Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Qalbiga qulf urilganlar

Qalbiga qulf urilganlar

Samarqandning Ishtixon tumanida bo‘lgan voqea ko‘pchilikni larzaga soldi. Bir oila yo‘q bo‘lib ketdi. Har bir jamiyatda oilaning oila bo‘lib shakllanishi, o‘z o‘rnini topishi nechog‘lik muhim va qiyin. Ammo shu oiladan bir kunda nom-nishon qolmadi. Ota-onaning voyaga yetayotgan farzandlari kelajagi haqidagi orzu-umidlari hammasi bir kunda yerga ko‘mildi.

Qotillikni amalga oshirgan 4 nafar yigit arzimagan pul uchun mudhish jinoyatga qo‘l urdi. Jazosini ham oladi albatta. Ammo meni ularning kimligi, qanday oilada voyaga yetgani, qanday odamlarning farzandi ekanligi tashvishga soladi. Ular shu qotillikka qo‘l urayotganda nimalarni o‘ylagan, ko‘nglidan nimalarni o‘tkazgan? O‘sha oila o‘rnida o‘z oilasini, aka-ukalarini qo‘yib ko‘rmaganmi?

Chet el kinolarini ko‘rganimda urushda, jangohda dushmaniga qarata o‘q uzayotgan yigitchalarning ko‘zidagi yoshni ko‘rganman. Ilojsizlikdan dushmanini otib qo‘ygan askar: «Bu yuk bilan umrimning oxirigacha qanday qanday yashayman», deya iztirob chekadi.

Ishtixonlik yigitlar qachondir jazoni o‘tab chiqqach ham bu yuk bilan qanday yashaydi? Aslida ularning vijdoni qiynaladimi? Savollar ketidan savollar tug‘ilaveradi. Nega ularning ko‘zi qonga to‘lgan?

Bugun biz bog‘chada bolalarni qabul qiladigan, ularning intellektual salohiyatinigina aniqlaydigan psixologlarga emas, odamshunoslarga muhtojmiz. ODAMShUNOSLARGA...

Meni qiziqtiradi: bu bolalar yoshligida qanaqa bo‘lgan, nimalarni o‘ylagan, nimalarga qiziqqan? Mana shu voqea haqidagi xabarlar tarqalganidan keyin juda ko‘p izohlarni o‘qidim. Bir katta yoshli kishi shunday yozibdi: «ularni itdek ingratib o‘ldirish kerak?» Menda yana savol tug‘ildi, «nega itni ingratib, qiynab o‘ldirish kerak?» Kimdir aytganidek, bu yigitlar yoshligida itlarni ingratib, qiynab katta bo‘lgan bolalar emasmi? Men biror xonadonda hayvonlarga mehr ko‘rsatish uchun emas, itni, xo‘rozni, qo‘chqorni urishtirish, urishtirib zavq, lazzat olish uchun boqqanlarni juda ko‘p kuzatdim. Biror hayvoni o‘lib yoki yo‘qolib qolsa, yig‘lalaganlarni juda kamdan kam ko‘rdim. Chunki bizning mamlakatda biror hayvonning o‘lishi yoki yo‘qolishiga hojat yo‘q. Chunki aksariyat xonadonlarda hayvonlarni bolalarning ko‘z o‘ngida so‘yib, nimtalaymiz. Ayniqsa, qishloqlarda itlarga, mushuklarga, parrandalarga nisbatan munosabatdan yig‘lagingiz keladi. Aholi ularni ko‘chada qolgani uchun emas, manfaati uchun boqadi, undayam o‘lmasdan nari qilib. Aytmoqchi bo‘lganim, bunday bolalarning diydasi hayvonlarga ana shunday munosabat tufayli qotib ketgan. Va odamga ham mehr-shafqat tuyg‘ulari shakllanmay qolgan. «Chumoliga ham ozor bermagan», degan gap faqat yaxshi insonga nisbat berilib aytilishi ham bejiz emas. Chumoliga ozor bermagan odam insonga ham shavqatli bo‘ladi.

Meni tinmay bir savol qiynaydi. Bu yigitlar o‘sha kunlari oila davrasida o‘zlarini qanday tutgan? Dasturxon boshida ota-onalari bilan nimalarni gaplashgan, otalari ular bilan qachon oxirgi marta suhbatlashgan? Ular o‘sha kunlari qanday uxlagan? Yoki faqat mahalla ko‘yda, ma’rakada ko‘ksini qo‘liga qo‘yib salom berishdan nariga o‘tmaydigan, qalbida esa alamzadalik, bir uyum axlat, shafqatsizlik uya qurgan zombilarni tarbiyalashganmi? Vijdon, qalb go‘zalligi degan tuyg‘ular ota-onalar tomonidan ularga ibrat qilib ko‘rsatilmaganmi?

Ko‘pincha, deyarli har doim mana shunday qotilliklardan keyin boshqalar tomonidan tuppa-tuzuk oilaning farzandi edi degan gaplarni eshitamiz. Ha, atrofimizdagi deyarli barcha oilalar tuppa-tuzukka o‘xshab ko‘rinadi. Katta kamchiligimiz ham shunda. Odamlar ko‘ziga risoladagidek, tuppa-tuzuk bo‘lib ko‘rinish.

Andijonda bir onaning 14 yoshli qizini 3 zabardast erkakka bir kechaga arzimagan pulga sotgani haqidagi xabarni o‘qigandim. Ayol maktabdagi direktor bilan kelishib homilador bo‘lib qolgan qizning 7 oylik bolasini yashirincha tushiradi. Hamma sir oshkor bo‘lgach esa onaning mana bu gapi ensangizni qotiradi: «El-yurt oldida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqqandim». El-yurt oldida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqqan ona qizalog‘ini osongina erkaklarga topshirayotganda nega o‘zidan, qizidan uyalmadi. Qizining nomusi tufayli berilgan pulni qanday yeb ichdi, o‘sha kuni qanday uxladi. Anavi uch erkakchi? Qizini, singlisini ko‘z oldiga keltirmadimi? Nega ular bu yuk bilan qanday yashayman, degan savolni berar darajada qalbini tarbiyalamaydi yoki tarbiyalashmagan? Aynan mana shu onaning, mana shunday uch erkakka o‘xshagan otalarning o‘g‘illari xuddi yuqoridagidek qotillik qilishdan qaytmaydigan bo‘lib voyaga yetishi shubhasiz.

Qizini (eslaganda odamning yuragi uvishib ketadi) tubanlarcha uch otasi tengi erkakka bir kechaga pullagan, dala dashtda qizining zo‘rlanishiga o‘zida kuch topgan ona jamiyatdan, eldan uyalgani mantiqsiz. Ya’ni biz farzandlarimizni ko‘proq mahalla ko‘ydan, eldan uyalishga o‘rgatamiz, vijdon esa ikkilamchi bo‘lib qoladi. Aslida bolani vijdoni oldida uyaladigan qilsak, boshqalar oldida ham uyaladigan ish qilishiga hojat qolmaydi. Ya’ni tuppa-tuzuk oilaning farzandi bunday mudhish qotillikka qo‘l urmaydi. Bunday biz tuppa-tuzuk deb o‘ylaydigan, lekin qachondir, qandaydir ishkali chiqadigan oilada qandaydir murvat ishlamaydi yoki noto‘g‘ri burab qo‘yilgan. Bu oilalarda erning xotinga, bolalarga munosabati qanday? Onaning o‘rni oilada qanday? Bizda juda ko‘p tashkilotlar mavjud. Mahalla, «Oila» ilmiy amaliy markazi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi... yana ko‘plab tashkilotlarni misol keltirish mumkin. Ular har kuni shu oilalar davrasida va shu bilan birga hech qachon birga emas. Ularning ichiga kirib borolmagan. Oiladagi har bir inson bilan til topisha olmagan.

«Jahl chiqqanda aql ketadi», deyishadi. Ularning jahli chiqmagan aqligini yo‘qotadigan darajada. Xotirjamlikda, temir bo‘lagini qo‘lga olganu insonni, tirik jonni osongina yuzini, boshini majaqlab qo‘ya qolgan, vahshiylarcha. Kechagina bir olam orzu umid bilan yashayotgan oila bugun yo‘q. Shov-shuvga aylangan bu voqea yana takrorlanmasligiga kim kafolat beradi? Urush davrida minglab odamlarni turli qiynoq bilan o‘ldirganlarni  beshafqat, fashist, gazanda deb keldik. Ammo, xudo ko‘rsatmasin, mana shunday vaziyat tug‘ilib qolsa o‘zimizda ham bajonidil, kiprik qoqmasdan fashistlardek odamlarni qiynaydiganlar chiqishi mumkinligi odamni iztirobga soladi.

Har safar shu to‘rt mal’unning ota-onasini tasavvur qilaman. Ular qanday odamlar? Ular bag‘rida yetishtirgan farzandi bilan qachon oxirgi marta suhbatlashgan? Ularning orzu-umidlari yoki o‘y-xayollari bilan qachon qiziqqan? Ularning tuyg‘ulari, hissiyotlari qaysi yo‘l bilan tarbiyalangan? Tarbiyalanganmi o‘zi? Bir paytlar o‘qigandim. Qaysidir mamlakatda uch nafar farzandini hech kimga ko‘rsatmay yerto‘lada boqqan ota-onani. Ular hurkak, qo‘rqoq va shu bilan tajovuzkor edi. Men ham bu yigitlarni bir umr yerto‘lada saqlangan, qalbi qulflab qo‘yilgan o‘sha bolalarga o‘xshatdim. Qo‘rqoq, hurkak va shu bilan birga shafqatsiz... Qalbi, hissiyotlari, tuyg‘ulari tarbiyalanmay qolgan zombilar, manqurtlar...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring