Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uyidan qochib ketib yulduzga aylangan futbolchi

Uyidan qochib ketib yulduzga aylangan futbolchi

Foto: «footballhd.ru»

«Liverpul»ning senegallik legioneri Sadio Mane bir qarashda yulduzlik darajasiga juda tez erishganday tuyulishi mumkin. Ammo uning bolaligi, futbolchi bo‘lish uchun qanchalar mashaqqat chekkanidan ko‘pchilik bexabar. Shu bois klub telekanali Sadio bilan dildan suhbatlashishga qaror qildi. Demak, u o‘z hayoti haqida o‘zi hikoya qiladi.

«Allohning menga bergan ne’mati bu»

Hamma tezkorligimga havas qiladi. O‘zimdan gohida «Bunday chopqirlikning alohida siri bormi?» deb ham so‘rashadi. Bu Allohning menga bergan ne’mati. Tezkor bo‘lay deya qo‘shimcha mashg‘ulotlar bajarmadim. Shunday yaratilganimdan hatto maktabda o‘qib yurgan chog‘larimda ham yugurish musobaqalariga qatnashishga majbur bo‘lardim. Ishonmasligingiz mumkin, u paytlarda hozirgidan tezkor edim. Shuning uchunmi, uzoq masofalarga yugurish bahslarida maktabim sharafini bir necha bor himoya qilganman. Ha, bolaligimda hatto velosipedim ham yo‘q edi. Oyoqkiyimimni kiyardim-da, bir necha kilometr olisdagi maktabimga chopardim.

«Ichmayman, chekmayman»

Boshimga tashvish tushganda ham, xursandchiligimda ham Allohga shukur qilaman. Mashg‘ulotlardan bo‘shashim bilan Qur’oni karimni qo‘lga olib, mutolaa qilaman. Din – mening uchun futboldan ham muhimroq. Go‘zal din – islomning ahkomlariga imkoni boricha amal qilaman. Kunda besh vaqt namoz o‘qiyman. Spirtli ichimliklarni umuman iste’mol qilmayman, hatto sigaret ham chekmayman. Nafaqat sportchi yoki futbolchi, balki hamma uchun tananing sog‘lomligi muhim. Shunday ekan, me’yorida ovqatlanaman. O‘zimning shaxsiy oshpazim bor. Uning tavsiyalariga qat’iy rioya etaman.

«Mashg‘ulot va tajriba»

Hayotim mobaynida hech qachon og‘ir mehnatdan o‘zimni olib qochmadim. Mashg‘ulotlarda tinmay ter to‘kdim. Bizda shunday gap bor «Mehnat – ulug‘lik ko‘prigidir». Agar 25 yoshga kirgan bo‘lsangiz ham futbolda hamma narsaga erishdim deya olmaysiz. Chunki tajriba yillar davomida to‘planadi. Hamon o‘rganayapman: futbolchilar, murabbiylar va raqiblardan.

«15 yoshimda uydan qochib ketganman»

Hamon esimda, 2002 yili Yaponiya va Janubiy Koreya maydonlarida bo‘lib o‘tgan jahon chempionati. Bizning milliy termamiz birinchi o‘yinidayoq jahon chempioni Fransiyani mag‘lub etgandi. O‘shanda maktabda o‘qir edim. El Hoji Diufning fanati edim. Shu bois birinchi o‘yinni ko‘rish uchun maktabdan qochib, sinfdoshimning uyida o‘sha o‘yinni tomosha qilgandim. Diuf meni butunlay «millionlar o‘yini»ga asir etib qo‘ygandi. 15 yoshga to‘lganimda uydan qochishga qaror qildim. Chunki oilamdagilarning aksariyati mendan futbolchi chiqishiga ishonishmasdi. Oilada 10 kishi edik. Amakim va farzandlari biz bilan bir hovlida yashardi. Kiyim-kechaklarni yig‘ishtirdim-da, poytaxt shahar Dakarga borish uchun ko‘chaga chiqdim. Ammo kissamda umuman pul yo‘q edi. Otamning tanishining oldiga borib, undan yordam so‘radim. U esa bir necha kunga yetadigan pul berdi.

«Dortmund»da ham to‘p surishim mumkin edi...»

Jamoamiz bosh murabbiyi Yurgen Klopp avvalgi klubi «Borussiya»ga ham taklif qilgandi. Unda men «Zalsburg»da to‘p surardim. Shartnoma muddati tugamagandi. Qolaversa, klubdagilar mening yanada o‘sishimni inobatga olib, Yurgen Kloppga rad javobini berishgandi. Germaniyalik murabbiy «Liverpul»ga ko‘chib o‘tishi bilan yana meni jamoasiga taklif qildi. Ikki tomon kelishuviga ko‘ra Angliyaga keldim. Jamoamiz yosh. Bu yil chempionlikka erisha olmasmiz. Ammo keyingi yili albatta liverpullik muxlislarning necha yillik orzusini ro‘yobga chiqaramiz. Yana bir gap. Kelasi mavsum Nabi Keyta bizning safimizga qo‘yshiladi. U bilan deyarli har kuni telefonlashamiz. U mendan «Liverpul» haqida so‘raydi. Men bu yerda fantastik muhit hukmronligini aytib, qiziqishini yanada orttirayapman.

Dilmurod Parpiyev tayyorladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring