Biz bolajon xalq emasmiz yoxud bolaning begonasi bo‘larkan

Ertalab yangiliklar lentasida «Samarqandda bolalarga berilishi kerak bo‘lgan 12 kg go‘sht suyakka aylanib qoldimi?» degan xabarni o‘qib bolajon xalqligimiz esimga tushib ketdi.
Nimagadir mana shunday xabarlarga duch kelganimda bolajon xalqmiz, degan iborani kim birinchi bo‘lib aytgan ekan, deb o‘ylayman.
Bizda bolani sevish qayergacha? Tug‘ilgunichami?
To‘g‘ri, biz bolaning dunyoga kelishini intiqib kutamiz, ketma-ket dunyoga keltirishni o‘ylaymiz. Lekin bolaning sog‘lig‘i, uning sifatli ovqatlanishi, sifatli ta’lim olishi borasida bu ibora sirayam o‘zini oqlamaydi.
Bolaning begonasi bo‘lmaydi, degan iborayam bor. Boshqa mamlakatlarni bilmadimu, lekin bizning yurtda begona bolalar ko‘p. Masalan, ota-ona ajrashsa bola o‘sha kuni buvi va buvaga begonaga aylanadi. Hatto bola onasi bilan qoladigan bo‘lsa, o‘sha kuni ona-bola ko‘chaga quvib chiqariladi. Endi osongina ajralishlarni ayting, qaynota-qaynonalarga kelin yoqmay qolsa, bolasi borligiga ham qaramay o‘zining egosini qondirish uchun o‘g‘lini osongina ajratib boshqasiga osongina uylantirib qo‘yishadi. Kechagina «kelinim tug‘madi» deb butun olamga jar solgan qaynona kelin tuqqach, bola ham ko‘ziga ko‘rinmay ajratib yuborishi oddiy holga aylangan.
Etibor bering-a, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘yicha nikohdan ajralishlar soni jami 25 400 tani tashkil etgan. 1 nafar farzand bilan nikohdan ajralishlar soni 13 186 tani, 2 va undan ortiq farzand bilan ajralishlar 5 505 tani tashkil etgan. Demak, 30 mingga yaqin bola yaqin qarindoshlariga allaqachon begonaga aylandi...
Bolalar begona ekanligi bog‘chadayoq ayon bo‘ladi. Ayrim bog‘chalarda bolalar uchun ajratilayotgan oziq-ovqatlar talon-taroj qilinadi. Yo bo‘lmasa, sifatsiz va muddati o‘tgan ovqatni hech o‘ylanmay «o‘tkazishadi». O‘tgan yili 16-18 sentyabr oralig‘ida Qarshi va Farg‘onadagi bog‘chalarda ommaviy zaharlanish sodir bo‘ldi, undan sal oldinroq Namanganda tort yegan 15 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan, degan xabarlar internet saytlarni «bezab» turibdi. Yanayam dahshatlisi o‘sha vaqt oralig‘ida Angrenda bir yo‘la uch bog‘chada tarbiyalanuvchilar zaharlangan... E’tibor bersangiz, katta-katta ma’rakalarda yoki to‘ylarda emas, aynan bog‘chalarda zaharlanishlar ko‘p uchraydi. Chunki ma’rakayu to‘ylarda sarxil yemaklar tayyorlanadi-da. Bog‘chalarda esa bolalar na ovqatning ayniganini yoki na buzilganini aytib beraoladi.
Biz bolajon xalq emasmiz. Hatto bizga o‘zimiznikidan boshqa bolalar besh begona...
O‘tgan yili 3 avgust kuni Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi bog‘chada 5 yoshli bola vafot etgani ma’lum qilindi.
Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasiga ko‘ra, tumandagi Toma mahallasida joylashgan 24-son davlat Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi O‘.Sh.A (5 yosh)ning tushlikdan so‘ng tobi qochgan. Zudlik bilan tez yordam chaqirilgan, ammo bola vafot etgan.
Avvalroq Namangan viloyati, Chust tuman MTBga qarashli 64-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 1 avgust kuni noxush voqea sodir bo‘ldi. MTV mazkur hodisa yuzasidan maxsus bayonot bilan chiqdi.
Dastlabki o‘rganish bo‘yicha, maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori, MTT hamshirasi, tarbiyachi, yordamchi tarbiyachisining so‘zlariga ko‘ra, 2017 yilda tug‘ilgan A.Sh. joriy yilning 1 avgust kuni ertalab MTTga qabul qilingan. Ta’limiy faoliyatga yaxshi qatnashgan. Kun tartibiga ko‘ra tushlik qilgan va gigiyena qoidalariga amal qilgach barcha tarbiyalanuvchilar qatori uxlashga yotgan va qaytib uyg‘onmagan.
Tibbiyot xodimlarining harakatlariga qaramay bola vafot etgan. O‘lim haqidagi ma’lumotnomaga asosan quyi nafas yo‘llarining aniqlanmagan o‘tkir respirator infeksiyasi; o‘pka shishishi o‘lim sababi etib ko‘rsatilgan.
Undan avvalroq esa Shahrisabzda ham bola bog‘chada noxush holat qurboniga aylangandi.
Xitoyda o‘z hamkasbidan qasos olmoqchi bo‘lib, 25 nafar bolani zaharlagan bog‘cha tarbiyachisiga nisbatan shu yil iyul oyida o‘lim jazosi joriy etildi. U 13 iyul kuni qatl etildi, deb yozadi The Paper.
2019