan so‘ng Milliy olimpiya qo‘mitasining sobiq prezidenti Umid Ahmadjonov Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad Al-Sabax bilan uchrashuv o‘tkazgandi. Uchrashuvda shuningdek, AIBA’ning sobiq prezidenti G‘ofur Rahimov ham ishtirok etdi. Unda tomonlar 2030 yilgi Osiyo o‘yinlarini O‘zbekistonning Toshkent hamda Samarqand shaharlarida o‘tkazish masalalarini muhokama qilishgan edi.

E’tiborli tomoni, kuni kecha Umid Ahmadjonov Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbarligidan iste’foga chiqarildi va uning o‘rniga O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi sifatida faoliyat olib borgan Rustam Mavzurovich Shoabdurahmonov  saylandi.

Avvalroq 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun shuningdek yana Qatar, Hindiston va Filippin davlatlari ham da’vogarlik qilishi xabar qilingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring