Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rasman! Superliga formati yana o‘zgaradi: «Surxon» va «Dinamo»ga ham yo‘llanma berildi

Rasman! Superliga formati yana o‘zgaradi: «Surxon» va «Dinamo»ga ham yo‘llanma berildi

Superliganing 2019-yilgi mavsumida 14ta klub ishtirok etadi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Litsenziyalash qo‘mitasi «Surxon» hamda «Dinamo» klublariga shartli ravishda Superliga yo‘llanmasini taqdim etdi.  Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati hududlarda futbolni rivojlantirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan viloyat hokimlarini qadrlaydi. Bungacha Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov kabilar viloyat futbolini rivojlantirish yo‘lida katta hamjdagi ishlarni amalga oshirayotgandi. Ortda qolgan bir necha oy davomida esa Surxondaryo va Samarqand viloyatlari hokimlari ham O‘FA bilan to‘laqonli hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi», deyiladi xabarda.

«Surxondaryo viloyati bir necha yillar davomida katta futboldan uzoqda qoldi. Erkinjon Turdimov mazkur viloyatga rahbar etib tayinlangach, viloyat futbolida ijobiy o‘zgarishlar kuzatila boshlandi. Ayni vaqtda «Surxon» futbol klubi Litsenziyalash qo‘mitasi ilgari surgan barcha talablarni bajardi. Viloyatdagi bosh stadionni ta’mirlashda ayni vaqtdagi hokim Bahodir Po‘latov ham o‘z yordamini ayayotgani yo‘q. Erkinjon Turdimovning o‘zi esa endilikda Samarqand viloyatida futbolni ko‘tarish ishlarini boshlab yubordi. Mazkur ishlar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining e’tiboridan chetda qolmaydi. Shuningdek, har ikki viloyatda millionlab futbol muxlislari katta futbolni sog‘inib qolgani uchun ham «Dinamo» va «Surxon»ga shartli ravishda Superliga yo‘llanmasini taqdim etish bo‘yicha qaror qabul qilindi», — deb mazkur holatga o‘z munosabatini bildirdi O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov.

Bungacha Professional futbol ligasi 12ta klub ishtirok etishi uchun mo‘ljallangan format va reglamentni taqdim etib ulgurgandi. Keyinroq bu masala Litsenziyalash qo‘mitasi va O‘FA Ijroqo‘mi a’zolari o‘rtasida tahlil qilindi. Unda qator fikrlar bildirildi, jamoalar sonining oshishi munozaralarga sabab bo‘ldi. Yakunda O‘FA Ijroqo‘mi Professional futbol ligasiga yangi talab bo‘yicha ayrim bandlari o‘zgartirilgan reglamentni tasdiqdan o‘tkazish uchun bir hafta muhlat belgiladi. Qo‘shimchasiga, bugun — 25-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan Superliganing 2019-yilgi mavsumi uchun qur’a tashlash marosimida «Surxon» va «Dinamo» vakillari ham ishtirok etishiga ruxsat berdi.

«Chempionat startiga bir necha kun qolganda shunday qaror qabul qildik. Bungacha Superliganing 12ta klubini o‘z talablarimiz bo‘yicha ishlashga unday oldik. Endi esa yana ikki klub ularga yetib olish yo‘lida mehnat qiladi. Bizning maqsadimiz iloji boricha kattaroq hududlarni futbol bilan qamrab olish, iloji boricha ko‘proq muxlislarni futbolga qaytarishdan iborat. Mana shunday katta maqsadlar yo‘lida reglamentlardagi kichik o‘zgarishlargacha borishga tayyormiz», — dedi Umid Ahmadjonov.

Superliganing yangi formati va uning atrofidagi qolgan jarayonlar haqida Professional futbol ligasi rasman ma’lumot beradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring