Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Laykbozlik» safsatasi

«Laykbozlik» safsatasi

Foto: «Misto News»

Har kuni ish kunim shunday boshlanadi. Oldin «Feysbuk»ni ziyorat qilaman. Dunyodagi hamma gap shu yerda. So‘nggi paytda gazetaga ham, televideniyega ham ehtiyoj yo‘q. Dunyo yangiliklaridan xabardor qilib turadigan «do‘stlarim» bor. Istaymizmi, yo‘qmi, bizning bugungi xatti-harakatlarimizni «Feysbuk» boshqaradigan bo‘lib qoldi. Boz ustiga ba’zi rahbarlar ham «Feysbuk»ni yoqlab turgandan keyin kun buyi uning oqimi bo‘ylab harakat qilishga, ahyon-ahyonda bu oqimga qarshilik qilishga to‘g‘ri keladi.

Ehtimol, «Feysbuk» yaratuvchilari ham o‘zbek foydalanuvchilariga bunchalar zo‘r xizmat qilaman deb o‘ylamagan bo‘lsa kerak. Chunki axborot tanlab o‘tirmasdan uni muhokama qilish bo‘yicha hammadan o‘tib ketdik. Ba’zan bu muhokamalar «feysbukona tosh otish»largacha boradi. Nima qilib bo‘lsa ham ko‘ngilni xira qiladiganlar ancha-muncha topiladi.

«Laykbozlik» esa alohida masala. Nazarimda laykbozlik ham qarsakbozlikning bir turi. O‘qiysanmi, o‘qimaysanmi, farqi yo‘q, bir qarsak chalib qo‘yganday mung‘ayib turgan postlarga layk bosib qo‘yasan, majbursan. Shu bois ovoz olasan! Yaqinda ishxonamizda bittasi katta bir majlisda da’vo bilan chiqdi. Emishki, «hasadgo‘ylar» postlarga layk bosmas emish. «Qarsak chaling, menga qarsak!» deganlardan bo‘ldi bu yog‘i! Bir yoqdan davlat boshlig‘ining o‘zi qarsakbozlikka qarshi chiqsa-yu, bu yoqdan laykbozlik yoqlansa. Eng qizig‘i, endilikda har bir xodim postga bosilmagan layklar uchun ham tushuntirish beradi. Qoyilmisiz?!

Ahli donish, biz «Feysbuk» uchun, layk uchun emas, shu yurt uchun ishlashimiz, xalqimizning real muammolarini hal etishimiz kerak emasmi?

Fikringiz to‘g‘ri, odamlarning ko‘plab muammolari «Feysbuk» orqali hal bo‘layapti. «Feysbuk»da jamoatchilik fikrini shakllantirish, muammoga e’tibor qaratishga intilishlar o‘z samarasini berayapti. Aytish joizki, «Feysbuk» orqali erishgan eng katta yutug‘imiz ham shunda! Ammo «Feysbuk» foydalanuvchilari aholining bor-yo‘g‘i ikki foizini tashkil qiladi xolos.

Demak «Feysbuk»ka kirish tugul, internet yetib bormagan chekka qishloqlar, qishloq ahlining bir talay muammolari, yetkaza olmayotgan gaplari borki, ularni real o‘rganmasdan yechib bo‘lmaydi... Ularning o‘y-fikrlari bilan kim shug‘ullanadi?

Virtuallashib borayotgan, laykbozlikka chalinayotgan bir paytimizda hayot oldimizdan o‘tib ketmoqda...

Yaqinda bir kasbdoshimiz «maktabdagi muammolarni yozinglar» deb post qo‘yibdi. Unga javoban foydalanuvchi «Hoy aqlli, maktab muammosini maktab tugashiga bir oy qolganda yozasanmi? Maktabda u yo bu fanlardan o‘qituvchilar bo‘lmaganda qayoqda eding? Maktabda bolalar 6-7 oy kitobsiz o‘qishdi, qayoqda eding, endi odamlarni ahmoq qilib muammo so‘raysan» deb tashlanib qolibdi. Mana biz kutgan reallik... Unda yechimini kutayotgan muammolar talaygina... Biz esa layk uchun musobaqa o‘ynaymiz. Xuddi layk hayotimizni yengillashtirayotganday...

Tanishuvlar haqida esa gapirmadim. Bu «alohida» mavzu! Ha, aytgancha, «Feysbuk»dagi do‘stlarimning ko‘pligi mening «feyk» emasligimdan... Hamma balo o‘sha feyklarda aslida. Istaganingni yozaverasan. Hamma, ayniqsa feyklar istaganini gapiradi! Istasang nigilistlar bilan, istasang feministlar bilan talashib tortish... Kim bilan nima haqida tortishganing muhim emas. Muhimi ofisdagi ish soating chiqillab o‘tib borayotgani... Xullas, bu «Feysbuk»... «Feysbuk»ka xush kelibsiz!

Elga Manzur

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring