Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentning sportga oid imzolaydigan qarori ijrosini Bosh prokuratura nazorat qiladi

Prezidentning sportga oid imzolaydigan qarori ijrosini Bosh prokuratura nazorat qiladi

Foto: O‘FA rasmiy sayti

Kecha poytaxtimizdagi O‘zbekiston milliy akademik drama teatrida O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan sport federatsiya va assotsiatsiyalar, olimpiya zaxiralari sport kollejlari, ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari tizimlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar o‘rtasida uchrashuv, o‘ziga xos ochiq muloqot tashkil qilindi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov, Davlat maslahatchisining o‘rinbosari Bekzod Mavlyanov, milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti va mamlakat futbol assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilovlar ishtirok etishdi.

Shaxsan Prezident topshirig‘iga binoan tashkil etilgan uchrashuvda soha mutaxassislari o‘z takliflari bilan chiqish qilishdi. Mavjud muammolar va ularning yechimi xaqida so‘z bordi. Shuningdek, ayni paytda yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanmaslik, buning oqibatida natijalarning pasayib ketishi, seleksiya ishlarining to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilmasligi, yosh va iqtidorli sportchilarning chetda qolib ketayotganligi eng katta kamchilik ekanligi ta’kidlandi.

Olimpiya zaxiralari kollejlari va ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablari faoliyati islohotlarga muhtoj ekanligi, malakali kadrlar yetishmasligi, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda o‘rta maktablarda jismoniy tarbiya fani va sport to‘garaklari talab darajasida o‘tilmasligi kabi muammolar ko‘tarildi.

Foto: O‘FA rasmiy sayti

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov ham so‘zga chiqqan.

Yaqin kunlar ichida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan imzolanadigan qarorda Siz - soha mutaxassislarning fikri ham inobatga olinishi kerak. Albatta, haqli savol tuzilishi tabiiy. Nima uchun Bosh prokuror sport masalasidagi yig‘ilishga keldi? Chunki, yangi qaror ijrosi aynan Bosh prokuratura tomonidan nazorat qilinadi. Buning uchun katta ishchi guruhi tuzilgan. Shu sababli ham, mamlakat rahbarining topshirig‘i bilan bu yerga keldim. Sport tizimini tubdan isloh qilish, qayta ko‘rib chiqish uchun nimalar qilishimiz lozim? Yangi qaror uchun qanday qo‘shimchalar kiritsak samaradorlikka erishishimiz mumkin bo‘ladi? Marhamat, o‘z fikringiz bilan o‘rtoqlashing.

Otabek Murodov

Shuningdek, Umid Ahmadjonov ham yig‘ilganlardan tortinmay o‘z taklifini berishlarini, mazkur tarixiy qarorda yana nimalarga ahamiyat berilishi lozimligini so‘radi:

Bugungi muloqot orqali muammolarni hal qilib, kamchiliklarni bartaraf etishimiz kerak. Aynan Siz va bizning fikrimiz kutilayotgan qarorda o‘z aksini topadi. Sohada muammolar yetarli, bugun biz ularni aniqlashimiz, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rishimiz va yangi qaror samarali ishlashi uchun tegishli bandlarni kiritishimiz zarur. Shuningdek, davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘larni maqsadli sarflanishini nazorat qilishimiz, bu borada tizimni qaytadan ko‘rib chiqishimiz zarur.

Umid Ahmadjonov

Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari vakillari, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi mutasaddilari, Olimpiya zaxiralari kollejlari, iqtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari rahbarlari so‘zga chiqib, o‘z takliflarini bildirishdi. Sport sohasida to‘planib qolgan muammolar, ularni bartaraf etish uchun nimalar qilish lozimligi haqida gapirdilar.

Yig‘ilish ishtirokchilari ta’lim tizimidagi jismoniy tarbiya o‘qituvchilari bilan uzviy bog‘liqlikni yo‘lga qo‘yish, seleksioner murabbiylar rolini kuchaytirish, sport majmualarini sifatli jihozlar bilan ta’minlash, ulardan foydalanish samaradorligini oshirish borasida yangi qaror uchun lozim bo‘lgan o‘z fikr va mulohazalarini ma’lum qilishdi. Yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilayotgan qarorda ushbu takliflar albatta e’tiborga olinishi qayd etib o‘tildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring