Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijon davlat universiteti Turkiya OTMlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

Andijon davlat universiteti Turkiya OTMlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda

Andijon davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Baxtiyor Rasulov hamda filologiya fakul’teti dekani Bahodir Rahmonovlar akademik va ilmiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida Turkiya Respublikasida bo‘ldi. Bu haqda universitet matbuot xizmati ma’lum qildi. 

Safar davomida delegatsiya vakillari Anqara hamda Gazi universitetlariga tashrif buyurib, u yerdagi o‘quv jarayoni va universitetlar moddiy texnik bazasi bilan tanishdilar, akademik va ilmiy hamkorlik masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bordilar. Muzokaralarda ikki tomon uchun ham manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatish muhokama qilindi va ayrim masalalarda ilk kelishuvlarga erishildi.

Xususan, Anqara davlat universitetiga tashrif chog‘ida akademik almashinuv (talabalar va professor-o‘qituvchilar) dasturini amalga oshirish, kimyo yo‘nalishida tadqiqot olib borayotgan doktorantlarni Erasmus+ dasturi doirasida 1-3 oylik malaka oshirishlarini tashkil etish, shuningdek, hamkorlikda konferensiya, festival va seminarlarni tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi. Joriy yilning aprel oyida Anqara universiteti delegatsiyasining Andijon davlat universitetiga tashrif buyurishi va ushbu tashrif davomida hamkorlik dasturlarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishish rejalashtirilmoqda.

Gazi universiteti bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar ham juda muvaffaqiyatli kechdi deyish mumkin. Gazi universiteti ilmiy ishlar prorektori, professor Yashar Aydemir bilan uchrashuvda pedagogika, musiqa ta’limi va jismoniy madaniyat yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma dasturlar (bakalavrlar uchun 2+2, magistranlar uchun 1+1, tegishlicha O‘zbekiston va Turkiyada) ochish, shuningdek, doktorantlar almashinuvi bo‘yicha shartnoma shartlari hamda ikkala oliygoh rektorlarining shartnomalarni imzolash bilan bog‘liq masalalar kelishib olindi.

Jahon iqtisodiy forumi tomonidan Turkiya eng yaxshi tadqiqot institutlariga ega mamlakatlar 20 taligiga kiritilgan, Anqara va Gazi universitetlari esa 2018-yilda QS – Quacquarelli Symonds World University Rankings tashkiloti tomonidan e’lon qilingan oliy ta’lim muassasalari reytingida mos ravishda 806- va 832-o‘rinlarni, Turkiya oliy ta’lim muassasalari ichida esa 5- va 6-o‘rinlarni egallagan. 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring