Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya Kubadagi josuslik markazini qayta ochdi

Rossiya Kubadagi josuslik markazini qayta ochdi

Rossiya Kubada joylashgan “Lurdes” radioelektron markazi faoliyatini qayta yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda The Insider surishtiruvida ma’lum qilingan. Sovet Ittifoqidan meros josuslik markazi 2001 yilda prezident Vladimir Putin tomonidan yopilgan edi

The Insider nashriga ko‘ra, Rossiya bir necha yil davomida Kubaga diplomatlar niqobidagi razvedkachilar va texnika universitetlari bitiruvchilari – raketasozlik, texnika va matematika mutaxassislarini yuborgan. 

Moskva Havana hukumati bilan AQSh sun’iy yo‘ldoshlari, NASA parvozlar markazidan ma’lumotlar yig‘ish, shuningdek, telefon so‘zlashuvlarini tinglashga mo‘ljallangan markaz faoliyatini qayta yo‘lga qo‘yish borasida 2014 yilda kelishuvga erishgan. O‘sha yildan e’tiboran Kubaga Rossiyaning yuqori martabali siyosatchilar tez-tez safar qila boshlagan.

2014 yil 14 iyulda, shuningdek, prezident Putin Kubaning 35 milliard dollar miqdoridagi qarzidan voz kechgan.  

The Insider nashri 2022 yil noyabr oyida Moskvaga Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel tashrif buyurgani va Putin bilan uchrashganiga e’tibor qaratgan. Tashrif tafsilotlari ochiqlanmagan, ammo Kuba rahbari Kremlga moliyaviy ko‘mak evaziga “Ozodlik oroli”da harbiy faollikni kuchaytirishni taklif etgan bo‘lishi mumkin. 

“Lurdes” radioelektron markazi qurilishi 1962 yilda boshlangan. 1967 yildan ish boshlagan markaz faoliyatini moliyalashtirish uchun Moskva har yili yuz millionlab dollar sarflagan. 2001 yilda Rossiyadagi iqtisodiy qiyinchiliklar sabab Putin markaz faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan. 

Avval xabar berganimizdek, 2016-2017 yillarda AQShning Kuba poytaxti Havana shahridagi elchixonasida faoliyat yuritgan 40 nafar xodimda noodatiy kasallik asoratlari namoyon bo‘lgan. Ayrim diplomatlarning qulog‘i ostida kuchli shovqin eshitila boshlagan, ayrimlarining qon bosimi ko‘tarilib, boshi og‘rigan, yana ayrimlarining ko‘rish va aqliy qobiliyatida buzilishlar, uyqusizlik qayd etilgan. Sirli xastalik “Havana sindromi” deb atalgan.

AQSh maxsus xizmati Moskvani akustik hujum uyushtirishda ayblagan. Rasmiy Moskva ham, rasmiy Havana ham akustik hujumga aloqadorligini rad etgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring