Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Adham Otajonov (Abu Muslim)

Har bir amalingizni tahlil qilib, kimga yoki nimaga sig‘inayotganingizni bilish mumkin.

Qullikning turlari: Siz kimning yoki nimaning qulisiz?

Qullikning turlari: Siz kimning yoki nimaning qulisiz?

Foto: «Gnose.org.br»

«Qul bo‘lish», degani nima? Keng ma’noda kimgadir bo‘ysunish, sig‘inish yoki kimningdir yoki nimaningdir ta’sirida bo‘lishdir. Qullik degan har bir narsa inson sha’nining xorlanishi yoki haqoratlanishi, degani emas. Kimga qul ekaniga qarab inson qadri belgilanadi. Sharafsizlantiradigan va yuksaltiradigan qullik turlari bor.

Umuman olganda, har qaysimiz homiyga muhtojmiz, ya’ni o‘zimizni xavfsiz, himoyalangan va xotirjam deb his qilishimiz kerak. Bu hissiyot kimni o‘zimizning himoyachimiz, deb ishonganimizga ham bog‘liq.

Agar barcha odamlar (va jinslar ham) Alloh taolo tarafidan yaratilgan deb aytsak, ba’zilarga bu haqoratli tuyulishi mumkin. Ular bunga javoban «inson ulug‘ narsalar uchun yaratilgan» oyati karimasini yoki boshqa shu kabi so‘zlarni qarshi qo‘yadilar. Masalan, o‘z shubhalariga qul bo‘lganlar shunday deb aytishlari mumkin. Yoki Islomga zid bo‘lgan qarash qullari.

Biroq butun olamlarni, go‘zallik va yaxshiliklarni, vaqt va makonlarni yaratgan Alloh taologa ibodat qilish, Unga banda bo‘lishdan go‘zal nima bo‘lishi mumkin? U biz yaxshi ko‘rgan odamlarni yaratdi hamda bizga rizqlarini to‘kib-sochmadimi?

Bu dunyo foniydir va bir kun kelib yo‘qlikka yuz tutadi. Biz ham bir kun kelib bu dunyoni tark qilamiz va Uning amri bilan qayta tirilamiz. Alloh taolo birdir, uning sheriklari yo‘q. Alloh taolo O‘zining borligida, molikligida, ilmida va hamma narsani O‘z tasarrufida tutishida yagonadir. Uning ismlari faqat va faqat go‘zaldir. Go‘zal ismlarning barchasi tanho Unga xosdir. Alloh taolo bandalariga mehribon va rahmli Zotdir, unga nima yaxshiyu nima yomon ekanini O‘zi yaxshi biladi. Shuning uchun bizning rizqimizni, hayotimizni o‘z zimmasiga olgan zotdan rozi bo‘lib yashamog‘imiz lozimdir.

Barcha jonzotlarni yo‘qdan bor qilgan zot ham, jumladan, insonni yaratgan zot ham, Alloh taolodir. Dunyodagi barcha rizqlarni yaratgan, ularni yaxshi va to‘liq biladigan, tadbirini qiladigan zot ham Allohdir. Binobarin, har bir insonga qancha va qandoq rizq tegishini ham faqat Alloh taoloning O‘zi biladi.

Biz yaxshilik qilsak, Robbimiz bizga o‘nta hasanot yozadi. Biz Alloh taolo uchun xolis amal qilsak,  U bizni o‘zi kutmagan tarafdan rizqlantirib qo‘yadi. Biz qilgan gunohlarimiz uchun istig‘for so‘raymiz, Alloh taolo esa, mag‘firat qiladi. U bizga jannat bog‘larini va’da qilgan. Biru Bor, Hoziru Nozir, Qodiru Hakim, Aliymu Xabir, Mudabbiru Musavvir, Xoliqu Xabirdir. U inson sha’ni, mol-mulkini daxlsiz qilgan. Olamlar Robbisiga ibodat, bandalik qilishi bu inson uchun yuksalish bo‘lgan qullikdir. Bunday qullikdan boshqa hech narsa ozodlik, erkinlik, chuqur xotirjamlik, sakinat va umid baxsh eta olmaydi.

Biroq, boshqacha qullik turlari ham mavjud. Agar sen Robbingga ibodat qilmayotgan bo‘lsang, demak, sen boshqa bir narsaning bandasisan. Masalan, ijtimoiy fikr qullari boshqa odamlarning yoki guruhlarning fikriga qul bo‘lganlar. Bunday kimsalar o‘sha odamlarni barcha narsadan hatto o‘zining sog‘lom aqlidan ham ustun sanaydilar. Bular jamiyatda shakllangan yanglish tushunchalar va qoliplarni tanqid qilishdan ham qo‘rqadilar, xuddiki bu narsalar qandaydir muqaddas bo‘lib, o‘zgartirib bo‘lmaydigan narsadir. Va shunga ko‘ra, yashab, hayotlarini «hamma qatori» degan qolip asosida barpo qilishga harakat qilishadi. Shu tarzda, ular Alloh taolo tarafidan in’om qilingan shaxsiy xususiyatlarni o‘zgartirib, o‘sha ijtimoiy guruh fikriga to‘laqonli a’zo bo‘lishga shoshadi. O‘shalardan himoya, xotirjamlik izlaydi.

O‘z aqllarining qullari. Bular skeptik, ateistlar, ya’ni o‘z fikrining qullari, ularning dunyoqarashlari o‘z tasavvurlari va g‘oyalari bilan cheklangan.

Mansab qullari. Ular kimgadir hukmron bo‘lmasa o‘zlarini qadrsiz hisoblaydi. O‘zini bilmaslik va hayotidagi maqsadlarini to‘g‘ri anglamaslik ularni o‘zini namoyon qilish, o‘zini ko‘rsatib qo‘yishga undaydi, ya’ni o‘z hayotining maqsadini boshqalar ustidan hukmron bo‘lib yoki hukmronligini kengaytirishda deb bilishidir.

Pul qullari.  Bularni avvalgi guruhga qo‘shish mumkin edi, chunki pul hukmronlik bo‘lish uchun vosita hisoblanadi. Biroq pulga qul bo‘lganlar pulga sotib olish mumkin bo‘lgan narsalarga sig‘inadilar. Bu narsa esa, ularga ozodlik va erkinlik hissiyotini beradi. Agar yanada chuqur mulohaza etilsa, Alloh taologa ibodat qilib topish mumkin bo‘lgan xotirjamlikni ular boshqa narsadan istashadi.

Bundan tashqari, his-tuyg‘ular, e’tiqodlar va boshqa juda ko‘p narsalarning qullari bor.

Har qanday odam turli vaqtda turli xil «ilohlar»ga xizmat qilishi mumkin. Chunki, bir hadisda aytilishicha, shunday vaqt keladiki, odam mo‘min holida uyg‘onib, kechasi esa kofir bo‘lib uyquga ketadi. Shu tarzda odam ham turli vaqtlarda turli xil «ilohlar»ga talpinib hayot kechirishi mumkin. Robbisidan boshqa har qanday narsaga sig‘inish dunyo, shayton va nafsi uchun bo‘ladi. O‘ziga iloh qilib olgan narsalar ham ko‘p qismlarga bo‘lingan bo‘ladi. Shu tarzda inson qalbiga qora tunda qora tosh ustida qora chumoli kabi o‘rmalab shirk va munofiqlik kirib qolishi mumkin.

Har bir amalingizni tahlil qilib, kimga sig‘inayotganingizni bilish mumkin. Bir narsani gapirishdan yoki qilishdan oldin bu amalim bilan nimaga erishmoqchiman, qanday foydani ko‘zlayapman, deb o‘zingizdan so‘rab ko‘ring. Savolga berilgan to‘g‘ri javob bilan kimga yoki nimaga sig‘inayotganingiz mu’lum bo‘ladi. Agar, Alloh taolo roziligi bilan dunyoviy manfaat ko‘zlangan bo‘lsa, birinchi o‘ringa Alloh taolo roziligini qo‘ying. Va yana bu narsalarni faqat va faqat Alloh taolo roziligi uchun qila olishingizni ham bir so‘rang, ya’ni dunyoviy manfaatni ko‘zlamay. Va har bir javob beruvchi mo‘minning javobi ijobiy bo‘lsin.

Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vassalam dirham quli va kiyim-kechak qullarini la’natlagan. Ularning bu qulliklari Robbisiga to‘liq taslim bo‘lishdan to‘sadi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta «ilohlar»ga sig‘inib bo‘lmaydi.

Aslida na pul, na mansab, na mol-mulk iloh bo‘la olmaydi. Bu so‘z bilan faqat dunyoga qul bo‘lib qolmaslikka da’vat qilyapman, xolos. Bu narsalar aqlimizga ta’sir qilib, amallarimizni boshqarmasin. Qalbimizni faqat va faqat olamlar Robbisi uchun taslim qildiraylik.

Shaxsning Allohning birligiga shahodat berishi unga qul bo‘lishi

Fitriy, aqli va tarixiy dalillar ilohning yolg‘iz ekanligini isbotlamoqda. Inson qaysi tarafga bosh urmasin, hayotning oliy bir kuch tarafidan boshqarilishini ko‘radi, O‘z istagi bilan yoki qo‘rqinch bilan unga sig‘ina boshlaydi. Xususan, inson gunohga botib og‘ir ahvolda qolganida va hech kim unga yordam qo‘lini uzatmaganida u ilohiy kuchga ehtiyoj seza boshlaydi. Inson vahima, jaholat va shunga o‘xshash muhitdan qutulib, o‘zligini anglaydi, jonsiz, soxta tangrilardan uzoqlashib, ixlos bilan Robbisiga sig‘inadi. Bu dengizda cho‘kayotgan kema yo‘lovchilarining ahvolini eslatadi.

«To sizlar kemalarda bo‘lgan vaqtlaringizda va u (kemalar) xush yel bilan ularni (ya’ni sizlarni) olib ketayotganlarida va ular bu bilan shod-xurram bo‘lganlarida, bir qattiq shamol kelur hamda ularning ustiga har tarafdan to‘lqin kelib, o‘zlarining girdobda qolganlarini bilganlarida: Qasamki, agar mana shu (balo)dan bizga najot bersang, albatta shukr qilguvchilardan bo‘lurmiz», deb chin ixlos bilan Allohga iltijo qilurlar».

(Yunus surasi 22)

Bu misolni Allohning borligiga bir dalil sifatida keltirdik. Bu ayni zamonda Uning birligiga ham dalilidir. Inson mavhumliklar ichida yolg‘iz qolganida butga sig‘inmaydi. Aksincha, o‘zining va barchaning Robbisi bo‘lgan Alloh oldida tiz cho‘kadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring