Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Harbiylarning himoyasiz uylari. «Baxtli hayot»liklarga sehrli shamchiroq kerak

Harbiylarning himoyasiz uylari. «Baxtli hayot»liklarga sehrli shamchiroq kerak

Foto: «Xabar.uz»

Ularning yangi uylarga ko‘chib o‘tganiga hali bir yil ham bo‘lgani yo‘q. Aytishlaricha, aksariyat xonadon egalari allaqachon kreditni to‘lashni boshlagan, ammo kadastr hujjatlari qilinmagan, uy nomlariga rasmiylashtirilmagan.

Aslida asosiy muammo bu emas.

So‘nggi yillarda Samarqand shahrining eski, xaroba qismida bir qator yangi uylar, muhtasham binolar qad rostladi. «Baxtli hayot» mahallasiga boqib turib, shahar ichida yangi shaharcha bunyod bo‘lganidan quvonasiz.

Taassufki, bu tashqaridan, olisdan ko‘rinadigan holat.

Bitganiga bir yil bo‘lmagan uyning devori. Foto: «Xabar.uz»

Mazkur mahallada harbiylar uchun qurilgan to‘rtta ko‘pqavatli uy bor. Ularni ko‘zdan kechirarkansiz, xonadonlarni tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan quvurlar judayam pastda joylashganiga guvoh bo‘lasiz. Yosh bola ham butun boshli podezd yoki xonadonni istagan paytda gazdan mahrum qilishi mumkin. Xonadonning gazsiz qolgani-ku mayli, ammo gaz buragichi qo‘lida bo‘lgan bolakay uni bir o‘chirib-yoqsa, ichkarida qanday holat yuzaga kelishi mumkinligini tasavvur qilish qo‘rqinchli. Bu shunchaki bizning taxminimiz emas. Chunki bunaqa holat allaqachon uy egalarining yuragini olib qo‘ygan.

Xonadonlarga tabiiy gazning bu tarzda o‘tkazilishi xavfsizlikka qanchalik to‘g‘ri keladi? Foto: «Xabar.uz»

— O‘g‘lim harbiy xizmatchi, bir necha oydan buyon ayolim bilan shu yerga kelib yashab turibmiz,— deydi bulung‘urlik Shonazar Ochilov. — Kelganimdanoq gaz buragichlarining pastda, qolaversa, uyning tashqarisida, ochiq holatda joylashganidan xavotir olgandim. Bir necha marta yosh bolalar o‘yin bilan gazni o‘chirib ketishdi. Xudo ko‘rsatmasin, kimdir qasddan yoki bilmagan holda gazni o‘chirib-yoqsa, katta falokat bo‘lishi hech gap emas.

Otaxonning xavotiri noo‘rin emasligi shundoq ham ko‘rinib turibdi. Bizningcha, bu uylarni topshirgan mutasaddilar o‘sha paytda ko‘rmagan yoki ko‘rishni istamagan bu «kichik xato»ni tezlik bilan tuzatishsa, o‘zlarigayam, uyda istiqomat qilayotganlargayam xavfsiz bo‘ladi.

Yangi uy devoriga allaqachon darz ketgan. Havo aylanishi uchun qoldirilgan tirqish ham nomiga, orti berk. Foto: «Xabar.uz»

Ammo Shonazar Ochilovning aytadiganlari ko‘p ekan. Aynan otaxon yashayotgan xonadonning derazasi yonidan boshlangan yoriq ikkinchi qavatgacha yetib borgan. Allaqachon uyning ichkarisidan ham sezilib turibdi. Bundan tashqari, uyda havo aylanishi uchun qoldirilgan tirqishlar ham nomiga, pardoz uchun qo‘yilgan. Orti berk.

Issiq suv bilan ta’minlovchi qurilma ham shundoqqina podezdda, qo‘l yetadigan holatda o‘rnatib ketilgan. Foto: «Xabar.uz»

Eng yomoni, xonadon egalarini issiq suv bilan ta’minlovchi qurilma ham shundoqqina podezdda, qo‘l yetadigan holatda o‘rnatib ketilgan. U orqali o‘nlab xonadonlarga boradigan issiq suvni boshqarish, moslamani ishdan chiqarish va xonadonlarga muammo keltirish uchun oddiygina harakatlar kifoya. Birgina yosh bolaning e’tiborsizligi, o‘yin bilan teginishi yoki qasddan zarar yetkazishi uchun «barcha sharoit» muhayyo.

Xullas, uy kanalizatsiyasi, yerto‘laga sizib borayotgan suv muammosi ham baxtlihayotliklarning baxtiga soya solayapti.

Otaxon derazasi tagidagi ozroq joyga pomidor ekibdi. Foto: «Xabar.uz»

Otaxon derazasi tagidagi ozroq joyga pomidor ekibdi. Qishloq odami emasmi, shu joyning ham bo‘sh turishini istamagan. Qo‘shnilari ham undan ibrat olib, deraza oldidagi bo‘sh joyga gul, pomidor ekishibdi. Ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi.

Derazasi oldini obod qilib qo‘ygan insonlar nega bolalar maydonchasi atrofiga ekilgan o‘nlab archalarning quvrab qolayotganiga shundoq qarab turishgani bizni qiziqtirdi. Ular dastlab bu nihollarni sug‘orishgani, bora-bora uydan suv tashib chiqish malol kelganini yashirib o‘tirishmadi.

Uy atrofida ekilgan archalar qurib bityapti. Ularni sug‘orishga imkon yo‘q. Foto: «Xabar.uz»

Uy egalari «Hovlidagi ko‘chatlarni sug‘orishimiz uchun bizga sharoit yaratib berishsin» deyishdi.

E’tiborlisi, yangi uylarga ko‘chib kelgan yosh oilalarning baxtiyor va farovon turmush kechirishlarini niyat qilib, ushbu aholi maskani «Baxtli hayot» mahallasi, deb nomlangan ekan. Ammo yosh oilalarning bunday orzularga berilishiga, mahalla nomiga mos turmush kechirishiga uy qurilishiga mas’ul bo‘lgan mutasaddilarning oddiygina qurilish loyihasi, xavfsizligi, standartiga ochiqdan-ochiq amal qilmagani soya soladi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring