Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhojirlikdan bir necha ming dollarlik daromadgacha... (video)

Shahrillo To‘xsanov Buxoroning Peshku tumanida tavallud topgan. 28 yoshda.

IT sohasida 2014-yildan buyon frilanserlik bo‘yicha faoliyat yuritib keladi. «Shuhrat» medali sohibi (2021 yil)

«IT Canvas» va «Migrant 365» loyihalari asoschisi.

Hozirda Tintri va KDRM kompaniyalarida ishlab kelmoqda.

IT sohasida asosiy maqsadi – mamlakat bo‘yicha gigant IT-kompaniyasiga asos solish va Nomadic IT travel hamda xalqaro IT-kompaniyalarni O‘zbekiston bozoriga olib kirish.

 Bejiz, suhbatni yashil olma vositasida boshlamadik. Siz «Yashil olma» loyihasining navbatdagi qahramonisiz. Qo‘lingizdagi yashil olma esa siz erishgan natijalaringiz timsoli sifatida qatnashadi. Ma’lumki, siz «Migrant 365» IT loyihasi muallifisiz. Mana shu loyihaning yuzaga kelish tarixini bir eslasak. Bu loyiha qanday ehtiyoj va’jidan tug‘ilgandi?  

– 2012 yil o‘qishga kirolmaganman... Ikki yil davomida o‘qishga kirish uchun yana qayta tayyorlanganman. Galdagi urinishlarim ham meni talabalik maqomi bilan siylamadi, afsus... Yaxshilikka dedim-u, yigit kishiga bekorchilik yarashmaydi, deya 2014 yili Rossiyaning Tver shahriga ishlashga ketdim. U yerga borgach, avvaliga, biror yengilroq ish topaman, deb o‘ylagandim. Yagona duch kelganim, «qora ish» – hammolchilik bo‘ldi.

Yetib borgan kunimoq ishga chiqqanman. Ish og‘ir edi... Bir kun ishladim-u, ertasiga sog‘lig‘im ko‘tarmadi. Buyog‘i, musofirchilik... Begona shaharda o‘zingni yanada yolg‘iz sezarkansan... Ortga qaytib bo‘lmaydi! G‘urur baland! Yaxshi hamki, amakimning o‘g‘li – akamlar ham o‘sha yerda edilar. O‘sha kunlar akamni oldilariga maslahatga bordim. Nogahon, ko‘zim kompyuterga tushdi-yu, darhol internetga ulanib, pul topish yo‘llarini qidirishni boshladim.

Shunda sayt yaratish orqali pul topish mumkinligi haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Hozirgi Upwork platformasi Elance deb atalardi. Bu faoliyat turini uch kun tinimsiz o‘rgandim. Ayni ish borasida boshlang‘ich asos tushunchalarim bo‘lsa-da, bilimlarni amaliyotda ishlaydigan darajada o‘zlashtirmagandim. Shunday qilib, birinchi mijozdan buyurtma oldim. Buyurtma bo‘yicha bir hafta davomida ishlab, 18$ (dollar) topganman. Bu – mening musofirchilikda topgan ilk pulim edi...

Shu zayl «Migrant 365» loyihasi g‘oyasi tug‘ildi.  Uning g‘oyasi tug‘ilishi musofirchilikda kechirgan qiyinchiliklarim bilan bevosita bog‘liqdir. Hujjat ishlari, uy-joy masalasi yoki yangi joyga ko‘nikib ketish, umuman, Yurt sog‘inchi... O‘sha payt bu sohada qo‘limdan jiddiy ish kelmasa-da, lekin muntazam ishlash jarayonida IT sohasiga kirishib ketdim. Taxminan, bir yil Tverda masofadan turib ishladim. Orada uyga kelib ketishga ham ulgurdim. Keyin yana ishlashga ketdim. Bu safar manzil – Rostov shahri edi.

Endigi maqsad – «Migrant 365» bilan jiddiy shug‘ullanib, loyihani yo‘lga qo‘yish edi. Ko‘rdimki, ish birdaniga siljimadi. U yerda yana taxminan, olti oy ishlaganimdan keyin Sankt-Peterburg shahriga ishlashga ketdim. BETA kompaniyasida rasman ishlay boshladim.

Parallel tarzda loyihamni amalga oshirish uchun iloji boricha tanish qidirishni boshladim. Mendan oldinroq balki biror kishi shu mavzuda loyiha qilgan bo‘lishi mumkindir, deya qiziqib ko‘rdim. Taxminim to‘g‘ri chiqdi, o‘sha kezlar bir hamyurtimizning ham xayolini shu mazmundagi loyiha o‘yi band etgan ekan. Ishlayotgan kompaniyam rahbariga «Migrant 365» g‘oyasi haqida aytdim. Xayrixoh bo‘ldi, taxminan, bir oy muddat loyiha ustida ishladik. Keyin esa mablag‘ yetmaganligi sababli, rahbarim tavakkal qilishni xohlamadi. 2018 yilga kelib, loyiha ustidagi ishlar to‘xtab qoldi. 2019-2020-yillar bu bo‘yicha deyarli ishlamadim, ish shu taxlit to‘xdadi-yu, nihoyat, 2021 yil «Migrant 365»ni mahalliy ko‘rinishda davom ettirdim.

Mahalliy qamrovni chet elga ketadigan, asosan, Rossiyaga ketadigan yoshlar tashkil qiladi. Qishloqlar, shahardan uzoqdagi tumanlardan ketadigan kishilar loyihaning sub’yektini tashkil etarkan, bu esa loyihani dastavval, mahalliy shaklda sinab ko‘rish imkonini berdi. Shuningdek, loyiha borasida kelgusidagi rejalarni ham chamalab olish uchun yaxshigina sharoit yaratdi.  

Hozirgi kunda «IT Canvas» «Migrant 365»ning bir qismi sifatida uyg‘un faoliyatda. Ayni kunlarda uch nafar investor bilan bu loyihalarni keng miqyosdagi faoliyati xususida muloqot qilib turibman. Agar birinchi bosqichda tajribalar muvaffaqiyat qozonsa, ikkinchi bosqichda investitsiyaga yo‘l ochiladi. Keyin esa loyihani keng qamrovda, jahon miqyosida amalga oshirsa bo‘ladi. 

«Migrant 365» loyihasining bosh maqsadi, afzalliklari nimadan iborat va uning vazifalari qanday? 

– Asosan, Rossiya hududida ko‘p yurganligim sababli, ko‘rdimki, o‘zimga o‘xshagan ko‘pgina yoshlar (o‘qigani va o‘qimagani ham, yo‘nalishi boshqa bo‘lgani ham) ishlashga ketgan. Biroq, muhojirlar uchun ish, ish topish va ishlash bo‘yicha yo‘naltiradigan, qonuniy jihatdan kafolatlangan hech qanday aniq yordam yoki tamoyillar tizimi yo‘q edi. Masalan, agarda shu borada biron mutasaddiga ishingiz tushib qolgudek bo‘lsa, masala ko‘p hollarda sizni foydangizga hal bo‘lmaydi. Muhojirlar huquqlari himoyasini qonun bo‘yicha qiyosiy tahlil etsak, mahalliy hududdagilarga ko‘rsatiladigan xizmat doirasidan farq qiladi. Hudud mutasaddilari tomonidan iloji boricha, mahalliy qatlamga yo‘llanma berishga harakat qilinadi.

Asosan shu kabi tor qamrovdagi xizmatlarga barham berish orqali muhojirlar duch keladigan yana bir qator muammolarga yechim topish meni o‘ylantirardi. Shulardan biri, uy-joy, qayerda va qanday sharoitda yashash masalasi bo‘lib, kuzatuvlarimdan ma’lumki, chet elga birinchi bor borgan ko‘p sonli muhojirlar oldida «Qayerda yashayman va yoki qayerda ishlasam bo‘ladi?» degan savol ko‘ndalang turadi. Bu muhojirni qiynaydigan eng dolzarb masaladir.

Shu va’jdan «Migrant 365» dasturi mazkur masalalarni hal qiladi va muhojirga qonuniy yordam beradi. Dasturning keyingi bosqichi esa yoshlar qatlamini saralab olib, tez fursatda o‘rganib olish mumkin bo‘lgan sohalarga o‘qitishdan iborat. Masalan, hozirda IT sohasiga tezroq o‘qitsa bo‘ladi. Chunki, dasturchi ishlab o‘tirgan paytida patent olish imkoniyatiga ega. Shuningdek, talabgor agar IT sohasini tez vaqtda o‘zlashtirilsa, mahalliy kompaniyalar bilan shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘ladi. Eng maqbul tomoni, keyinchalik mahalliy kompaniyalar xodimning ish salohiyatiga ishonch bildirsalar, masofadan turib, uyga qaytgan paytda ham ishlashga sharoit yaratib beradilar. 

«Migrant 365»dan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni chet elda ish topishlariga ko‘maklashishdan tashqari, boshqa maqbul va afzalroq yo‘llar orqali ham pul topish mumkinligini isbotlash va iloji boricha, muhojir bo‘lib ketgan yoshlarni ortga, Vatanga qaytarish!... 

Shulardan kelib chiqib, «Migrant 365» dasturi o‘z ichiga quyidagi yo‘nalishlarda vazifalarni oladi:

  • Muhojirlarni kunlik muammolari (uy-joy, kasallik, yurt sog‘inchi, ta’lim);
  • Qonuniy yordam;
  • Umumiy muhojirlar uchun ijara uylarini topishga ko‘maklashish;
  • Ishlarga e’lonlar va ish turlariga ko‘ra o‘qitish;
  • Tadbirlar.

«Migrant 365» loyihasi birinchi urinishdayoq yoki birdaniga muvaffaqiyat qozonmagandir?!. Qachon IT sohasi aynan, Sizning sohangiz ekanligini angladingiz? 

– Loyihani boshlagan paytimda bu haqida ko‘pchilikka tushuntirishga harakat qildim. Asosan 2018 yili Sankt-Peterburgda bo‘lgan vaqtimda bunga ko‘p harakat sarf qildik. Ya’ni, loyiha mohiyati xususidagi bayonotni mahalliy guruhlarga tarqatib, uning applikatsiyasi tuzildi. Applikatsiya ham Sankt-Peterburg, Moskva shaharlaridagi mahalliy guruhlarga taqdim etildi. Loyiha avvaliga, mahalliy xudud kesimida amaliyotdan o‘tkazish uchun mo‘ljallangani bois, ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otmadi.

2018 yilga kelib, loyiha umuman o‘xshamagandan keyin to‘g‘risi, umidimni uzgandim. Qator urinishlar evaziga ham ish o‘xshamasa, haqiqatdan, natija chiqmasa kerak, deb o‘ylab qolarkansiz ba’zida... Biroq... hayot kutilmaganda, hamma narsa o‘z vaqtini kutishini isbotlab qo‘yarkan. 2021 yilda Buxoro viloyati hokimiyatiga borib, loyiha haqida batafsil tushuntirishga harakat qildim. Hokimiyat mutasaddilari ham ushbu loyihani dastavval, mahalliy kesimda sinovdan o‘tkazgan holda boshlash lozim, keyinchalik esa Rossiyada tashkil qilsa bo‘ladi, deb maslahat berishdi.  Ochig‘i, birinchi bosqichda ham bunga ishonchim katta emasdi... Keyinchalik, ikkita investorni o‘zi meni izlab topishdi. Hozirda ularni aytishicha, loyihaning butun sarf-harajatini o‘zlari qoplamoqchilar. 

Bugungi kunda Buxoroda «IT Canvas» ochganmiz. Yaqinda Sankt-Peterburgdagi o‘sha investorning tashrifi kutilsa ham, ajabmas. Loyiha mahalliy kesimda real holatda sinovdan o‘tgach, kelgusida Rossiyaning har bir shahri (Moskva, Piter, Qozon va hokazo)da to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning markazlari ochiladi. 

Bu sohadan birinchi pul topgan vaqtimda, buni vaqtinchalik deb o‘ylagandim. Sababi, boshida bu sohaga uncha qiziqishim bo‘lmagan. Chunki, asosan, qiziqish va e’tibor pulga va pul topishga qaratilgandi. Lekin keyinchalik, taxminan, bir, ikki yil ishlaganimdan so‘ng bildimki, jismoniy mehnat bilan aqliy mehnat o‘rtasida katta farq bor ekan!

Birinchidan, ishlash jarayoni yengillashadi, ikkinchidan, olinadigan daromad ham boshqa sohalar daromadiga qaraganda, keskin farq qiladi. Menda IT sohasiga jiddiy qiziqish va maqsadli qarash taxminan, uch yildan keyin paydo bo‘lgan. Bunga asosiy sabab, rasman ishga olinganim edi. Ungacha bironta kompaniya meni ishga oladi, deb o‘ylamaganman hatto. Bunga qadar Rossiyadan kelgach, Buxoro, Toshkent, Samarqanddagi ko‘pgina tashkilotlarga borib, tarjimai holimni topshirganman. Ko‘pchiligi hozir ham meni taniyidi, lekin o‘sha paytda negadir rad javobini olardim. Keyin o‘sha mahal menga IT sohasi to‘g‘ri kelmasa kerak, degan o‘y xayolimdan o‘tgan. Biroq, ishni yana online davom ettirib, keyin esa Rostov shahriga rasman ishlashga yo‘l olganimdan so‘nggina, bu sohada adashib yurmaganligimni angladim.  

IT sohasini tanlashni maqsad qilgan yoshlarga tajribaga ega mutaxassis sifatida qanday maslahat bergan bo‘lardingi, aslida ishni nimadan boshlash kerak? Talabgor qanday sifatga ega bo‘lishi kerak? Bu sohaning talablari qanday? 

– Meni oldimga ko‘pchilik kelib, ketadi. Masalan, hozirgacha taxminan, 200 kishi bilan ishladim. Hozir 10 kishi bilan qolganmiz. Ko‘pchilik sohani o‘rganishga katta da’vo bilan keladi, lekin bozor va uning nozik munosabatlarini tushunmaydi. Masalan, bugungi kunda bozor nima talab qilyapti? Nima uchun shu narsa kerak? Yoki o‘rganayotgan sohasi nima uchun kerak, o‘zi? Kim xaridor-u, ishni kim berayapti? Bu ishni tugallagach, keyingi bosqich nima bo‘ladi? Shu kabi muhim mezonlarni fahmlamasdan, sohani ma’lum bir qismini o‘rgansam bo‘ldi, deya o‘zlarini chegaralashadi.

Vaholanki, sohani tor doirada o‘rganish, tor qarichda o‘ylashdan ortig‘ini va’da qilmaydi. Kelayotgan ko‘pchilikni birlamchi muddaosi – tezroq pul topish! Ular ish beruvchini shunga majbur ko‘rib, o‘zlariga katta baho berib yuborishadi. Sohani xoh bir yil o‘rgansin, xoh ikki yil o‘rgansin, o‘shanday toifaga biror jo‘yali natija ko‘rsatmasidan hech kim pul bermaydi. Qaysidir kurslarga borib, o‘rgansa hamki, uni ishga olishmaydi. Ishga olishgan taqdirda ham, u o‘sha ishda ishlolmaydi. Chunki, qilayotgan ishini tushunmaydi! Sababi, o‘rganayotgan narsasini tushunmasdan turib, o‘rgandi, keyin ish qidirishni boshlaydi. Tajribamdan kelib chiqib, aytamanki, bozorni o‘rganmasdan turib, bu sohada biron nima o‘rganmaslik kerak. Qilayotgan ishini keng qamrovda tushunish, tahlil qilish zarur! 

Maslahatim, kutish kerak. O‘rganish kerak!

ITning istalgan yo‘nalishini 3, 4 oy yoki 5 oyda o‘rgansa bo‘ladi. Lekin keyinchalik uni davom ettirib keta olish — eng muhimi! Ba’zilar sohani 1 yilda o‘zlashtirsalar, boshqalar esa aksincha, 2, 3 yilda ham kutilgan natijaga erisholmay, xunob bo‘ladilar. Chunki, ko‘plar «ITni o‘rgansa, ko‘p va birdaniga katta daromad topish mumkin ekan!» degan puch gapga uchib, bu sohaga ko‘z tikadilar. Oqibat, dard-u, fikrlari faqat pulga bog‘lanadi. Oddiy va oltin haqiqat mavjud – katta daromadga erishish uchun shunga yarasha mehnat qilish kerak! Mijozni va ish beruvchini tushunish darkor. O‘rganayotgan narsasini oxirigacha o‘rganish kerak. Misol, bir yil o‘rganadi-yu, tamom, natija bo‘lmagach, boshqa sohaga o‘tib ketadi. IT sohasi qunt va muntazamlikni yaxshi ko‘radi va bu jihatlar uning qadriyatidir. 

Boshlang‘ich pallada chet tili muhim bo‘lmaydi. O‘rganayotgan kishiga muhimi, birlamchi til emas. Muhimi, o‘rganayotgan narsasini, bozorni tushunishi. Platformalar ko‘p, masalan, men o‘zim dastlab, asosan, Envatoda ishlaganman. Chunki, u payt ingliz tilini oz-moz bilardim-u, erkin so‘zlasha oladigan darajada emasdi. Masalan, mijoz gapirsa, men gapirolmasdim, rus tilim ham umuman yo‘q edi, hisob. Bunday vaziyatda hech kim sizga ish bermaydi. Bordi-yu, Rossiyadan ish qidiraman desangiz ham, rus tilini bilishingiz kerak.

Til ko‘rsatkichingizdan so‘ng, kodlash sifatingizni tekshirishadi. Masalan, frontend, backend va yoki bironta kod yozish, testirovshik, suratga oladigan videomontajchilik bo‘yicha ish boshlamoqchi bo‘lsa, shularga oid platformalar mavjud.  Aytaylik, kodlash bo‘yicha asosan, Envatodan foydalanishadi. Kodni yozasiz, yozgan narsangizni bemalol sotasiz. Yoki surat bo‘yicha bozorlar bor, suratga olasiz, sotasiz. Shunga o‘xshash plaformalar ko‘p.

Boshlang‘ich paytda shu kabilar bilan boshlab, mijoz yig‘ib, pul tushgandan keyin tilni o‘rgansa, maqsadli bo‘ladi. Boshlovchi kishi bir vaqtni o‘zida ham tilni o‘rganadi, ham kodlashni o‘rganadi, ham orada shuncha vaqt o‘tib ketadi, shuncha puli ketadi va oqibat hech qanday natija bo‘lmaydi, keyin oxiri sohani tashlab qetadi. 

O‘zim birinchi, ThemeForest degan narsa sotuvidan ish boshlaganman. O‘shanda bozor munosabatlarining nozik tomonlarini, qanday daromad topish sirlarini sinchiklab o‘rganganman. ThemeForestga narsa qo‘yiladi, keyin frilanserlik platformalariga ishga topshirsa bo‘ladi. Birinchi narsa qo‘yish kerak, sotilsa, sotilmasa. Qaysidir bozorlarga narsa qo‘yasiz, lekin sotilmaydi. ThemeForestga sotuvga qo‘ygan narsam avvaliga, umuman sotilmagan. 

Hozir ko‘pchilik teskari ishlaydi. O‘rganishni o‘rniga, birinchi ish qidiradi. Ish beruvchining talabgorga birinchi savoli «Sen avval nima ish qilgansan?» mazmunidagi so‘roqdan boshlanadi. Talabgorning esa na ko‘rsatadigan narsasi, na ishidan namuna yo‘q. Shuning uchun sohani o‘rganadigan kishi asosan, bozor munosabatlarini albatta, hisobga olish kerak, bozor talabini o‘rganish o‘ta muhim! 

2017 yilga kelib, mijoz bevosita bilan ishlashga to‘g‘ri keldi, shunda ingliz tilini so‘zlashish darajasida o‘rganishga kirishdim. Sababi, agar o‘rtada vositachi bo‘lsa, oyligingiz o‘sha o‘rtadagi kishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Ko‘pchilik «IELTS sertifikatim bor!» deya o‘ziga ishonadi. Lekin ular bir narsani unutishadi. Sertifakat bo‘lgani bilan, mahalliy so‘zlashuv tilini tushunishmaydi. O‘zimizda ham sheva bor-ku, ularda ham shunga o‘xshash, shevalarda farq qiladi-da. Mijoz mahalliy tilida gapirganda, tushunish qiyin kechadi. Yoki bir, ikki oy mijoz bilan ko‘proq so‘zlashib, o‘rganish kerak. Yoki bo‘lmasa, talabgor ingliz tilisini qaytadan takomillashtirishi zarur. 

Dasturlash orqali topgan birinchi daromadim 18$ (dollar) dedingiz. Hozirchi? 

 – Tintri bilan oylik shaklida shartnoma tuzganmiz, bu 5 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Frilanserlik bilan bo‘sh vaqtimda shug‘ullanaman. Qo‘shimcha daromad har xil bo‘ladi, qilingan ishga qarab, to‘lanadi. Bu oyiga bir, bir yarim ming dollar atrofida bo‘ladi. 

IT sohasi yoshlar bandligini ta’minlash va ularning moliyaviy mustaqilligi borasida anchayin keng imkoniyatlar maydonidir. Aytingchi, Buxoro viloyatida IT sohasiga qiziqqan yoshlar qatlami qancha foizni tashkil etadi? 

– Bugungi kun bilan solishtiradigan bo‘lsak, 2018-2019 yillargacha ko‘pchilik IT sohasi haqida deyarli bilmasdi ham, so‘ramasdi ham. Tanishlarimga kodlash orqali pul topaman desam, tushunishmasdi. Lekin hozir, 2022 yilga kelib, bu sohaga qiziquvchilar soni keskin oshganligini guvohi bo‘lib turibmiz. Bugun sohani o‘rganish istagidagi talabgorlar nihoyatda ko‘pchilikni tashkil etmoqda, hatto, ota-onalar ham bu sohani afzalliklari-yu, kelajak istiqbolini yaxshi anglashmoqda. Yonimga 7-8-sinf maktab o‘quvchilarini ham olib kelishadi. Sohani rivojlantirishga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratayotganligi sababli, hatto, maktab yoshidagilar ham ITni o‘rganishga harakat qilyaptilar. Ko‘rinadiki, sohaga talab katta va talabgorlar ko‘p! 

Siz haqingizdagi bir maqolada o‘qigandim, mahalliy yoshlarni IT va ingliz tiliga bepul o‘qitar ekansiz. Shu haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Bu g‘oya qachondan Sizda paydo bo‘lgan va nima uchun? 

– G‘oya «Migrant 365» bilan bog‘liq. Loyihani boshlagan paytim iloji boricha, chetga ketayotgan yoshlarni yig‘ib, tayyorlamoqchi bo‘lganman. Kelganlar orasida yoshlar qatlamining taxminan, 50, 60 foizi chet elga ketayotganlar bo‘lib, qolganlar har xil yoshdagilar edi. Ularga bitta narsani tushuntirish qiyin bo‘ldi. Ketayotgan yosh quyidagi mazmunda talab qo‘yardi: «Men 3, 4 oy yoki 1 yilda IT ni o‘rganishim shart!».

Sizni talabingiz qanday bo‘ldi? 

– Meni talabim, sohani shoshmasdan, batafsil o‘rganish! Iloji boricha shunga undashga harakat qilamanki, talabgor ish ko‘rsatkichi talabga javob beradigan darajada bo‘lsa, birdaniga ishga topshirsin, buyurtma olsin. Yoki bozorda narsasini sotsin. 

Chet elga ketayotganlarni birontasini ushlab qolib bo‘lmadi. Taxminan, o‘n kishiga ketma, dedim. «Bemalol o‘tir, o‘rgan! O‘sha pulingni mayli, bir yil ichida topmading, lekin ikki yildan keyin ko‘zlagan daromadingga katta ehtimol bilan erishishing mumkin!» qabilidagi gaplarim ularga kor qilmadi. Bunda uydagi muhit va yon-atrof muhitining ham ta’siri bor. Masalan, talabgorning ilk kelgan paytidagi ishtiyoqi boshqacha bo‘ladi, ko‘chaga chiqib keladi-da yoki uyga borib keladi-yu, batamom o‘zgaradi. Uni muhit o‘zgartiradi. Muhitning ta’siriga tushadi, qoladi! Shuning uchun yo, muhitni o‘zgartirish kerak yoki muhitdan ularni chiqarmaslik, ushlab turish kerak!

Loyihangiz mazmunidan kelib chiqib, kuzatuvlaringizga tayangan holda aytingchi, bugun jahonda yosh muhojirlar qatlami orasida qaysi ish yo‘nalishiga ehtiyoj katta yoki aksincha, dunyoda qaysi mutaxassisliklarga talab oshib bormoqda?  

– Asosan, bozor bo‘yicha ko‘proq ishlashga harakat qilaman. Jahon bozorida yangi chiqayotgan ishlarni kuzataman. Yoki qanaqa ishlar bo‘yicha talab ko‘proq? Shularni o‘rganaman. Hozirda asosan, mobil yo‘nalishi tez sur’atlarda rivojlanib borayapti. Undan keyin grafik dizaynerlik bo‘yicha ish ko‘p. Xuddi shu qatorda dasturchilik rivojlanayapti. Meni taxminim va farazim bo‘yicha yana uch, to‘rt yildan keyin mobilga oid va grafik dizayn, veb yo‘nalishlari oldinlab ketadi.  

Siz bilan suhbatni tashkillashtirish asnosida shuni angladimki, kun tartibingizni aniq jadval asosida tuzar ekansiz. Shuningdek, faoliyatingizda muntazamlik mezoniga alohida rioya etarkansiz. Umuman, IT sohasi mutaxassisining kun tartibi qanday bo‘lishi kerak, deb hisoblaysiz? Ba’zida kayfiyat bilan ishlashga to‘g‘ri kelganda, qanday yo‘l tutasiz? 

 – Ishlash jarayoni qiyin emas, faqatgina, tartib bilan ishlash qiyin. Masalan, bironta davlat ishxonasida rasman ishlasangiz, ish vaqti ma’lum bir soatdan iborat bo‘ladi. Ya’ni, deylik, ish soati 9:00dan 18:00gacha. IT yo‘nalishida esa tartib yo‘q! Bir ish ustida qunt bilan ishlab o‘tirgan paytingizda, ba’zida boshqa buyurtma bilan ham parallel mashg‘ul bo‘lishingizga to‘g‘ri keladi. Mijoz bilan u ishlayotgan kun vaqti bilan sizning kun vaqtingiz o‘rtasidagi tafovutga ham qaramay, belgilangan payt aloqada bo‘lishingiz zarur. Muvozanatni ushlash esa, mushkul. Lekin hamma ishlarni muvozanatda, bir xil olib borishga harakat qilaman. Oxirgi ikki yildan beri ish rejimim yo‘q, xohlagan paytim ishlayman, xohlagan paytim ishni tugataman. Kunduz, kecha farqi yo‘q. Hozirda uchta kompaniya bilan ishlayapman, keyin o‘zimni loyihalarim bor, taxminan, agar hammasini qo‘shib chiqsak, 32 soat vaqt kerak!..

Suhbat avvalida (kadr ortida) rassomlikdan ham xabarim bor, deb aytdingiz. Kelajakda badiiy ijod sohasi va IT sohasini bog‘lagan holda, uyg‘unlikdagi loyiha o‘ylaganmisiz? 

– Hozir asosan, avtomatlashtirishga qiziqayapman, ko‘pchilik dasturchilarda shunday bo‘lsa kerak. Kelajakda shu narsani qo‘llamoqchiman-ki, ya’ni, erkin rejimini yaratish istagidaman. Buni «Nomadic style» deyiladi... xohlagan ish tartibida ishlash qulayligi. Dasturchi deylik, ikki soat ichida ishini qilsin-u, lekin o‘ylagan boshqa ishlariga ham imkon topa olsin.

Har xil paytda chizaman. Meni taniydiganlar biladi, ko‘proq devorga chizaman. Devorga charchoqni yozish uchun chizaman, to‘g‘risi. Yoki biron nimadan asablarim charchagan payt qalamni malham bilaman. Qolgan payti qo‘limga ba’zan qog‘oz tushadi... Bir marta chizaman, shu bilan to‘rt, besh oy yoki umuman ancha muddatgacha chizolmayman. Ilhom bir marta keladi-yu, o‘sha vaqt bir nafasda chizaman! Ikkinchi marta chizaman desam ham, o‘sha narsani qayta chizolmayman, negadir... 

Lobar Qobilova suhbatlashdi


Kelajak daraxtini ekishga siz ham o‘z hissangizni qo‘shing!

Zero, «Yashil olma» loyihasining kelgusi qahramoni aynan, Siz bo‘lishingiz mumkin!

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring