AQSh Isroilga yana o‘n minglab ajal qurollarini taqdim etmoqda
Ayrim ziddiyatli nuqtalarga qaramay, Tramp Netanyahuni qat’iy qo‘llab kelmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Isroilga umumiy qiymati 2,8 milliard dollarga teng og‘ir vaznli aviatsiya bombalarini yetkazib beradi.
The Washington Post xabar berishicha, Vashington yahudiy davlatiga MK-84, BLU-117 va I-2000 Penetrator rusumli bombalardan 20 ming donadan taqdim etadi.
Gazeta Isroil G‘azo va Livanda aholi zich hududlarda og‘ir vaznli bombalarni ko‘p bora qo‘llagani, tinch aholi orasidagi o‘limlar esa tanqidlarga sabab bo‘lganini eslatgan.
2024-yilda Jo Bayden ma’muriyati G‘azoda qo‘llanishi ehtimoli sabab Isroilga og‘ir vaznli bombalarni yetkazishni vaqtincha to‘xtatgan, Tramp 2025-yil yanvarda hokimiyatga kelgach, bu taqiqni bekor qilgan edi.
Qurol yetkazilishi haqidagi xabarni Euronews ham tasdiqlagan. Telekanal bir necha milliardlik oldi-sotdi AQShning Isroilga harbiy ko‘mak dasturi hisobidan, ya’ni amerikalik soliq to‘lovchilar cho‘ntagidan moliyalashtirilishini ma’lum qilgan.
Isroil HAMAS harakati hujumiga javoban 2023-yil 7-oktyabr kuni G‘azo sektoriga bostirib kirganidan buyon qirg‘inbarotda 73 700 dan ziyod falastinlik, jumladan, minglab bolalar va ayollar halok bo‘ldi.
G‘azo sektorida Isroil bombardimonlarida halok bo‘layotgan tinch aholi soni oshib borayotgan bir paytda xalqaro tashkilotlar AQShdan yahudiy davlatiga qurol yetkazishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Jumladan, Oxfam hamda Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari Isroil bombardimonlarida minglab falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qayd etib, Tel-Aviv Vashington tomonidan yetkazilayotgan qurollardan xalqaro huquq me’yorlari doirasida istifoda etishini savol ostiga olgan.
Qo‘shma Shtatlardagi taniqli siyosatchilardan biri, senator Berni Sanders ko‘p milliardlik ko‘mak berishdan avval Netanyahu ma’muriyati zimmasiga tinch aholi o‘limini kamaytirish borasida majburiyat yuklashni talab qilgan.
Avvalroq Davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi. 11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan J.Pol HAMASning Isroilga hujumini qoralagani holda, hozirgi vaziyatda yahudiy davlati tutayotgan siyosat va AQSh uni qo‘llab-quvvatlayotgani xato ekanini ta’kidlagan.
Jahon matbuoti xabariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, AQSh Isroilni goh imi-jimida, goh oshkora qurollantirishda davom etmoqda.
2024-yil avgust oyida Bayden ma’muriyati Isroilga 20 milliard dollarlik qiruvchi uchoqlar va harbiy texnika oldi-sotdisini tasdiqlagan.
Oq uy 2024-yil may oyida mamlakat qonun chiqaruvchi idorasini Isroilga 1 milliard dollardan ziyod miqdorda qurol-aslaha yetkazish rejasidan xabardor qilgan.
Tramp ma’muriyati ham Isroilni 2025-yili 3 milliard, joriy yil yanvarda esa 6,67 milliard dollar miqdorida ajal qurollari bilan siylagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter