Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kim yaxshiroq yozadi: insonmi yoki ChatGPT?

Kim yaxshiroq yozadi: insonmi yoki ChatGPT?

Foto: LinkedIn

Pensilvaniyadagi Villanova universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, o‘quvchilar sun’iy intellekt yaratgan qisqa hikoyalarni odamlar yozgan asarlarga nisbatan yuqoriroq baholashdi. Tadqiqot natijalari Judgment and Decision Making jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqotning birinchi bosqichida 1 682 nafar katta yoshli kishiga oltita qisqa hikoyadan biri o‘qish uchun taklif etildi. Matnlarning yarmi insonlar, qolgan yarmi esa ChatGPT tomonidan yozilgan. Ishtirokchilarga esa, garchi bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasa-da, asarlarni mualliflar yozgani ma’lum qilindi. Hikoyalarni o‘qib bo‘lgach, ishtirokchilar ularni qiziqarliligi, sifati va o‘quvchini o‘ziga jalb qilish darajasi bo‘yicha baholashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, sun’iy intellekt yozgan matnlar barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqoriroq baho oldi. Shuning barobarida, ishtirokchilar o‘zlari inson tomonidan yozilgan deb hisoblagan asarlarni, ularning haqiqiy muallifi kim bo‘lishidan qat’i nazar, yuqoriroq baholashdi.

Tadqiqotning asosiy mualliflaridan biri, doktor va yozuvchi Dina Skolnik Vaysberg ta’kidlashicha, ushbu natijalar adabiy ijodni to‘liq mashinalarga topshirish kerakligini anglatmaydi. U sun’iy intellekt yaratgan romanlar hamda texnologiyalar bilan hammualliflikda yozilgan asarlar bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan holda, inson ijodiy jarayonining qadrini pasaytirmaslikka chaqirdi. Uning fikricha, odamlar o‘zini ifoda etish, hayotiy tajribasini anglash va turli sinovlarni yengib o‘tish uchun ham yozadi.

905 nafar katta yoshli ishtirokchi jalb etilgan qo‘shimcha tadqiqot esa o‘quvchilar inson tomonidan yozilgan matnlarni sun’iy intellekt yaratgan matnlardan aniq ishonch bilan ajrata olmasligini ko‘rsatdi. Birinchi tajribada ishtirokchilarning atigi 40 foizi matn muallifini to‘g‘ri aniqladi. Bu hatto tasodifiy tanlov orqali erishilishi mumkin bo‘lgan natijadan ham past ko‘rsatkich. Ikkinchi tajribada esa to‘g‘ri javoblar ulushi 52 foizni tashkil etgan.

Tadqiqot mualliflari odamlar matn muallifini ishonchli aniqlay olishini tasdiqlaydigan yetarli dalillar mavjud emas, degan xulosaga kelishdi. Qayd etilishicha, sun’iy intellekt bilan ishlash tajribasi muallifni to‘g‘ri aniqlash ehtimolini oshirgan, kitobxonlik darajasi esa natijaga sezilarli ta’sir ko‘rsatmagan.

Doktor Vaysbergning taxminiga ko‘ra, o‘quvchilarning «inson yozgan» hikoyalarga moyilligi ularning haqqoniylikka intilishi bilan bog‘liq. Biroq amalda ishtirokchilar o‘qish va qabul qilish osonroq bo‘lgani uchun ko‘pincha sun’iy intellekt yaratgan matnlarni tanlagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring