AKTga ixtisoslashtirilgan maktabga yangi direktor tayinlandi

AKTga ixtisoslashtirilgan maktabga yangi direktor tayinlandi

Foto: «Facebook» / AlKhorezmiySchool

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Axborot kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabga yangi direktor tayinlandi. Bu haqda maktabning «Feysbuk» tarmog‘idagi rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Xabarda aytilishicha, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining buyrug‘iga binoan 2018-yilning 13-yanvaridan Amirulla Abdullayev Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabga direktor etib tayinlandi. Bungacha ushbu vazifani Faridon Usmanov bajarib kelayotgan edi.

A.Abdullayev bungacha Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshidagi Uzluksiz ta’lim markazi menejeri lavozimida ishlab kelayotgan edi. U o‘qituvchilarni ingliz tili bo‘yicha tayyorlash bo‘yicha Ukraina, AQSh, Germaniya, Yaponiya, Italiya, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniyada ishlagan. 

«Xabar.uz» ma’lumoti:

Amirullo Abdullayev 1980-yilning 23-dekabrida tug‘ilgan.

1997—2001-yillarda Guliston davlat universitetining chet tillar fakultetida o‘qigan.

2002-yildan 2006-yilgacha Britaniya kengashining loyihasi doirasida harbiylarni ingliz tili bo‘yicha o‘qitishda qatnashgan. Vestminster universiteti tayyorlov kurslarida faoliyat ko‘rsatgan.

2008—2010-yillarda Yaponiyaning Xirosima universiteti magistraturasida oliy ta’limni boshqarish yo‘nalishida tahsil olgan.

2010-yili Turin politexnika universitetida o‘qituvchilik sifatida ish boshlagan, u bu yerda ham tayyorlov kurslarini tashkil etgan.

2015-yilning sentyabr oyidan Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshidagi Uzluksiz ta’lim markazi menejeri sifatida ishlab kelayotgan edi.

Ingliz va yapon tillarini biladi. 

IELTS 8,0 — xalqaro sertifikatiga ega.

Oilali, 2 nafar farzandi bor.

Eslatib o‘tamiz, ixtisoslashtirilgan maktab O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 14-sentyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan. Maktab o‘quvchilari davlat umumiy o‘rta ta’lim standartlari asosida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb qilgan holda matematika, fizika, informatika va chet tili fanlarini chuqur o‘zlashtirishadi. Maktab nizomiga ko‘ra, ta’lim o‘zbek tilida olib boriladi.