Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Farrux 10 daqiqada SamDU abituriyenti bo‘ldi

Farrux 10 daqiqada SamDU abituriyenti bo‘ldi

Foto: DXA Navoiy viloyati boshqarmasi

Bugundan Davlat xizmatlari agentligining hududlardagi davlat xizmatlari markazlariga yoshlar, aniqrog‘i abituriyentlar Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirishga kela boshladilar.

Navoiy shahar Davlat xizmatlari markazi. Navoiylik Farrux Husanov Samarqand Davlat universitetiga bundan ikki yil avval ham hujjat topshirgan edi, faqat Samarqandning o‘ziga borib... Joriy yil abituriyentlarga berilgan imkoniyatlardan u rosa quvondi. Yo‘l ovoragarchiligi-yu, vaqt isrofi, ayniqsa pul sarflanishi tejalganidan mamnun. Bundan tashqari, u joriy yil yaxshi tayyorlandi, to‘playdigan bali uchta OTMdan biriga o‘tishiga astoydil ishonadi. Ha-ya, Farrux 10 daqiqa ichida bor-yo‘g‘i uchta hujjat bilan DXMdan SamDU abituriyentiga aylanib, chiqib ketdi.

Nurota tumani davlat xizmatlari markazi. Nurotaning  Sentobsoyida yashovchi Yaxshigul Safarova uch yildan buyon xuquqshunos bo‘lishini istab, OTMlarga hujjat topshiradi.

— Joriy yil o‘qishga kirish imkoniyati ko‘proq, belgilagan uchta OTMning hech qursa birida omadim chopar, — deydi Yaxshigul. — O‘tgan yili ham shu markazga kelib, Toshkent Davlat yuridik universtetiga hujjat topshirgan edim. Bu yil ham o‘z iqtidorimni sinab ko‘ray. Markazdan hujjat topshirish qulay. Ko‘p vaqtingiz ketmayodi. Qolaversa, bizning Sentob qishlog‘i qayerdayu, Toshkent qayerda... Yo‘lning uzoqligini aytmaysizmi. Man ishonaman, hali yurtimizda xorijdagidek masofadan turib imtihon topshirish davri ham keladi.

Konimex tumani Davlat xizmatlari markazi. Tumanning  «Birlik» mahallasida yashovchi Askar Abdullayev umumta’lim maktabini ham, kollejni ham qozoq tilida tahsil olib tamomladi. Qabulning birinchi kuni markazdan turib, Qoraqalpoq Davlat universitetiga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirdi. Hammadan ham ota-onasining quvonchi cheksiz. Boisi ular endi avvalgi avloddek, mehnat ta’tili olib, bolasining hujjatini topshirish uchun uzoq yo‘l bosib, Nukus shahriga bormaydilar. O‘qishga hujjat topshirish tumanning o‘zida hal bo‘ldi. Askar Abdullayev aytishicha, u fuqarolik pasporti, kasb-hunar ta’limi muassasini tugatganligi haqidagi diplomi, imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjatning asl nusxasini markaz xodimiga  taqdim etdi, xolos. 15 daqiqada davlat test markazlari uchun undiriladigan yig‘imni to‘lab, ma’lumotlar rasmiylashtirilgan  so‘rovnomaning bir nusxasini olib ketdi.

Davlat xizmatlari markazi xodimlarining ta’kidlashicha, mazkur davlat xizmati turi bo‘yicha fuqarolarning o‘zlari ham yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi kuzatilmoqda.

Rustam Qarshiboyev, 
Farrux Ro‘ziyev,
DXA Navoiy viloyati boshqarmasi maslahatchilari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring