Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Taraqqiyot qonunga hurmatdan boshlanadi

Taraqqiyot qonunga hurmatdan boshlanadi

«Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni to‘g‘risida

Huquqiy savodxonlik... huquqiy ong... huquqiy madaniyat... qonun ustuvor jamiyat...

Nega bu tushunchalar yana kun tartibiga chiqdi? Undan ham avvalroq aniqlab olishimiz lozim bo‘lgani: bu tushunchalar nimani anglatadi?

Chuqur nazariy izohlarni chekkaga surib, oddiy misol orqali tushuntirishga urinib ko‘raman.

Siz ma’lum bir manzilga bormoqchisiz, ammo qanday borishni bilmaysiz. Biladiganlardan so‘raysiz, ma’lumot beradilar. Bu shunchaki ma’lumot olish bosqichi, ammo hali bilim emas – huquqiy ma’lumot.

Ma’lumotingiz bilimga aylanishi uchun siz o‘sha ma’lumot asosida manzilni topib borishingiz kerak. Bir marta borsangiz, keyin esdan chiqarmaysiz va doim topib kela olasiz – huquqiy bilim, savodxonlik.

So‘ng siz manzilga borishning qulayroq usullarini izlay boshlaysiz, xaritani olasiz, tahlil qilasiz, yo‘nalishlarni o‘rganasiz. Mana bu yo‘ldan yurish mumkin emas, taqiqlangan, bunisi ochiq ekan, shu yo‘ldan borsam, yaqinrog‘u, ammo yo‘l harakati qoidalarini buzar ekanman deysiz. Buzsangiz, qanday javobgarlikka duchor bo‘lishingizni ham bilasiz va javobgarlikni his qilib, qing‘ir yo‘lni tanlamaysiz. Ya’ni siz bilimdan ongli ravishda foydalana boshlaysiz – bu huquqiy ong.

Faqat javobgarlikdan qo‘rqib emas, taqiqlangan yo‘ldan yurish yomonligini tushunib o‘sha yo‘ldan yurmasligingiz, qoidalar sizning va ommaning foydasigaishlashini anglab, ularni hurmat qilishingiz, qonunlarni hurmat qilganingiz tufayli ularni buzmasligingiz – huquqiy madaniyatdir.

Huquqiy madaniyat bo‘lmasa, biz faqat qonunlarni o‘rgatish yoki javobgarlik bilan qo‘rqitish orqali huquqiy nigilizmga barham bera olmaymiz, qonun ustuvorligiga erisha olmaymiz, demak, taraqqiy eta olmaymiz.

Shu sababli ham yuksak huquqiy madaniyat milliy g‘oya darajasiga ko‘tarilyapti.

Kuni kecha qabul qilingan Prezident Farmonining mazmuni, maqsadi va ahamiyati ana shunda aslida.

Biz sobiq bosh prokurorlari qonunni buzgani uchun sudlanayotgan, xavfsizlik generallari va tergovchilari zolimligi uchun 16 yilga qamalgan, ichki ishlar xodimlari ayollarni yechintirgan jamiyatda yashayapmiz.

Haydovchilari yo‘l qoidalariga faqat kameradan qo‘rqib rioya qiladigan, fuqarolari pul bermasang hech qayerda ishing bitmaydi deb ishonadigan (afsuski, asossiz emas), qonunlar turganda qasam bilan halol ishlash mumkin deb o‘ylaydigan jamiyatga aylandik. Aslida qasamni buzmaslik uchun ham huquqiy ong va madaniyat bo‘lishi kerak.

Biz o‘z huquqiy madaniyatimiz darajasini tanqidiy baholab, muammolarimiz sababi aslida shu yerda ekanini anglashimiz kerak.

Prezident Farmoniga 88 bandlik yo‘l xaritasi ilova qilingan: barcha sohalarda huquqiy madaniyatni yaxshilash ustida so‘z boradi. Chunki balandparvoz shiorlaru nutqlar emas, real muammolar ustida qilingan real ishlar bilan vaziyatni o‘zgartirish mumkin.

«Jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish dasturi» bor edi, endi yangi chora-tadbirlarga ne hojat deyishingiz mumkin. Ha, bor edi. Ammo 1997-yilda qabul qilingan dastur ma’nan eskirgani ham mayli, aniq vazifalar qo‘yilmagani, amalga oshirish mexanizmlari belgilanmagani bilan oddiy atributga aylanib qolgan edi.

Oddiy misol: huquq darslariga boqing. Maktablarda ikki kurs huquqiy darslar o‘tiladi: «Davlat va huquq asoslari» hamda «Konstitutsiyaviy huquq asoslari». Litsey-kollejlarda esa «huquqshunoslik» degan kurs ham bor. Lekin qay birimiz pasportni vaqtida olmasak, jarima to‘lashimiz mumkinligini maktabda o‘rganganmiz? Yoki soliq to‘lamaslik jinoyat ekanini o‘qituvchilarmiz aytishganmi?

Bizga Konstitutsiya necha bobdan iboratligi, parlament nimaligi, u yerda nechta odam o‘tirishini o‘rgatishardi. Konstitutsiya kuniga she’r yodlardik, qo‘shiq aytardik. Biroq konstitutsion huquqlarimiz buzilsa, qayerga murojaat qilishni bilmas edik.

Ya’ni kundalik hayotimizga, turmushimizga, taqdirimizga daxl qiluvchi huquqlarimizdan amalda foydalanishni o‘rgatishmadi.

Endilikda Farmon bilan maktablarda huquq darslari uchun yangi avlod darsliklarini yaratish va huquqiy ta’lim dasturini qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yilyapti.

Qonunlar ishlaganda samara beradi. Boshqa tomondan esa ularga rioya etilsa, rioya etilishi talab qilinsa, ishlaydi. Bu bilan hamma huquqshunos bo‘lsin, barcha qonunlarni yod bilib talab qilib yursin deyilmayapti.

Hamma, avvalo, o‘z sohasidagi qonunlarga rioya etsin, qonunni aylanib o‘tish degan narsani umuman xayolidan chiqarib tashlasin deyilyapti. Bu – ichki madaniyat, bu – inson rivojlanishning qaysi bosqichida turganini ko‘rsatuvchi mezon.

Insoniyat qotillik jinoyat ekanini bilganida, bir ildamladi. Birovning mulki va o‘z mulki degan farqni anglaganida, yana o‘sdi. Soliq to‘lash nima uchun kerakligini bilib, taraqqiyotni tezlashtirdi va hokazo.

Qonunlar, tartiblar oxir oqibat o‘zi va kelajagi uchun foydali ekanini anglagan har bir bosqichda u madaniy rivojlananish pillapoyalaridan ko‘tarilaverdi.

Amaldormi, oddiy xodimmi – kim bo‘lishidan qat’i nazar, qonunga hurmat ruhiga ega bo‘lmasa, u zamonaviy dunyo kishisi emas, o‘rmon qoidalari bilan yashovchi ibtidoiy odamdir.

Qonuni ustuvor davlatgina rivojlanadi. Amerikani birlashtirgan – «Amerika orzusi» va demokratiya g‘oyasi, Buyuk Britaniyani jipslashtirgan – an’analar, Xitoy xalqini yagona millat qilgan – tarixiy ildizlari, Singapurni rivojlantirgan – korrupsiyaga toqatsizlik g‘oyasi va hokazo.

O‘zbekiston xalqini «qonun ustivor davlat qurish» g‘oyasi birlashtira olmaydimi?

Birlashtiradi, agar biz shuni istasak.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring