Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Endi bog‘chalarni ham «sirli mijoz» tekshiradi

Endi bog‘chalarni ham «sirli mijoz» tekshiradi

Foto: «Xabar.uz»

Maktabgacha ta’lim muassasalari – bog‘chaga bolasini bergan ota-onalar yaxshi biladi, bu osonlikcha bitadigan ish emas. Ko‘pchilik shu jarayonda korrupsiyaviy holatlarga, ya’ni ta’magirlikka duch keladi.

Mazkur soha bugungi kunda zamon talabiga muvofiq faoliyat yuritish, tizimda qonuniylikni ta’minlashga intilish kuchaygani quvonarli. Adliya va Maktabgacha ta’lim vazirliklari bog‘chalarda qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha yangi tashabbusni ilgari surdi, deb xabar bermoqda «O‘zA».

— Bog‘chalar faoliyatida huquq ustuvorligini ta’minlash, korrupsiyaviy omillarning oldini olish maqsadida Adliya va Maktabgacha ta’lim vazirliklari qo‘shma ko‘rsatma imzoladi, — deydi Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara O‘rinboyeva. — Endilikda, bog‘chalarda yuzaga kelayotgan qonunni buzish omillarning oldini olish va bu borada mas’ul xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha bog‘chalarda o‘rganishlar o‘tkazish uchun vazirliklar hamda ularning quyi tizimlari hamkorligida ishchi guruhlar tuziladi.

O‘rganishlarda bolalar sonining muassasa qamroviga nisbatan holati, ularda ovqatlanishni tashkil etish hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqligi, bog‘cha xodimlarining mehnat intizomiga rioya qilishi singari jihatlarga e’tibor beriladi.

Ishchi guruhlar bog‘chalarni o‘rganish jarayonida tegishli hujjatlarni talab qilish, aniqlangan holat yuzasidan mas’ul xodimlarni chaqirtirish, ulardan tushuntirishlar olish, zarur hollarda mutaxassislar jalb qilish, ular bilan birgalikda tekshirish o‘tkazish, o‘rganish natijalari bo‘yicha aybdor xodimlarga chora ko‘rish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kabi vazifalarini bajaradi.

Bundan tashqari, ishchi guruhlar tomonidan Davlat xizmatlari markazlari orqali bog‘chalarga yo‘llanmalarni berish jarayonini o‘rganish maqsadida muntazam ravishda «sirli mijoz» tadbirlari o‘tkazib boriladi.

Adliya vazirligi xodimlari Maktabgacha ta’lim vazirligi rahbariyatini ogohlantirgan holda bog‘chalarda reyd o‘tkazishi mumkin.

Bog‘chalarda qonuniy faoliyat yo‘lga qo‘yilishi jamiyatning, qolaversa har bir oilaning sa’y-harakatlari va nazoratiga bog‘liq. Shuning uchun Adliya vazirligi barcha fuqarolarni ushbu ezgu maqsad va farzandlarimizga munosib tarbiya berishni ta’minlash yo‘lida hamkorlikka chaqiradi. Bog‘chalarda yuz berayotgan noqonuniy holatdan xabar topsangiz ishonch telefonlariga xabar qiling.

Eslatib o‘tamiz: Adliya vazirligi ishonch telefoni — 1008; Ijtimoiy-iqtisodiy sohada huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi — 0-(371)-236-79-24; Maktabgacha ta’lim vazirligining ishonch telefoni — 0-(371)-215-52-79.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring