Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zingdan chiqqan baloga, qayga boray davoga...

O‘zingdan chiqqan baloga, qayga boray davoga...

Foto: «EU vs Disinfo»

Bolaligimda qishlog‘imizda oyoq kiyimlari ishlab chiqariladigan fabrika ishga tushgan edi. Xalq tilida «Obuvnoy» deb nomi chiqqan bu fabrikaga bizning va atrofdagi qishloqlardan maktabni bitirgan yoshlar ishga kira boshlashdi. O‘sha yili maktabni tamomlab o‘qishga kirolmagan opam ham kelasi yilgacha shu fabrikada ishlab turishni lozim topdi. Unga qo‘ni-qo‘shni qiz-yigitlar qo‘shildi. O‘shanda ularning barchasi bir muammoga duch kelishgan edi: ishga kirish uchun ariza rus tilida yozilishi kerak ekan!

Buni hamma tabiiy qabul qilgan. Sababi u paytlarda «ikkinchi ona tilimiz» hisoblangan rus tili amalda alaqachon birinchilikka chiqib olgan edi. Hech kim, bu fabrikaning rahbarlari o‘zimizning odamlar, hammasi o‘zbek, ishlovchilar ham o‘zbeklar, arizani o‘zbek tilida yozsa ham bo‘lardiku, demagan, ochig‘i bu haqida o‘ylab ham ko‘rishmagan. Rus tilida yoziladi, tamom-vassalom. Xullas, kimdir rus tili o‘qituvchisining oldiga chopadi, kimdir «armiyada o‘ris tilini o‘rganib kelgan» akasi yoki biror qarindoshidan yordam so‘raydi. Arizalar qayta-qayta yoziladi, qayta-qayta yirtiladi... Ishqilib, amallashadi. Bu endi o‘tgan qirq yillik gaplar.

Mustaqillikka erishganimizga hademay 28 yil bo‘ladi. O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga esa 30 yil bo‘ldi! Xo‘sh, nima o‘zgardi?!.

Yaqinda viloyatda yashaydigan bir qarindoshimiz telefon qilib yordam so‘rab qoldi. U ayolning ancha yillardan beri har ikki-uch oyda farzandini Toshkentdagi klinikalardan birida davolatib turishini bilaman. Katta pul sarflaydi. Lekin bemor ko‘p, sinchiklab tekshiruvlar, tahlillar har bir bemorga ancha vaqt oladi. Shu bois oldindan navbatga yozilish kerak. Muolajalar yaxshi samara berayotgani uchun ular erinishmaydi sira. Navbatga yoziladi, klinika xodimlari qabul kunini belgilashadi va qabuldan bir kun oldin o‘zlari mijozga telefon qilib aytishadi. Hammasi risoladagidek. Mendan yordam so‘raganining sababi esa...

O‘sha ayol ikki oy oldin ham tekshiruvga olib kelgan o‘g‘lini. Tekshirishgan, muolajala natijalari tahlil qilingan va yangi muolajalar yozib berilgan. Vrach ko‘rsatmasi bilan 250 000 so‘mga qanaqadir apparatga ham tushirgan farzandini va keyingi safar kelishini ro‘yxatga yozdirishni ham unutmagan. Belgilangan sana yaqinlashganda klinikadan unga telefon qilishgan, lekin uning telefoni «doiradan tashqarida» bo‘lgani bois ulana olishmagan. Klinikadan qo‘ng‘iroq bo‘lganini bilgan ayol o‘zi sim qoqqan. Go‘shakni rusiyzabon xodim olgan va rus tilida navbati o‘tib ketganini, yana navbatga yozib o‘zi telefon qilishini aytgan. Lekin qo‘ng‘iroq qilmagan. Muammo shundan boshlangan. Har safar klinikaga qo‘ng‘iroq qilganida o‘sha xodim rus tilida javob bergan, uning gaplarini amal-taqal tushunib olgan ayolning o‘zbek tilidagi javoblariga parvo ham qilmagan. Axir, kun o‘tyapti, belgilangan vaqt o‘tib ketsa, bemor qaytadan 250 ming to‘lab yana apparatga tushishi kerak-da. Keyingi safarlar esa uning ovozini eshitiboq go‘shakni taraqlatib qo‘yib qo‘yish boshlangan...

Undan klinika raqamini olib qo‘ng‘iroq qildim, o‘sha xodim oldi go‘shakni. O‘zbek tilida gapirishni boshladim. «Chto vi govorite?» Men esa o‘zbekcha gapirishda davom etdim. Nihoyat, u yorildi: «Ya ne ponimayu uzbekskiy». «Unda o‘zbek tilini biladigan xodimga bering go‘shakni». Haytovur, o‘zbek tili, deganimdan uqib oldi shekilli, «seychas», deb, sherigini chaqirdi... Salom-alikdan so‘ng vaziyatni tushuntirdim, muammo hal bo‘ldi, qarindoshim bemor o‘g‘lini navbatdagi ko‘rikdan o‘tkazib ketdi.

Meni millatchilikda aylaydiganlar ham topilishi aniq. Lekin, O‘zbekistonda davlat tilini bilmasligini uyalmay aytayotganlarni ko‘z oldingizga keltirsangiz, bundan tiyilgan bo‘lardingiz. Ayniqsa, bu holatni yuqorida tilga olganim 40 yillik holat bilan taqqoslasangiz.

Yaqin bir guruh faollar (aksariyati madaniyat xodimlari)ning O‘zbekiston qonunchiligiga o‘zgartish kiritib, rus tiliga rasmiy til maqomini berish taklifi bilan chiqqanini o‘qib, o‘sha «faollar» orasida xalqimiz sevadigan, ardoqlaydigan shaxslarning ham borligidan rosti lol bo‘lib qoldim. Chunki sof o‘zbekcha ism-familiyalari-da «o‘rischa jarang sochadigan» (bu g‘aliz jumlani ishlatishni ham, ishlatganlarni ham yoqtirmasam-da, ayni vaziyatda qo‘llashni lozim ko‘rdim)lar bilan ularning hamfikr ekanligidan dilim ranjidi. To‘g‘ri, bir mening ranjishim hech narsani o‘zgartirmaydi, ularning qarashini ham, lekin jim turmaslik ham kerak-ku.

Ehtimol, ular, biz o‘zbek tiliga qarshi emasmiz, faqat rus tiliga rasmiy maqom berish taklifini (aslida bu ularning talabi) ilgari surdik, xolos deyishlari mumkin. Xo‘sh, shunday ham deylik. Nima farqi bor? Bu taklif o‘zlari kabi o‘zbek bo‘lsa ham, o‘zbekcha kuylasa ham, oilada, yashash tarzida ruscha an’analarga sodiq bo‘lgan yana qancha-qancha «faollar»ni ruhlantiradimi? Albatta! Yoki bu yog‘i «O‘zingdan chiqqan baloga, qayga boray davoga»mi?

Ularga hamma birdek taniydigan va hurmat qiladigan Farrux Zokirov orqali shunday murojaat qilishni lozim topdim:

Hurmatli Farrux aka, bu taklifga imzo qo‘yayotganda nimani o‘yladingiz bilmadimu, ammo juda noto‘g‘ri qadam tashlagansiz. Sodda qilib aytganda, provakatsiyaga bosh qo‘shgansiz. rus tili nufuzini sobiq ittifoq davlatlarida qayta tiklash va shu orqali asta-sekin boshqa talab-istaklarini ham ilgari surishni maqsad qilgan, bu yo‘lda juda katta mablag‘ sarflayotgan rus propagandasi nog‘orasiga o‘ynagansiz.

Balki sizga farqi yo‘qdir, lekin shunday bo‘lgudek bo‘lsa, rus tili rasmiy maqomdan osonlik bilan, 40 yil avvalgidek, «ikkinchi ona tili» darajasiga chiqib oladi.

Biror davlat idorasi yoki muassasaga ishimiz tushsa, go‘shakni o‘zbek tilini biladiganga bering, deyolmaydi hech kim. Nafaqat rusiyzabonlar, o‘zbek tilini bila turib jo‘rttaga ruscha gapiradigan «o‘ta madaniyatli o‘zbeklar» ham borligini inobatga olsak, buning oqibatlari yaxshilikka olib kelmaydi. Yuqorida misol keltirganimdek, klinikaga ishi tushgan bemor, u hatto bir umr uydan chiqmagan odam, ayol, ona bo‘lsa ham, shu muammoga duch kelsa, yo davolanishdan voz kechib qo‘yaqoladi, yoki rus tilini biladigan qo‘shnisinikiga chopadi.

Taklifingizda keltirgan «rus tili orqali o‘zbek millati nafaqat buyuk rus madaniyati, balki jahon madaniyati va ilm-fani bilan tanishgani, o‘zbek olimlari va adiblari rus tili orqali dunyoga tanitilgani hamda dunyoni tanigani»dek vaj-karsoningizga ko‘z yumgan holda «millionlab o‘zbeklar rus tilini bilmagani uchun Rossiyada ishlayotganda qiynalmoqda» degan iddaoingizga befarq bo‘lolmadim.

Qiziq, siz Rossiyada ishlayotgan vatandoshlarimiz haqida qayg‘uryapsizmi yoki ularni ham ruslashtirishni istayapsizmi? Mayli, sizningcha ham bo‘la qolsin. Nima, Rossiyada ishlash uchun rus tilini sizning darajangizda bilish shartmi? Yoki rus tilini zo‘r biladigan qora ishchiga Rossiyada biror mansab berisharmikin? Unga munosabat o‘zgarib qolarmikan? Mana yaqindagina Rossiya fuqaroligini olgan asli o‘zbekistonlik yosh ayol kupa-kunduzi millatchi shaxs tomonidan o‘zi ishlayotgan magazinda pichoqlab o‘ldirildi. Uch farzandi chirqillab qolaverdi. Hech kim, hoy, bu ayol o‘zimizning fuqaro, deb yonini olmadi-ku. O‘zi shundog‘am AQSh va Yevropa sanksiyalaridan holdan toyib borayotgan Rossiya yurtdoshlarimiz uchun jozibasini yo‘qotib borayotgan bir paytda bu fikrni aytish kulguli emasmikin? Undan ko‘ra, xorijda ishlashni istovchi yoshlarimizga ingliz, nemis, fransuz tillarini o‘rgatib, Yevropaga jo‘nataylik, ko‘proq maosh olishadi qaytanga. Mehnat xavfsizligi ham yaxshiroq ta’minlanadi. Mana, yaqinda hukumatimiz BAA bilan kelishuvga erishdi. Endi millionlab o‘zbeklar Rossiyadan ko‘ra ko‘proq maosh to‘laydigan va xavfsiz bo‘lgan Amirliklarga borib ishlashlari mumkin bo‘ladi. U holda, arab tilini o‘rgatish kerak ekanda...

Gapirsak gap ko‘p. O‘zbekistonda rus tili bo‘yicha shundog‘am hech qanday muammo yo‘q. Istagan odam bolasini rus tilli bog‘cha va maktablarga berishyapti. Jamiyatda ham rusiyzabon hamyurtlarimiz biror muammoga duch kelishgani yo‘q, kelishmaydi ham. Rus tilini siyosiylashtirish, undan qandaydir mafkura quroli sifatida foydalanmaslik kerak.

Undan ko‘ra, yurtimiz ziyolilari, san’at va madaniyat arboblari bir yoqadan bosh chiqarib, o‘zbek tilimizning tom ma’noda Davlat tili darajasiga olib chiqish uchun harakat qilishlari lozim. Qaysidir boshqa davlatning siyosiy qarashlarini ifodalovchi propaganda qutqulariga uchmasdan, mamlakatimiz, millatimiz, tilimiz ravnaqi yo‘lida jips bo‘lishimiz darkor! Axir, aytishadiku, bo‘linganni...

Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring