Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

2019 yilda reytingda qatnashadigan maktablar ro‘yxati e’lon qilindi

2019 yilda reytingda qatnashadigan maktablar ro‘yxati e’lon qilindi

Foto: «Xabar.uz»

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi 2019 yilda reytingda qatnashadigan maktablar ro‘yxatini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning «Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumta’lim muassasalari reytingini tuzish, reyting yakunlarini keyingi o‘quv yili boshlanishidan kechiktirmay e’lon qilish vazifasi yuklatilgan.

Ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan 2019 yil 30 yanvar kuni Davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligining videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda joriy yilda reyting jarayoniga jalb qilinadigan umumta’lim muassasalarini tanlab olish, reytingga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish, nazorat ishlari o‘tkaziladigan fanlar va nazorat turlari belgilab olindi.

Yig‘ilish qaroriga ko‘ra, joriy yilda quyidagi 3 ta ko‘rsatkich (indikator) bo‘yicha maktablar reytingi tuziladi:

  • «9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi ko‘rsatkichi»;
  • «Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi»;
  • «Ijtimoiy so‘rov natijalari».

Belgilangan tartibga ko‘ra, reytingda ishtirok etish uchun Respublika bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi barcha tuman (shahar)lardan o‘rtacha 10 foiz maktablar tanlab olinadi. Tanlangan har bir maktabning bir nafar 9-sinf o‘quvchisi qur’a tashlash yo‘li bilan sinovlarda ishtirok etadi. Ushbu sinovlarda jami 30 ming nafar o‘quvchining ishtirok etishi kutilmoqda.

Joriy yilda reytingga jalb qilinadigan umumta’lim muassasalari ro‘yxati ularning umumiy soniga nisbatan 10 foiz miqdorda tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan shakllantiriladi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartiga muvofiq, umumta’lim fanlarini o‘rganishning A2 tayanch darajasida belgilangan talab bo‘yicha 9-sinf o‘quvchilari uchun reyting o‘tkazishda «Ona tili» fanidan 125-140 so‘zdan iborat diktant yozilishi va «Matematika» fanidan 4 ta misol va 1 ta masaladan iborat yozma ish olinishi belgilandi.

Umumta’lim maktablarining reytingini aniqlash bo‘yicha hududiy ishchi guruhlar tarkibi Davlat inspeksiyasi xodimlari, Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlaridagi ta’lim sifati monitoringi sho‘basi xodimlaridan iborat bo‘ladi.

Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan yozilgan diktant va yozma ishlar Respublika ta’lim markazi tomonidan ishlab chiqilgan baholash mezonlari asosida ekspertlar tomonidan tekshiriladi.

Shu bilan birga 2019 yildan boshlab umumta’lim muassasalari 9-sinf bitiruvchilarining bilim darajasi «PISA» xalqaro baholash dasturi talablariga muvofiq baholanishi tajriba-sinov tariqasida amalga oshiriladi.

Reytingda qatnashadigan maktablar ro‘yxatini ushbu havola orqali yuklab olish mumkin.

Maktablar reytingini tuzish jarayoni haqida ushbu manzil orqali ma’lumot olish mumkin.

Inspeksiya matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hozirda maktab reytingiga mo‘ljallangan vebsahifa ustida ishlar olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring