Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Xalq bilan muloqot» to‘xtadi...mi?!

«Xalq bilan muloqot» to‘xtadi...mi?!

Foto: ko‘rsatuvdan lavha

«Mahalla» telekanali orqali namoyish etila boshlagan shu nomdagi ko‘rsatuv bor-yo‘g‘i to‘rt martagina jonli efirga uzatildi. Keyin-chi?

«Jonli efir bekor qilindi»

Shu yilning 14 fevralida telestudiyada to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib boriladigan ko‘rsatuv hech qanday ogohlantirishsiz, izohsiz olib tashlandi. Taklif etilgan ekspertlar, mutaxassislar, oddiy tomoshabinlar oldida mulzam bo‘lganimiz yetmaganidek, ularning «Tinchlikmi, nega endi, muloqot bo‘lmaydimi?» degan savollariga jo‘yaliroq javob berolmadik.

Ochig‘ini aytsam, salkam o‘ttiz besh yildan beri shu tizimda baholi qudrat ishlab, bunaqa ko‘ngilsiz holatlarga ko‘nikib qolganman. To‘g‘ri, avvallariyam shunga o‘xshash voqealar bo‘lib turardi. Tomdan tarasha tushgandek, «jonli efir bekor qilindi» degan sovuq xabar tarqalgach, buning sababini «Mahalla» telekanali direktoridan so‘radim. Uning aytishicha, bu «topshiriq» O‘zbekiston teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari tomonidan berilibdi. Har haftaning payshanba kunlari namoyish qilinayotgan ko‘rsatuvning dabdurustdan to‘xtatilishi ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Baribir kalavaning uchi topilmadi. Keyin turli tuman shov-shuv, mish-mishlar boshlandi. Xullas, ushbu ko‘ngilsiz holatga men bir jurnalist, qolaversa, muallif sifatida izoh berish bilan birga, o‘zimni qiynayotgan og‘riqli savollarga javob topishim kerak-ku!

«Yuqori»dan ishora...

O‘ylab qoldim. Avvaliga o‘zimni «taftish» qilib ko‘ray-chi: xo‘sh, jurnalist, boshlovchi sifatida qayerda xato qildim, jiddiyroq mavzuni ko‘tarib, shu vaqtgacha odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilishdan qochib, pusib yurganlarning jig‘iga tegib qo‘ydimmi? Umuman, ana shunday «kutilmagan qaror» qabul qilinishiga nima turtki bo‘ldi o‘zi?

Avvalo, bugun dunyo bo‘g‘zigacha axborotga botgan zamonda yashayotganimizni unutmaylik. Shunday ekan, bu oqimdan hech qanday kuch, hech kimni chetda yashashga majbur eta olmaydi. Bugun uzoq tog‘ yoki cho‘l yaylovlaridagi cho‘pon ham dunyoning qaysi burchagida qanaqangi muhim xabar va yangilik bo‘layotganidan o‘sha lahzada voqif bo‘ladi. Shunday bo‘lgach, bugun yolg‘on bilan odamlarni aldab bo‘lmaydi. Endi Jahon OAVlari va ijtimoiy tarmoqlar zudlik bilan tarqatishga shoshilayotgan xabarni o‘z xalqidan yashirmoqchi bo‘lgan mus’ul mulozim ham chuchvarani xom sanaydi. Odamlar nodon yoki axmoq emas. Jurnalistni malakasizlikda ayblamoqchi bo‘lgan ayrim janoblar ham Prezidentimiz qayta-qayta ta’kidlayotganidek, endi o‘zlarini o‘zgartirishlari shart.

Jurnalistning malakasi yetarli emas emish. Holbuki, unga to‘siq bo‘lib, «ishdan haydayman, jazolayman, siyosatga qarshi fikrlar aytding», deya jurnalistni malakasizlikda ayblayotgan mulozimlar o‘zlarini tiyishlari kerakka o‘xshaydi. Jurnalist bugun mamlakat Prezidenti qo‘yayotgan adolatni ta’minlashga, xalqning dardlariga malham bo‘lishga, sud-huquq idoralarining ostonasida  adolat va qonuniylikni talab qilayotgan fuqarolarning qonuniy manfaatlari  ta’minlanishiga ko‘maklashmoqda, xolos.

Jurnalist olayotgan maoshi va qalam haqi turmushiga yetmasa ham, farzandlari nochor kiyinib yursa ham, hech kimdan noligani yo‘q. Aksincha, bugungi islohotlarga ko‘z tikib, uni tezroq amalga oshishi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatyapti.

Mamlakat taraqqiyotiga zimdan to‘siq bo‘layotgan va xalqimizning nonini tuya qilayotganlarning basharasini ochmoqchi. Bu xildagi yondashuv korrupsion kuchlarga yoqmasligi aniq. Shu bois ular gazetalar, tele va radiokanallardagi adolat va haqiqatni oshkor qiladigan maqola va ko‘rsatuvlarni ich-ichidan yomon ko‘radi. Oshkora va tanqidiy fikrlarni ularning jini suymaydi-da.

«Mahalla» telekanalining «Xalq bilan muloqot» ko‘rsatuvi ham ana shunday mulozimlarning qahr, g‘azabiga uchradi. Shuning uchun ham kim tomonidan, nima uchun maqola, eshittirish, ko‘rsatuv olib tashlangani ochiq aytilmaydi. Faqat hech kimning nomi aytilmaydigan va almisoqdan qolgan «yuqoridan» deya ishora qilinadi, xolos. Aslida «yuqori»dan hech kim, hech narsa demagan.

Islohotlarga qarshilik

Mamlakat Prezidenti qayta-qayta «Biz og‘ir yo‘lni tanladik. Lekin bu yo‘ldan orqaga qaytmoqning iloji yo‘q. Xalqimizning farovon hayoti yo‘lidagi g‘ovlarga qarshi ayovsiz kurashamiz, xalqimizni rozi qilishimiz kerak, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa qilishi kerak», deyishlari bir to‘da kuchlarga yoqmayapti. Ular qaysi yo‘llar bilan bo‘lsa-da, Prezidentning xalqparvar, adolatparvar islohotlariga zimdan, tish-tirnoqlari bilan qarshilik ko‘rsatmoqdalar. Yana yolg‘on va’dalar, bajarilmagan ishlarni bajardik, deya xaspo‘shlashga urinishlar davom etmoqda. Ozgina haqiqat aytilsa bas, darrov uning tuynugini yopishga urinadilar. Yo‘q joydan ayb qidirib, kerak bo‘lsa, uyushtirib adolatni aytmoqchi bo‘lgan jurnalistni, muharririyatga murojaat qilgan fuqaroni badnom qilish yo‘llari izlanadi.

Haliyam qo‘rqib-pusib, endi-endi rost so‘zni gapirmoqchi bo‘layotgan jurnalistlarga «tepa»da mulozimlar borligi va ular osonlikcha jon bermasliklari ham bor gap. Holbuki, endi jon saqlashning bu xildagi ko‘xna usuli qaridi.    

«Media markaz»dagi hodisa

«Xalq bilan muloqot» ko‘rsatuvining tibbiyotdagi islohotlar va muammolarga bag‘ishlangan maxsus sonida bir yigit «Media markaz»ning baland temir panjarasidan oshib o‘tibdi. Ko‘rsatuv olib borilayotgan studiyaga kirib keldi. Qiyofasidan kimlardandir noroziroq ekanligi ayon edi. Chetdagi o‘rindiqlardan biriga o‘tirib so‘z so‘radi. Biz navbati yetganda unga ham so‘z berishni, mabodo, vaqt yetmay qolgudek bo‘lsa, ko‘rsatuv nihoyasida mutasaddilar uning murojaatini tinglashiga imkon yaratilishini aytdik. Lekin mavzu kengligi, tomoshabinlar va qatnashchilarning savol, murojaatlari ko‘pligi uchun u yigitga so‘z bera olmadik. Ammo ko‘rsatuvdan so‘ng sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari uni qabul qilib, murojaatini tingladi.

Asosiy vahima shundan keyin boshlandi. «Bu odam qanday baland temir panjaradan oshib o‘tgan? Nima uchun aynan shu ko‘rsatuvda qatnashmoqchi? U ko‘rsatuv muallifi Ro‘ziboy Qo‘ldoshevni va boshqa jurnalistlarni tanir emish? Qo‘lida pichoq olib yuradigan odam qanday qilib bu yerga kelib qoldi?» kabi savollar bolalab ketdi.   

Birinchidan, bu odam qush qiynalib o‘tadigan baland panjaradan qanday qilib oshib tushishiga oydinlik kiritaylik. Chunki, teleradiokompaniya hududini yuzga yaqin qo‘riqlash idorasi xodimlari kechayu kunduz nazorat qiladi. Ikkinchidan, hudud atrofini doimiy nazorat qilib turadigan kameralar va ularni kuzatib boradigan rejim xizmati xodimlari bor. Uchinchidan, fuqarolar yillar davomida sud-huquq idoralari xodimlaridan kutmagan adolatni ommaviy axborot vositalari xodimlaridan izlab kelayotgan bo‘lsa, jurnalistning nima aybi bor? To‘rtinchidan, bugungi yaratilgan imkoniyatdan ozroq foydalanib, ko‘rsatuvlari orqali oshkora fikrlarni ozmi-ko‘pmi aytayotgan jurnalist Ro‘ziboy Qo‘ldoshevni tomoshabinlarning tanishi kimlardadir shubha-gumonlar uyg‘otsa, uning uchun tirnoq ostidan kir qidirish kerakmi? Agar ozroq sukut saqlasak, panjaradan oshib tushgan fuqaroga jurnalistlar narvon qo‘yib bergan, deyishdan ham qaytmaydilar. 

Qolaversa, «Xalq bilan muloqot» ko‘rsatuvining oxirgisi — sud-huquq idoralari vakillari ishtirok etgan sonida tomoshabinlar va advokatlar sud, prokuratura idoralari xodimlari faoliyatiga jiddiy, oshkora va tanqidiy fikrlar bildirdilar. To‘g‘ri, ayrim ishtirokchilar biroz qattiqroq va baland ovozda sud-huquq idoralaridan norozi ekanliklarini baralla aytdilar. Ularga qarshi ikkinchi tomon vakillari, ya’ni sudyalar, prokuratura xodimlariga ham o‘zlarining qarshi fikrlarini aytish imkoniyati yaratildi. 

Shunday bo‘lsada, ushbu ko‘rsatuvni muddatidan besh daqiqa oldin to‘xtatishdi. Holbuki, fikrlash va kerakli paytda qaysidir sohadagi kamchilikni tanqid qilib, u tizimdagi muammolarni tuzatish yo‘lidagi harakatlar jinoyat emas. Fikr aytish har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqidir.

Jurnalistning popugini pasaytirish harakati

Ko‘rsatuvda aytilgan tanqidiy fikrlar esa ma’lum tizimdagi kamchiliklarni tuzatishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Qolaversa, bugun mamlakatimizning sud-huquq tizimidagi og‘riqli va ayanchli voqea-hodisalar borasida turli xorijiy OAV va ijtimoiy tarmoqlarda bong urilayotgan bir paytda, hatto sud va prokuraturaning bir necha xodimlari ustidan jinoiy ish ochilgani, qonuniylikni nazorat qilishi, inson huquqlarini himoya etishi lozim bo‘lgan bu tizimda jiddiy kamchiliklar borligi oshkor qilinayotgan bo‘lsa-da,  bizning davlat ommaviy axborot vositalari hech nima bo‘lmagandek mum tishlab o‘tiribdi.

Bugun mamlakat Prezidentining  adolat, haqiqatni qaror toptirishga bosh-qosh bo‘layotgani bois  turli sohalardagi islohotlarning bajarilishidagi to‘siqlarni qiyinchilik bilan bo‘lsada, uni ro‘yi rost aytayotgan jurnalistlar ham bor. Ammo bu jarayonni xushlamayotganlar darhol jurnalistni malakasi yetishmaslikda, etikasizlikda ayblashga urinmoqdalar. Darhol og‘riqli tizimni tanqid ostiga olgan jurnalist baloga qoladi. Yo‘q joydan uning boshiga turli tuhmat toshlari otish yo‘llari izlanadi.

Yoki jurnalist etikasi haqida  qonun qabul qilib, jurnalistning popugini pasaytirish harakatiga tushadilar. Vaholanki, jurnalist etikani emas, korrupsioner amaldorning tinchini buzdi.

Jurnalistning qaysidir amaldorning noqonuniy faoliyatini ommaga oshkor qilishi etikani buzish emas, adolatni qaror topishidagi dadil qadamidir. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda etikani buzgan, fuqarolarni haqoratlab, kaltaklayotgan amaldorlarning qo‘polligi, haqoratomuz harakatlari ko‘payganligi oddiy holga aylanganligi takror va takror aytilmoqda. Shunday bo‘lgach, jurnalist etikasi borasida emas, amaldorlarning etikasi borasida qonun qabul qilish fursati yetganligi haqida bong urish fursati yetdi, deb o‘ylayman.

Kezi kelganda aytay, O‘zbekistonda malakali jurnalistlar juda ko‘p. Faqat ularga xalaqit bermaydigan, gazetalar va telekanallar faoliyatiga aralshmaydigan mard va vatanparvar mulozimlar kerak. Men vatanparvar so‘ziga alohida e’tibor qaratyapman. Chunki, bugungi sinovli damlarda mamlakatni vatanparvar va fidoyi rahbarlargina  nurli manzillarga olib bora oladi. Ular vaziyatni o‘z paytida ommaga oshkor va ro‘yi rost ayta oladilar. Vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlaydilar. O‘shanda  xalqimizga o‘zi xohlayotgan jamiyatda yashash baxti nasib etadi. Ana o‘shanda millionlab tomoshabin kutayotgan «Xalq bilan muloqot» ko‘rsatuviga o‘xshash dasturlar ogohlantirishsiz efirdan olib tashlanmaydi. Millionlab tomoshabinlarga  hurmatsizlik qilinmaydi.

Jurnalistlar o‘rtasida ahillik yo‘q

Shu o‘rinda yana bir og‘riqli muammoni aytishim kerak. Jurnalistlarimiz o‘rtasida birlik, hamjihatlik, ahillik yo‘qligining isbotini ko‘raverib, hafsalamiz pir bo‘ladi doim. Masalan, televideniyeda xuddi bizning ko‘rsatuvimiz bilan bog‘liq ko‘ngilsiz voqealarga o‘xshash holatlar boshqa OAVlarda sodir bo‘lmayaptimi? Asossiz ravishda  maqolalar, eshittirish yoki ko‘rsatuvlar olib tashlansa, qachongacha hammamiz tomoshabin bo‘lib o‘tiramiz? Qani oxiri qanday tugarkin, hamkasbimizning holi ne kecharkin, deydiganlar oramizda, afsuski, kam emas-da.

Ana shunday vaziyatda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi o‘z vakolatidan kelib chiqib, yuzaga kelgan muammoga aralashishi vaqti kelmadimi? Ko‘ryapmiz-ku, boshqa o‘lkalarda, jurnalistlar ittifoqi yoki uyushmasi har qanday holatda (bahsli, munozarali muammo tug‘ilgudek bo‘lsa) OAV vakillari ishtirokida matbuot konferensiyalari tashkil etadi. Bizda esa aksi... tuppa-tuzuk chiqib turgan gazeta-jurnal chiqmay qoladimi, yopilib ketadimi, biror jurnalist nohaq ayblanadimi, baribir, shu paytgacha hech kim miq etgani yo‘q... Demak, bu borada ham islohotlar o‘tkazish fursati yetib keldi.

«Xalq bilan muloqot»ning taqdiri nima bo‘ladi?

«Xalq bilan muloqot» ko‘rsatuvining taqdiri nima bilan tugadi, deysizmi? Hozircha avval studiyada yozib olinib, obdon montaj qilinganidan keyingina efir yuzini ko‘rmoqda. Tasavvur qiling, bugun dunyo telekanallari o‘z mahsulotlarining 80-90 foizini jonli tarzda namoyish etayotir. Boisi, buning qator afzal jihatlari bor. Avvalo, jonli ko‘rsatuvda tomoshabin studiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lanib, savol, taklif aytish unga o‘sha vaqtning o‘zida javob olish imkoniga ega bo‘ladi. Ikkinchidan, ko‘rsatuvni oldindan yozib olishga ketadigan sarf-xarajatlar keskin kamayadi. Masalan, bizda oddiy studiyani tayyorlash uchun har soatiga 145.680 so‘m, tasvirga olishning har bir soatiga esa (bitta ko‘rsatuv kamida 5 soat yoziladi) 177.752 so‘m sarflanadi. Hali bunga tashqarida tasvirga olish ishlari, kamera va nihoyat montaj uchun ajratiladigan xarajatlarni qo‘shsak, eh-ye, qancha mablag‘ ishlatiladi? Endi o‘ylang, bu jarayonda kim yutyaptiyu, kim yutqazyapti?

Shuncha sarf-xarajatlarning oldini olishning birdan bir yo‘li jonli ko‘rsatuvlarni ko‘paytirishdir. Buning ustiga MTRKning bugungi iqtisodiy ahvoli inqiroz yoqasida ekanligini ham unutmaslik kerak!

Prezident qarorining ijrosi nima uchun ta’minlanmayapti?

Boz ustiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 avgustdagi «Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha sharoitlar yaratish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinganiga ikki yilga yaqin vaqt o‘tayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida uning ijrosi ta’minlanmadi. Qarorda «O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, televideniye va radio kanallari orqali beriladigan materiallar uchun haq to‘lashning eng kam stavkalari – 3 ilovaga muvofiq belgilansin va 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab amalga kiritilsin», deyilgan bo‘lishiga qaramay, haligacha teleradokompaniyada Prezident Qarorining ijrosi e’tiborsiz qoldirilmoqda. Haligacha O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining 2013 yil qabul qilingan 118-buyrug‘i bo‘yicha ijodiy xodimlarga qalam haqi to‘lanyapti. Holbuki, teleradioijodkorlar bugun oylik maosh va qalam haqini eng kam oladigan, moddiy jihatdan bechora qatlamga aylanib ulgurdi. Bir yilu uch oydan buyon oshirilgan qalam haqini ololmay yurgan ijodkorlar uni kimning hisobidan undiradi, Prezident qarorining ijrosi nima uchun ta’minlanmayapti? Bu kabi savollarga ko‘p ming sonli teleradioijodkorlari huquqni himoya qilish idoralari xodimlarining adolatli xulosalariga umid qilib yashamoqdalar.

Yana bir voqea: teleradio xodimlari  yillar davomida bayramlar munosabati bilan beriladigan bayram pullaridan mosuvo qilingan edi. Yaqin orada ozgina bo‘lsada, bayram puli berilishi yo‘lga qo‘yilganidan do‘ppimizni osmonga otgan edik. Tilab olgan bolamni echki tepib o‘ldirdi, deganlaridek bu yilgi Navro‘z bayramida yana pulsiz qoldirildik. Eshitishimizga qaraganda, ayni damlarda Milliy teleradiokompaniyaning 20 milliard so‘m qarzi bor ekan.  

Xullas, bu hali hammasi emas, xamir uchidan patir, xolos. Qolaversa, so‘z erkinligini ta’minlash, adolatni qaror toptirishda qonuniylik, xolislikning o‘rni  muhimdir. Ana o‘shanda xalqimiz har xil mish-mishlarni xorijiy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali emas, o‘zimizning matbuot va telekanallar orqali bilish imkoniga ega bo‘ladilar. Ana o‘shanda haqiqatni aytgan jurnalist malakasi yetishmaslik va etikasi yo‘qligi kabi noo‘rin ayblov va tuhmatlardan  qutiladi, deb o‘ylayman.

Ro‘ziboy Qo‘ldoshev, telejurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring