Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Said-Abdulaziz Yusupov

Men millatimni boshqariluvchi emas boshqaruvchi, taroshlanuvchi emas taroshlovchi sifatida ko‘rgim keladi.

Jihod terror degani emas

Jihod terror degani emas

Terror va zo‘ravonlik voqealari haqida tarqalayotgan xabarlar o‘n yilliklarni qaritib bormoqda. Lekin keyingi paytda mudhish hodisalar soni kamayish, tugash o‘rniga tobora ko‘payyotganini o‘ylasangiz, hadikka tushasiz.

Islom dinida insonlarning haq-huquqlari va vazifalari ochiq-oydin bayon qilingan. Unda zo‘ravonlik la’natlanib, tinchlik-osoyishtalik targ‘ib qilinishiga qaramasdan, diniy tushuncha va tasavvurlarni buzib ko‘rsatish orqali xunrezliklar sodir etayotgan turli to‘dalar va ularning buyruqbardor askarlari o‘z maqsadlari yo‘lida hech narsadan tap tortishmayapti. Ming-minglab begunoh insonlar, sof e’tiqodli musulmonlar ularning qurboniga aylanmoqda.

Albatta, musulmonlar tomonidan har qanday zo‘ravonlik va bosqinchilik harakatlari sodir etilishini din oqlamaydi. Islomning eng asosiy manbasi bo‘lgan Qur’oni Karimda shunday bayon qilinadi: Kimki biron jonni o‘ldirmagan va Yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, u go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa (ya’ni, o‘ldirishdan bosh tortsa), demak, u go‘yo barcha odamlarga hayot beribdi («Moida» surasi, 32-oyat).

Mazkur oyatda Islomning insonparvarligi ko‘zga tashlanadi. Ya’ni bir kishini nohaq o‘ldirish butun jamiyatni o‘ldirish, bir kishini halokatdan saqlab qolish esa butun jamiyatni asrab qolishdir, deb ta’kidlanadi.

Bu oyati karima inson hayotining qanchalik qiymatli ekaniga yorqin dalildir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmon kishining asosiy sifatini bayon qilayotganlarida shunday dedilar: «Musulmon – odamlar uning qo‘li va tilidan ozor ko‘rmagan kishidir».

Islom dini buzg‘unchilikni emas, tinchlik va osoyishtalikni maqsad qilgan. Islom ta’limotlariga bo‘ysunmagan holatda begunoh va ma’sum insonlarning jabr ko‘rishiga sabab bo‘ladigan qo‘poruvchilik va buzg‘unchilikka asoslangan har qanday xatti-harakat shariatimizga ziddir. Bugungi musulmonlar ikki qiyin vazifa qarshisida turishibdi: oralaridagi mutaassib tarafkashlikka barham berish hamda turli muhitlarda va yomon niyatli kishilar ta’sirida ozuqalangan g‘oyalarini tuzatish.

Qurol ishlatish huquqi

Vahiy kelgandan so‘ng Makka shahrida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va u zotga ergashgan musulmonlar siquvga olinadi, masxara qilinadi, zulm o‘tkazilib, jamiyatdan ajratib qo‘yiladi, hatto turli hujumlarga ham uchraydi. Og‘ir adolatsizlikka yuzma-yuz kelishiga qaramasdan bu paytda nozil bo‘lgan oyatlar jihodga ruxsat bermagan. Turli bosimlar ostida qolgan musulmonlar yuzma-yuz bo‘layotgan zo‘ravonliklarga javob qaytarish uchun ruxsat so‘raganlarida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dastlab izn bermaganlar. Sahoblar qurolli mujodalaga ruxsat berilmagach, bu jarayonda o‘zboshimchalik bilan harakat qilib, mushriklarga hujum qilishmagan.

Madinaga hijrat qilingandan so‘ng Alloh yo‘lida jihodga buyurilgan oyatlar nozil bo‘lgan. [1] Hazrati Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallam Madinada hokimiyat boshqaruvchisi sifatida dushmanlarga qarshi qilingan qurolli to‘qnashuvlarga ruxsat beradilar. Va o‘zlariga ergashgan musulmonlarning o‘z bilganlaricha urush boshlamasligini qattiq nazorat qiladilar.

Saodat asrida shaxslarning o‘zlari dushman bo‘lgan jamoalarga qarshi o‘z qarorlari bilan qurolli hujumlarni amalga oshirishlari vakolatlaridan tashqariga chiqish sifatida baholanib, bunday xatti-harakatlar tanbeh berilgan, tanqid ostiga olingan, o‘rni kelganda jazolangan. Xuddi shunday Naxla voqeasida Abdulloh ibn Jahsh boshqaruvidagi askarlar Payg‘ambar sollollohu alayhi vassallamning ruxsatlari bo‘lmagani uchun Qurayshning karvoniga hujum qilishlari ma’qullanmagan.

Islom tarixida «Bi’ri mauna» fojiasi sifatida eslanadigan voqeada Najd vodiysiga yuborilgan boshqaruv hay’ati hujumga uchrab shahid bo‘lishadi va faqat tuyalarini o‘tlatishga ketgan Amr ibn Umayyagina qutilib qoladi. Amr Madinaga qaytayotganida yo‘ldoshlari uchun qasd olish maqsadida yo‘lda Najd qabilasidan bo‘lgan ikki kishini o‘ldiradi. Uning bu ishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xato hisoblab, o‘ldirilgan ikki kishi uchun tovon pulini qarindoshlariga to‘lattirganlar.

Bu hukmni o‘rganish uchun murojaat qilingan dalillarning asoslari ham qurol ishlatish huquqi faqat davlat organlarida bo‘lishi kerakligini ko‘rsatmoqda. O‘zi to‘g‘ri deb bilganlarini boshqalarga qabul ettirish maqsadida har kim qurolga murojaat qiladigan bir jamiyatda asosiy manbalardan bo‘lgan va ishonchli himoya ostida bo‘lishi kerak bo‘lgan jon va mol osoyishtaligini ta’minlab bo‘lmaydi, shaxslarga zarar ustiga zarar beradigan unsurlar jamiyatda ko‘payib ketadi. Zararning oldi olinish foyda ko‘rishdan ko‘ra manfaatliroqdir. Bu fiqhda «Zararni ketkazish foydadan muhimroqdir» shaklida ifoda qilingandir.

Bu yerda fiqh asoslari qurol ishlatish huquqi hokimiyatga oid bir huquq ekanini ko‘rsatmoqda. Dushmanga urush e’lon qilish davlat boshqaruvchisining vakolatiga kiradi. Shaxslarning o‘z qarashlariga ko‘ra bunday bir qaror berishga vakolatlari yo‘qdir. Mazkur qoidaning bir istisno holati bor. Ya’ni, davlat dushmanlar tomonidan bosib olingan bo‘lib, o‘z vakolatlari bo‘yicha qaror ololmaydigan holatda bo‘lsagina shaxslar, guruhlar va jamoatlar vatan himoyasi uchun tashabbusni o‘z qo‘llariga oladilar. Kerak bo‘lsa dushman bosqinlarini bartaraf etgunicha dushman kuchlariga qarshi qurolli jangga kirishlari ularning haqqidir, hatto vazifalari bo‘lib hisoblanadi. Qurol ishlatishga qaror berish o‘lim va yaralanishlarga sabab bo‘lgani tufayli shaxslar yoki guruhlar o‘zlaricha qurol tutishlari to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bunday qarorlarni hokimiyat (Jamiyat boshqaruv organlari) qabul qilmog‘i darkordir-ki, bu ham urushning tan olingan holatlardagina mumkin bo‘ladi. Har xil tashkilot va guruhlar o‘z maqsadlariga yetishish yo‘lida qurollarni bir vosita sifatida ishlatishlari huquq (vakolat) nuqtai nazaridan noqonuniy hisoblanadi.

Musulmon diyorlarida bosqinchilik harakatlari

Faqihlar insonlar yashagan jamiyatlarni «dorul-islam» – islom diyori, «dorul-harb» – urush diyori, «dorus-sulh» – sulh diyori shaklida guruhlarga bo‘lib, har biriga oid shar’iy hukmlarni alohida-alohida bayon qilganlar. «Dorul-harb» deb sifatlangan jamiyatlarda urushni mashru’ qiladigan sabablar yuzaga kelganda urush huquqi doirasi ichida qurolli mujodalaga ruxsat beriladi. Faqat kufr ahlidan bo‘lish barobarida, musulmonlar bilan kelishuvi bo‘lgani uchun «dorus-sulh» guruhiga kiradigan mamlakatlarda va o‘zining tom ma’nosi bilan musulmonlar yashagan o‘lkalarni ifoda qilgan «dorul-islom»da qurolli bosqinchilik shar’an to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bunday zaminlarda jon va mol xavfsizligini ta’minlash dinning asosiy maqsadlari va g‘oyalarini amalga oshirish uchun ham zarurdir.

Hatto urush ostida bo‘lgan va dushman zaminlarida yashagan, lekin jangovorlik sifatiga ega bo‘lmagan insonlarning o‘ldirilishiga ruxsat bermaydigan Islom dini aksariyat xalqi musulmon bo‘lgan o‘lkalarda begunoh insonlar o‘ldirilayotgan, nishonga olinayotgan hujumlarga shar’an ruxsat ko‘zi bilan qarashi mumkin emasdir. «Niso» surasining 93-oyatida bir mo‘min kishini qasddan o‘ldirganlar jahannam azobiga duchor bo‘lishi xabar berilgan.

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bu haqda «Dunyoning yo‘q bo‘lib ketishi Alloh nazdida bir mo‘minning nohaq o‘ldirilishidan ko‘ra yengilroqdir» deb bu jinoyatning oqibati qanchalik yomon ekaniga ishora qilmoqdalar (Ibn Moja rivoyati).

Terrorizm

So‘z ma’nosi sifatida qo‘rqitish, zaiflatish va yo‘q qilishni anglatgan terrorning xarakteridagi boshlang‘ich unsurlar: kuch ishlatish, qo‘rqitish va bosqinchilik, davlat boshqaruvini izdan chiqarish, insoniy tuyg‘ulardan mosuvo, shafqatsiz usullardan foydalanish va odatda begunoh fuqarolarni nishonga olishdir.

Terror unsurlari tekshirilganda urush bilan uning orasida jiddiy farqlar ko‘zga tashlanadi. Terrordan maqsad qarshi tarafni qo‘rqitish va zaiflatishdir. Urushda esa jismoniy harakat bilan maqsad orasida parallellik mavjud. Terrorda foil (qotil) bilan jabrlanuvchi orasida umuman bir aloqa yo‘qdir. Jabrlanuvchilar ko‘p holatlarda begunoh fuqarolar bo‘ladi. Terror qoida va axloqiy normalarni tanimaydi. Urushda esa nishondagilar faqat jangchilardir. Terrorda maqsadga erishish yo‘lida har qanday harakat joiz qilib olinadi. Urushda esa qiynoq qo‘llamaslik, elchilarga tegmaslik kabi buzilmasligi shart bo‘lgan bir qancha qoidalar mavjud.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam urush kimlarga qarshi va qanday shartlarda e’lon qilinishini bayon etgandir. [2] Asri saodat zamonlaridagi qoidalar asos olinib, hijriy ikkinchi yuz yul yildan e’tiboran yozilgan siyrat kitoblarida urush qoidalari batafsil bayon qilingan. Jang qilishdan boshqa chora qolmaganda bir jamoaga qarshi urush e’lon qilinishi u yerda yashayotgan har kimni o‘ldirish mumkin degan, ma’noni anglatmaydi. Urushda faqat harbiylar va harbiylikka oid kishilar o‘ldiriladi. Urushga qatnashmagan ayollar, bolalar, qariyalar, din olimlari, dehqonlar va kasallarning o‘ldirilishi joiz emasdir. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam urushda o‘ldirilgan bir ayolni ko‘rganlarida, bu holatdan qattiq noroziliklarini bildirib, ayol va bolalarni o‘ldirishdan qaytarganlar.

Terror amaliyotlarining esa qoidasi yo‘qdir. Insoniyat o‘ylab topgan zo‘ravonlik va terror ajdarhosi faqatgina inson boshini yanchibgina o‘z hayotini davom ettirmoqda. Butun dunyoni global darajada qamrab olgan terror bugungi kunda insoniyatning eng muhim muammolaridan biriga aylandi. Chunki bunday g‘ayriinsoniy harakatlar bilan insonlarning odamiyligi va qadr-qimmati yo‘q qilinmoqda.

Terror insonlarning yashash huquqiga tajovuz qilib, butun dunyoga tahdid solmoqda. Shuning uchun ham dinga sof e’tiqod qiladigan kishilar terror va terrorizmning yuzaga kelishiga sabab bo‘layotgan omillarni yo‘q qilishga astoydil intilishlari shartdir.

Bugungi kunlarda Islom dunyosida sodir bo‘layotgan bosqinchilik va zo‘ravonlik harakatlari terror harakati ekanligiga shak-shubha yo‘qdir. Islom adolatsizlik, tajovuz va zulmga aslo izn bermaydi. Inson huquqlarini himoya qilish iymon keltirganlarning ham vazifalaridan hisoblanadi. Faqatgina maqsadning mashru’ligi yetarli bo‘lmay, bu maqsadga eltadigan yo‘l ham mashru’ bo‘lishi juda muhimdir. Terror yo‘li bilan erishiladigan hech qanday maqsad mashru’ bo‘lishi mumkin emas. Butun mavjudotlarga mehr bilan munosabatda bo‘lishni targ‘ib qilgan Islom dini begunoh insonlarni vahshiylarcha o‘ldirgan terror harakatlariga aslo e’tiborsiz qarab turmaydi.

Islom nomiga va musulmon shaxsiyatiga zarar berishi

Islom dunyosidagi nizolar, qon to‘kishlar, xudkushliklar eng katta zararni Islom nomiga va musulmon shaxsiyatiga bermoqda. Islomga yashirin yoki ochiq-oydin dushmanlik hissini tuyganlar har doim ilk imkoniyatlarida zarar berishga harakat qilmoqdalar. Oxirgi paytlarda yuzaga kelayotgan terror voqealarini Islom dini bilan aloqador qilib ko‘rsatish orqali dinni va unga e’tiqod qiluvchi musulmonlarni dunyoga yomon ko‘rsatishga erishib bo‘ldilar. Dunyo hamjamiyatiga taqdim qilinayotgan kundalik xabarlar va yangiliklar oqimida Islomni terror so‘zi bilan birga tilga olinayotgani tez-tez ko‘zga tashlanmoqda.

Matbuot va ba’zi doiralar tarafidan yuritilayotgan bu turdagi tashviqotlar shunchalik chuqur ildiz otganki, dunyo hamjamiyatida sodir bo‘layotgan har xil zo‘ravonliklar holatlari alohida bir voqea sifatida baholanmaydigan ahvolga kelib qolgan. Qur’on, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va Islomning o‘zini ham zo‘ravonlikka xoslashtirishga urinayotganlar bor.

G‘arb jamiyatida oxirgi paytlarda musulmonlar tarafidan sodir etilayotgan zo‘ravonlik harakatlariga nisbatan ko‘plab ism atamalari ishlab chiqilmoqda, bu atamalarning mazmuni «Islom – terrorning manbasi, Islom terror dinidir» deyishga qaratilgandir. Bunday uydirmalar musulmon bo‘lmagan jamiyatlarda o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatishi kunday ravshan. Hudayba tinchlik shartnomasi joriy bo‘lgan yillarda Islomni qabul qilganlar soni avvalgiga qaraganda ko‘pchilikni tashkil qilgan. Buning asosiy sababi musulmon bo‘lmaganlar iymon keltirganlarni yaqindan tanishga imkoniyat bo‘lgan. Hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ta’lim-tarbiyalarini olgan yetuk va komil insoniylikni o‘zida namoyon qilgan musulmonlar atrofdagi qabila va davlatlarning hurmat va hayratini qozonishgani ham Islomni yaqindan tanishga hamda musulmonlarning safi kengayishiga sabab bo‘lgan.

Din nomi bilan qilinayotgan zo‘ravonlik va bosqinchilik harakatlari musulmon bo‘lmaganlarning musulmonlarga nisbatan ayblov ko‘zi bilan qarashiga olib kelmoqda. Bu holat esa, Islomning insoniyatga yetkazilishiga va o‘rgatilishiga mone’ bo‘lyapti.

Mazhab va millatchilik

Islom dunyosidagi to‘qnashuvlarning sabablaridan biri fiqhiy, e’tiqodiy va siyosiy qarashlarning farqliliklari tafriqa va bo‘linishlarga olib kelishidir. Insonlarning boshqa-boshqa mazhab va millatga (urug‘larga) mansub ekani, dinning asosiy prinsiplarida farq yo‘qligi paytida bu tabiiy odatiy holat, deb qabul qilinishi kerak bo‘lgan bir o‘rinda mutaassiblikning ta’siri tufayli mo‘min kishi o‘zidan boshqa bir guruhga oid bo‘lgan boshqa mo‘min kishini eng katta dushmani sifatida ko‘rmoqda.

«Mo‘minlar faqatgina birodardirlar» («Hujurot» surasi, 10-oyat) oyati Islom diniga mansub bo‘lgan kishilar orasida ayirmachilik bo‘lmasligi, aksincha qardoshlik, birodarlik haqlari ustun bo‘lishini bayon qilmoqda. Ijtimoiy va psixologik nuqtai nazardan ba’zi kishilarning guruhlashishini yoki bir nom ostida birlashishlarini mashru’ qilish zarurati mavjud. Ammo bir guruhga oid kishi mutaassiblik bilan o‘z guruhi manfaatlarini himoya qilib, ayni dindan bo‘lgan boshqa bir kishini dushman sifatida ko‘rishni boshlaganida Islomning asosiy maqsadlarining buzilishiga olib kelgani uchun chegaradan chiqqan hisoblanadi.

Tarixdan musulmonlar orasida janjal va nizolar paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan biri qarshisidagi musulmon kishini kofir deb atashidir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mo‘min bir kishini kofir deyishning katta gunoh ekani haqida ogohlantirishlariga qaramasdan, mazhab yoki jamoat mutaassibligining ta’sirida farqli qarashga ega bo‘lganlarni kofir deyishga jur’at qilmoqdalar. Fiqhiy qoidaga ko‘ra, zohirga qarab hukm berish asos bo‘lishi lozim. Insonlarning o‘z irodalari bilan aytgan so‘zlari qabul qilinishi lozim. Musulmonligini izhor qilgan bir kishi sharhlanishi mumkin bo‘lgan bir mavzuda boshqa qarashni himoya qilyapti, deb kofirga chiqarishga harakat qilish orqali ziddiyat va nizoni keltirib chiqarish shar’an ham mumkin emas.

Osoyishtalik va jamiyat xavfsizligiga tahdid

Jamiyat xavfsizligi, osoyishtalik va tinchlikning barqaror bo‘lishi davlat va davlat tashkilotlarining har qanday tahdiddan uzoqda bo‘lishi demakdir. Ushbu konsepsiyaning mazmuni jamoalarning ishonch va ehtiyojlariga ko‘ra zamon va makon nuqtai nazaridan o‘zgarishiga bog‘liq. Bugun rivojlangan davlatlarda ijtimoiy tartibning xavfsizlik (joni yoki moliga zarar beradigan xavfdan saqlanish), sog‘lik (kasallik xavflaridan jamiyatni qo‘riqlash maqsadida kerakli tadbirlarning olinishi) va tinchlik (tartibsizlik va nizolarning yo‘q qilinishi) elementlaridan hosil bo‘lishi qabul qilinmoqda.

Xavfsizlik tushunchasi shaxs himoyasi va hayotini saqlab qolish uchun qilingan harakatlarni o‘z ichiga olgan bir hodisadir. Xavfsizlik tuyg‘usi insonning tug‘ilishidan e’tiboran umri davomida muhtoj bo‘ladigan haqiqatdir. Xoh yolg‘iz, xoh jamoa bo‘lib yashasin, xavfsizlik holati hayotning asosiy dinamikasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ijtimoiy tartib va xavfsizlik ta’minlanmagan bir jamiyatning hayotiyligini ta’minlash mumkin bo‘lmay qoladi. Shuning uchun ham qonunlarni qabul qilishda ommaning manfaati shaxsning manfaatidan ustun qo‘yilgan, insonlarning erkinliklari ijtimoiy tartibga zarar beradigan nuqtada chegaralangan. Darhaqiqat, shunday bir qoida ham bor: “Ommaga keladigan zararning oldini olish uchun shaxsiy zararga ko‘z yumiladi”. Bu huquqning asl vazifasi xoh milliy, xoh halqaro sohada bo‘lsin, kuchlar ishlatilishiga chegara tayin qilishdir.

Davlatlar ichidagi to‘qnashuvlar xalqaro huquq doirasiga kirmaydi. Faqat bugungi kunda kuchli davlatlar o‘zining siyosiy manfaatlari uchun boshqa mamlakatlardagi ichki nizolardan foydalanmoqda, ochiqchasiga urush qilish o‘rniga bevosita aralashishni tanlashmoqda. Hatto o‘z manfaatlariga mos keladigan sharoit yuzaga keltirish uchun boshqa davlatlarda siyosiy va iqtisodiy inqirozlar keltirib chiqarish uchun mas’ul tashkilotlar barpo qilishgan. Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, bugungi dunyomizda borgan sari xalqaro ziddiyatlar bilan ichki nizolar orasida chegara yo‘qolib bormoqda. Islom mamlakatlaridagi to‘qnashuvlar aksar vaqtda mahalliy ko‘rinishga ega bo‘lsa-da, xalqaro harbiy kuchlarning aloqasi yo‘q deb aytolmaymiz. Islom mamlakatlarining kuchli, barqaror va mustaqil qaror qabul qilish tizimi sog‘lom ishlaydigan bir tuzilmaga aylanishi global kuchlar tomonidan tahdid unsuri sifatida ko‘rilmoqda. Milliy xavfsizlik ta’minlanmagan muhitlarda bunday kuchlarning maqsadlariga osongina erishishiga imkoniyat yaratib berilmoqda. Shu sababli balki bilib, balkida bilmasdan Islom o‘lkalari ichidagi to‘qnashuvlarda ishtirok etayotgan guruhlar bu global kuchlar maqsadiga xizmat qilmoqda.

Zo‘ravonlik va terror bilan oziqlanuvchi davlatlar

Bugungi kunimizdagi ommaviy axborot vositalari terrorga aloqador xabarlarni oldingi o‘ringa qo‘ymoqda, hatto bolalar uchun tayyorlangan multfilmlar va o‘yinlarda ham zulm va zo‘ravonlik sahnalariga ko‘plab o‘rin berishmoqda. G‘arbning ayrim siyosatchilari oyog‘i yetgan hamma joyni zo‘ravonlik va terror botqog‘iga aylantirish masalasida juda mahoratli bo‘lib ketishgan. Beqarorlikning global mavqeda tarqalishi bir qancha g‘arb davlatlari va kuchlarining manfaatlariga xizmat qiladi.

Tartib va barqarorlik bo‘lgan bir yurtda tashqi kuchlarning bemalol harakat qilishi, o‘z manfaatlari uchun o‘zlari ishlab chiqargan qurollariga bozor topishiga imkoniyat bo‘lmaydi. Buni anglab yetgan global kuchlar Islom dunyosini qachon tugashi noma’lum bo‘lgan iqtisodiy bo‘hron yoki urush chambari ichida yashatish uchun bor kuchlaridan foydalanmoqdalar. Mazkur tuzoqqa ilingan musulmonlar qo‘poruvchilik harakatlari bilan mustamlakachi kuchlarning nog‘orasiga o‘ynashmoqda.

Fiqh kitoblarida «dorul-harb» bo‘lgan mamlakatlarga urushda ishlatishi mumkin bo‘lgan ot-ulov, qurol, zirh (sovut), temir kabi ashyolarni faqat pul topish maqsadi bo‘lsa ham sotish mumkin emas, bu taqiqqa amal qilmaganlar jazoga tortilishi bayon qilingandir. Bu hukmning asosida dushmanlarning kuchayishiga fursat berish va buning musulmonlarga zarar bo‘lib qaytib kelishi fikri yotadi. Islom mamlakatlaridagi to‘qnashuvlar va nizolar muhiti mustamlakachi o‘lkalarning mavqelarini va quvvatlarini yanada oshirishini o‘ylaydigan bo‘lsak, bunday fursatni ularga berish hech qachon to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Xulosa

Dunyoda halovat va osoyishtalik ta’minlanmagan hududlarning aksariyati musulmonlar istiqomat qiladigan o‘lkalardir. Har kuni gazeta va televideniyeda zo‘ravonlik va bosqinchilik xabarlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Insonlarning hayotiga zomin bo‘layotgan bu harakatlar ko‘rinishda har xil sabablar tufayli amalga oshayotgan bo‘lsa-da, natijasi musulmonlarning zarariga bo‘lmoqda.

Islom dunyosidagi sodir bo‘layotgan ushbu harakatlarning so‘zda Islom nomidan qilinayotgani eng achinarli hol ekaniga shubha yo‘q. Qo‘liga qurol yoki pichoq olib, tavhid kalimasini aytgan holda begunoh bir jonga qasd qilish holatlarini shariat nuqtai nazaridan yechish mas’ul kishilar oldida turgan muhim vazifalardandir.

Bu holatlarni shariat tarozisiga solib ko‘rsak, mashru’ harakat emasligi o‘rtaga chiqmoqda. Qo‘liga qurol olib, dushman guruhlarga qarshi hujum qilish qarorini olishni shaxslarning tashabbusiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Bu huquq avvalo davlat boshqaruvi vakolatida ekani idrok etilmog‘i darkor. Musulmonlar maskan tutgan yerlar dunyoning har qanday joyidan ko‘ra eng yaxshi xalovat, xavfsizlik va osoyishtalik ta’min etilgan yerlar byolishi kerak. Islom dini buzg‘unchilik emas, osoyishtalikni maqsad qiladi. Begunoh va ma’sum insonlarning jabrlanishiga olib keladigan terror unsurlarini o‘z ichiga olgan butun harakatlar shariatga ziddir.

«Islom dunyosidagi zo‘ravonliklardan kimga foyda» degan savolga beradigan javobimiz ham bu harakatlarning mashru’ emasligi haqidagi natijani bizga qayta eslatadi. Chunki yashirin va ochiq mustamlakachilik harakatlarini o‘z ichiga olgan toifalar mavjud zo‘ravonlik harakatlari bilan xohlagan maqsadlariga yetishmoqdalar, musulmonlar beqarorlik iskanjasida jon talashayotgan bir paytda, yerosti va yerusti boyliklarini turli kelishuvlar asosida talash, ularga ega bo‘lish imkoniyatlarini topishmoqda. Oxir-oqibat Islom dunyosi yutqazmoqda.

Bunda tilga olingan dalillar asosida ta’kidlab, urg‘u berayotganimiz nuqta shuki, Islom dunyosida tez-tez ko‘zga botayotgan, hech qanday qoidaga bo‘ysunmagan, zo‘ravonlik va bosqinchilik harakatlari mashru’ emasdir (noqonuniydir).

[1] Qarang: Baqara surasi, 216; Niso surasi, 177, 84; Anfol surasi, 65, 74; Tavba surasi, 38.

[2] Muslim, Cihad 2, 1731.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring