Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ronaldu, uchta gol, sakkizinchi xet-trik va «Yuventus» keyingi bosqichda

Ronaldu, uchta gol, sakkizinchi xet-trik va «Yuventus» keyingi bosqichda

Yevropa chempionlar ligasi 1/8 finali doirasida «Atletiko» va «Yuventus» o‘rtasida kechgan birinchi bahsdan so‘ng turinliklarda deyarli imkon qolmagani haqida gapirilayotgan edi. Chunki «Atletiko» o‘z maydonida 2:0 hisobida g‘alaba qozongan edi.

Ammo bunday fikrda bo‘lganlar bir narsani unutib qo‘yishgandi — «Yuventus» safida Krishtianu Ronaldu bor! Javob o‘yinida katta sahnaga aynan u chiqdi.

Uchrashuvning 27-daqiqasida Ronaldu bosh bilan zarba yo‘llab, hisobni ochdi. Garchi shundan so‘ng Diyego Simeone shogirdlari vaziyatni o‘nglash uchun oldinga tashlangan bo‘lsa ham, vaziyatni o‘nglay olmadilar. Ikkinchi bo‘lim avvalida esa Krishtianu Ronaldu yana bosh bilan zarba yo‘llab, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

Uchrashuvga yakuniy nuqta ham aynan Ronaldu uslubida qo‘yildi. 86-daqiqada «Atletiko» darvozasiga penalti belgilandi va 11 metrlik nuqtadan kim zarba berganini topish u qadar qiyin bo‘lmasa kerak. Ronaldu va hisob — 3:0.

Shu tariqa «Yuventus» sensatsion (!) tarzda keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Darvoqe, Ronalduning hisobida YeChLdagi xet-triklar soni 8 taga yetganini ham aytib o‘tish lozim. Bu borada u bilan bir pog‘onada kim turganini o‘zingiz yaxshi bilasiz. Messi!

Chempionlar ligasi
1/8 final, javob bahsi
Yuventus Italiya – Atletiko Ispaniya 3:0 (1:0, 2:0)
Gollar: 1:0 — 27 Ronaldu, 2:0 — 49 Ronaldu, 3:0 — 86, penalti Ronaldu.
Yuventus — Shchensni, Kellini, Bonuchchi, Joau Kanselu, Jan, Spinatssola (Dibala, 67), Matyuidi, Pyanich, Bernardeski, Mandjukich (Kin, 80), Ronaldu.
Atletiko — Oblak, Ximenes, Xuanfran, Aryas (Vitolo, 77), Godin, Koke, Rodri Ernandes, Saul, Lemar (Korrea, 57), Morata, Grizmann.
Ogohlantirishlar: Bernardeski (64), Xuanfran (73), Ximenes (86), Vitolo (90).
Ilk o‘yin — 0:2.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring