Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rasman. Milliy olimpiya qo‘mitasiga Umid Ahmadjonov o‘rniga yangi rahbar saylandi

Rasman. Milliy olimpiya qo‘mitasiga Umid Ahmadjonov o‘rniga yangi rahbar saylandi

Foto: MOQ matbuot xizmati

Bugun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining navbatdan tashqari Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berib o‘tdi.

Bosh Assambleya ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi mutasaddilari, sport federatsiya va assotsiatsiyalarning rahbarlari, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etishdi.

Unda kun tartibidan quyidagi 2 masala o‘rin oldi: shu davrgacha qo‘mitaga rahbarlik qilgan Umid Maxamadjanovich Ahmatdjanovning o‘z xohishiga ko‘ra iste’foga chiqish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish va uning o‘rniga yangi rahbar saylash.

Assambleya davomida so‘zga chiqar ekan, Abdulla Aripov Tokio Olimpiadasiga oz fursat qolgani va sportchilarimizni bo‘lajak musobaqaga puxta tayyorlash, ishlarni yanada jadallashtirish, Olimpiya o‘yinlariga imkon qadar ko‘proq litsenziyalar qo‘lga kiritish bo‘yicha mutasaddilarga kerakli ko‘rsatmalarni berdi.

Shundan so‘ng, yig‘ilish ishtirokchilariga Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidentligiga O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi sifatida faoliyat olib borgan Rustam Mavzurovich Shoabdurahmonov nomzodi taklif qilindi. Assambleya ishtirokchilari bir ovozdan ushbu nomzodni qo‘llab quvvatlashdi va Rustam Shoabdurahmonov MOQ prezidenti etib saylandi.

“Avvalombor, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun katta rahmat. Tushunib turibman, zimmamda juda mas’uliyatli va muhim vazifa turibdi. Tokio Olimpiadasiga ham oz fursat qoldi. Yangi vazifamda bor kuch-g‘ayratimni ishga solishga va’da beraman. Bu yo‘lda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, barcha federatsiyalar va assotsiatsiyalarni hamkorlikka va qo‘llab-quvvatlashga chaqirib qolaman”, – dedi Rustam Shoaburahmonov.

Shuning bilan MOQning navbatdan tashqari Bosh Assambleyasi o‘z ishini yakunladi. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi o‘z navbatida shu paytgacha tashkilotga rahbarlik qilgan Umid Maxamadjonovich Ahmatdjanovning kelgusidagi faoliyatida omad va zafarlar tilab qoladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring